Qalbim toʻrida
Respublika bolalarining sevimli jurnali “Gulxan”ning asl maqsadi – Oʻzbekiston bolalarining hayoti, qiziqishlari, orzu-istaklari, adabiyot va sanʼatga, bilim olishga qiziqishini oshirishdan iborat boʻlgan. Hozir ham shunday.
Respublikamizda bu jurnalni oʻqimay katta boʻlgan birorta bolani topish amri mahol. Men ham oʻz umrimning 36 kuni kam besh yilini shu mehribon jurnalga bagʻishlab, bilimga chanqoq bolajonlarim bilan birga nafas olganman. Hozir ham shu buloqdan suv ichaman.
1977-yil 5-sentabrda boshqa ishga oʻtganim munosabati bilan jurnaldan ketganim hanuz esimda. Yoʻq, adashdim, jurnaldan ketganim yoʻq, hozir ham qalbim toʻrida shu jurnal turadi. Uning faol muxbiriman. Shu besh yil ichida jurnalning 60 ta soniga imzo chekkanman. Jurnalning har bir yangi soni chiqquncha, ustoz murabbiylarga murojaatlarimiz, suratga oluvchilar, rassomlar bilan tortishuvlar, tahririyat xodimlari, jurnal faollarining qalb harorati bilan izlanishlarini soʻz bilan taʼriflay olmayman. Kamina jurnal geografiyasi keng, saviyasi yuqori, mazmuni esa yanada boy boʻlishi uchun oʻsha paytda sobiq Ittifoq poytaxti – Moskvaga borib, taniqli rus ijodkorlari Sergey Mixalkov, Zoya Voskresenskaya, Ittifoq bolalar jurnalining Bosh muharriri Stanislav Furin va boshqa koʻplab mashhur adiblar xonadonida boʻlib, materiallar olib kelganim ham yodimda. Mashaqqatli kunlar jurnal chiqqach rohatga aylanar, charchoq yoʻqolardi. Yaxshi gaplar eshitsak, yayrab ketardik va yana kelgusi son uchun “kurash” boshlanardi. Yaxshi chizilgan rasmlarni koʻrib, bahri dilimiz ochilardi. Qaysi xodim, qaysi rassomni eslamay, ularga mehrim yanada ortadi.
Oʻsha oʻtgan besh yilda men bilan birga jurnalni oʻqishli boʻlishi uchun izlangan, charchashni tan olmaydigan aziz, mehnatsevar xodimlarga, men bilan qalb qoʻrini ayamay sarflagan faollarimizga boshim yerga yetguncha taʼzim qilaman. Ularning zahmatlari mevasi – jurnalning adadi besh yil ichida 350 mingdan 650 ming nusxaga yetgan edi. Bizga madad bergan oʻsha davr bolalari bugungi kunda taniqli olim, yaxshi mutaxassis, davlat arbobi, shoir va rassom. Ular bilan faxrlanaman. Ularning bari “Gulxan” daraxtining mevasidan bahramand boʻlishgan. Bu tahririyatdagi halollik, poklik chashmasidan suv ichishgan.
“Gulxan”chilar: Narimon Orifjonov, Abdujalil Zokirov, Zafar Komilov, Tojiboy Oʻrinboyev, Anatoliy Siglensev, Mirvosil Odilov, Temur Ubaydullayev, Shavkat Turob, Muhabbat Hamidova, Vasila Poʻlatova va oʻsha davrda biz bilan birga boʻlgan tahririyat aʼzolaridan olima Muzayyana Alaviya, shoirlar Shuhrat, Poʻlat Moʻmin, yozuvchilar Hakim Nazir, Toʻxtasin Jalolov, rassomlar Javlon Umarbekov, Alijon Xoliqov, Roʻzi Choriyev, bastakorlar Anor Nazarov, Avaz Mansurov va boshqa hamfikr doʻstlarimizni eslaymiz.
Men, umrimning eng masʼuliyatli, ammo barakali va quvonchli damlarini hadya etgan “Gulxan”dan minnatdorman.
Toʻlqin QOZOQBOYEV,
jurnalning 1972–1977-yillardagi
Bosh muharriri