Tashakkur
Men “Gulxan” jurnaliga 1964-yilning 23-fevralida bosh muharrir etib tayinlandim. “Gulxan” esa bolalar dunyosida oʻz obroʻsiga ega boʻlgan baquvvat jurnal. Bu tahririyatga qadam qoʻyganimda hali yosh, oʻta joʻshqin edim. Mirzachoʻlda yoshlar yetakchisi boʻlib ishlab, hayotning oʻziga xos achchiq-chuchugini totib kelgan edim. Men “Gulxan”ga qaynoq muhabbat, oʻtli ishq bilan kirib keldim. Shu ishq tufayli yangi lavozim qiyinchiliklarini yengdim. Jamoa bilan til topishdim. Oʻzim uchun hurmatli sanalgan yangi eshikni ochdim. O, bu eshikning narigi yogʻi naqadar murakkab edi... Shukrkim, men ishlagan yillari jurnal saviyasi yuqoriga koʻtarilsa koʻtarildiki, pastga tushmadi.
“Gulxan” men uchun shunisi bilan qadrliki, u meni bir umr bolalar olami bilan bogʻladi. “Qalbingni shu olamga baxshida et”, deya qoʻlimga qalam tutqazdi. Ulugʻ Gʻayratiy, Maqsud Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy, Zulfiya, Shuhrat domla maslahatlaridan, bevosita yordamlaridan bahramand etdi. Javlon Umarbekov, Bahodir Jalolov, Habibulla Rahmatullayev kabi rassomlar koʻz oʻngimda kamol topishdi. Narimon Orifjonov, Anatoliy Siglinsevlar naqadar fidoyi edilar... Ular orasida yana bir ajoyib ijodkor bor ediki, “Gulxan”ni xuddi oʻzlarining ikkinchi uyidek, bu yerdagilarni esa oʻz ukalari, oʻz farzandlaridek koʻrardilar. Ular hamisha xonamga kirib hol-ahvol soʻrar, ish yuzasidan tugʻilgan savollarimga javob berardilar. Bu kishi oʻsha paytlarda goʻzal sheʼrlari bilan el tiliga tushgan shoir Hayriddin Saloh edi. Hayriddin Saloh “Gulxan”da berilib ishlardi. U yoshlar sheʼriyatida Erkin Vohidov, Sayyor, Yusuf Shomansur kabi porlab chiqdi. Lirikaga boy edi uning ijodi. U sheʼriyatda hali aytilmagan gaplarni aytishga urinar, yangi tasvirlar topishga intilardi. Oʻsha paytdayoq uning oʻz oʻquvchilari, asarlarini sevgan muxlislari bor edi.
“Gulxan”ga muharrirlik qilgan yillarim men uchun juda azizdir. Men ochiq yuz, koʻngil xotirjamligi, dilim pokligi bilan unga tashakkur, deyman. Yana unga meni shu kecha-kunduzda ham yoʻqlayotgani, mehri va eʼtiborini berayotgani, yangi hikoyalar yozishga daʼvat etayotgani uchun ham tashakkur aytaman.
Yayra SAʼDULLAYEVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, jurnalning
1964–1971-yillardagi Bosh muharriri