Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Pichugin ko‘prigi

Taniqli  rus  yozuvchisi Yevgeniy Andreyevich Permyak (Vissov) 1902-yilda tug‘ilgan.  “Kim bo‘lish kerak?” (“Кем быт”) nomli ilmiy ommabop  romani bilanoq el og‘ziga tushgan  yozuvchi  bolalarga  ham   “Kulrang  bo‘ri haqida   ertak”, “Qari alvasti”, “Mavrikning  bolaligi”, “Bukri ayiq”, “Terra-Ferro  mamlakati haqida  ertak”, “Buvim to‘qigan  to‘rlar” kabi  ko‘plab  kitoblar yaratgan. Yevgeniy Permyak 1982-yilda Moskvada vafot etgan.

 

PICHUGIN KO‘PRIGI

Bolalar  maktabga  kelayotib, yo‘l-yo‘lakay  qanday  qilib  qahramon bo‘lish, odamlarning  havasini  keltirish  to‘g‘risida  o‘zaro  bahslashishardi.

–  Eng zo‘r  jasorat bu – yong‘inda  qolgan  uydan   chaqaloqni  sog‘-salomat  olib  chiqish! –  dedi  bir  bola og‘zini  to‘ldirib.

– Qaniydi  daryodagi   eng katta baliqni tutib  olsam, bir  zumda   hammayoqqa  ovoza  bo‘lardim, – orzu qildi ikkinchisi.

–    Eng yaxshisi, oyga uchish kerak, – dedi  uchinchi  bola  osmonga tikilib. – Shunda seni butun dunyo taniydi.

Bunday  bahslarga  Syoma  Pichugin  qo‘shilmas, jimgina  odimlardi. U og‘ir-bosiq, kamgap bola edi. Barcha bolalar singari Syoma ham maktabga qisqa yo‘ldan – tezoqar irmoq yoqalab borishni yoqtirardi. Biroq qiya tepaliklardan oqib keladigan bu irmoqchadan sakrab o‘tish oson emasdi. O‘tgan yili bir  bola irmoqdan sakrab o‘tayotganda suvga tushib ketdi. Qo‘rqib  ketganidanmi, yoki  sovuq suv ta’sir qilganmi,  naq  o‘n  kun kasalxonada  davolandi. Bu yil qishda ham ikkita qizcha muzlagan irmoq ustidan o‘tayotganda, muz sinib, pastga tushib ketishdi.  Garchi  ular  suvdan  eson-omon chiqishgan  bo‘lsa-da, qishloqda  shunaqangi  vahima  ko‘tarildi-ki...

Shundan so‘ng bolalarga irmoq yoqalab yurish, irmoqdan sakrab o‘tish ta’qiqlandi. Ammo,  yonginasida maktabga olib boradigan yaqingina yo‘l turganda, butun bir  qishloq oralab  maktabga  qatnash  kimga  yoqardi?  Yaxshisi... Syoma Pichugin  xayoliga  kelgan  fikrdan  xursand  bo‘lib  ketdi – yaxshisi,  irmoq   ustiga  ko‘prik qurish kerak. Ana shunda  hammasi   osongina  hal  bo‘ladi qo‘yadi.  U  darsdan  qaytib  uyga  borgach,  bobosining o‘tkir boltasini  olib  kelib, irmoq  qirg‘og‘idagi  qurigan daraxtni kesishni boshladi.

Biroq ikki kishining  qulochi yetmaydigan bu azamat  daraxtni  yiqitish  oson  emas edi. Syoma bunga naq ikki  kun ovora  bo‘ldi. Qo‘llari  qavardi,  oyoqlari  charchoqdan titradi. Nihoyat,  keksa daraxt gurs etib, irmoq ustiga  quladi. Va bip-binoyi  ko‘prik bo‘ldi  qo‘ydi. Lekin  daraxtning  tarvaqaylagan  shoxlari   yurishga  xalaqit berardi. – Ularni  butab tashlayman, – Syoma  ana shu maqsadda  yana  boltani  qo‘liga oldi. Inqillab-sinqillab, tushgacha unnab, shoxlarni kesib  tashladi. Peshonasidagi terni artib, qaddini rostladi-da, “ko‘prik”dan yurib  ko‘rdi. – E, o‘xshamabdi. Ushlaydigan  shox  qolmagani  uchun yurish battar qiyinlashibdi! Tik  turib  yuraman  desang, yiqilasan. Ayniqsa, qor yog‘ib, sovuq turganda.

Syoma  bir  muddat   o‘ylanib qoldi. Keyin   ilojini  topdi, shekilli, chehrasi  yorishdi. U ko‘prikning ikki  chetiga  shoxlardan panjara o‘rnatishga kirishdi. Bu ishda unga bobosi yordam berdi. Juda bejirim   ko‘prik chiqdi.  Avval  bobosi bilan  o‘zi,  keyin  bolalar ko‘prikdan  uyoqdan-buyoqqa  o‘tib ko‘rishdi… Syomaning  ko‘prigi haqida  bir  zumda  hamqishloqlar ham  xabar  topishdi.  Asta-sekin faqat bolalar emas, kattalar ham  shu ko‘prikdan yuradigan bo‘ldi. Agar kimda kim guzarga  ko‘prikdan  o‘tmasdan, aylanib katta  yo‘ldan  bormoqchi bo‘lsa, unga:

–    Hoy dovdir, tayyor ko‘prik turganda, kvas ichish uchun yetti chaqirim yo‘l yurib  bormoqchimisan?! O‘zingni charchatmasdan   Pi­chu­gin ko‘prigidan o‘ta  qolmaysanmi, – deydigan bo‘lishdi. Shu tariqa Syoma  qurgan  ko‘prik  uning  familiyasi bilan  “Pichugin  ko‘prigi”  deb  ata­la boshladi. Oradan yillar o‘tdi. Pichugin ko‘prigi o‘rniga betondan mustahkam ko‘prik qurishdi. Ammo, shundan keyin ham ko‘prik nomi o‘zgarmadi. Haligacha bu ko‘prik Pichugin  nomi bilan tilga olinadi. Ko‘prik nomini o‘zgartirish haqida hech kim o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz!

Rus tilidan

Mubina  Tohirboyeva  tarjimasi.

Yashnobod tumanidagi 152-maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.