Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qiz bolaning husni

Mukarram aya mehmondan qaytganda nabirasi Malika unga peshvoz chiqdi.

– Assalomu alaykum, yaxshi keldingizmi, – buvisining qo‘lidagi tugunni oldi Malika. – Buvijon, charchadingizmi yoki birov xafa qildimi, negadir xomush ko‘rinasiz? – so‘radi hovlidagi kursiga ohistagina o‘tirgan buvisining chehrasiga xavotirlanib qaragancha.

– Baraka top, bolam, hammayoqni chinniday qilib qo‘yibsan-a, aslida ham, qizi bor uy shunday bo‘lishi kerak-da, – chiroyi yorishdi Mukarram ayaning. – Ammo bugun dugonang Nargizalarnikiga borganimda, shu saranjomlikni ko‘rmadim. Axir u ham sen bilan tengdosh, o‘n uchga kirdi, to‘g‘rimi? Darvozadan o‘tiboq hovlidagi pala-partishlikni ko‘rib dilim xira tortdi. Shukrki, uchib-qo‘nib kutib olgan Nazira buvingni muomalasidan keyin bu dilxiralik ancha esimdan chiqdi. O‘rtog‘im bilan mehmonxonada gaplashib o‘tirdik. Dugonang ham shu yerda televizor tomosha qilayotgan ekan. Bir vaqt televizorning ovozini shunday balandlatib yubordiki, cho‘chib ketdim.

– Tinchlikmi, Nargiza, bu nima qilganing? – koyib berdi buvisi.

– Tinchlikmas, necha marta aytdim sekinroq gapiringlar, qo‘shiqni eshitolmayapman, deb. Parvoyingizga keltirmadingiz. Shuning uchun televizor ovozini ko‘tardim-da, – dedi Nargiza xo‘mrayib. Keyin hech narsa bo‘lmaganday bemalol televizorini ko‘raverdi. Buvisi nabirasining betgachoparligidan xijolat bo‘ldi shekilli:

– Nargiza qizim sal erkaroq-da, yuring o‘rtoq, hovlida – so‘rida o‘tirib qaymoqlashaylik, – deb meni tashqariga yetakladi.

Nargizaning oyisi ishda ekan. Taxta karavotdagi ko‘rpachalarni ham Nazira buving ikkalamiz qoqib-suqib qaytadan soldik.

– O‘rtoq, qiz o‘nga kirsa, ona songa kiradi, nabira qizingizni ishga o‘rgatmabsiz-da, oyisiga ham ko‘makchi bo‘lardi, – dedim astoydil xafa bo‘lib.

Gapimni uydan chiqib kelayotgan Nargiza tushmagur eshitib qolibdi.

– Buvi, birovni orqasidan yomonlash gunoh bo‘ladi derdingiz, ana Mukarram buvim meni yomonlab o‘tiribdilar-ku. Nega indamaysiz, bo‘pti yomonlayveringlar, hozir choy damlab kelaman, yomonlab-yomonlab ichaverasizlar, – desa bo‘ladimi! Nazira mendan, men undan uyalib ketdim. Bu gapdan keyin tomoqdan choy o‘tarkanmi. O‘rtog‘im bilan hovlidayoq xayrlashdim. Dugonangning muomalasini o‘ylab uyga qanday qilib yetib kelganimni bilmayman, qizim. Nahotki, qizlarimiz o‘zbekcha odatlarimizdan shunchalik uzoqlashib ketgan bo‘lsa, deb xafa bo‘ldim. Nega boyagi gapni Nargizaning yuziga shartta aytib qo‘ya qolmadim, deb yana bir o‘yladim. Qiz bola o‘zidan kattalarga gap qaytarmasligi, ularning suhbatiga bilib-bilmay aralashmasligi kerak. Uning husni birinchi navbatda odobida. Sinfdoshing juda chiroyli qiz bo‘libdi, ammo... – bosh chayqadi Mukarram aya.

– Hozir o‘zim sizga achchiqqina choy damlab beraman. Oyijonim shirin moshxo‘rda pishirib qo‘yganlar. Yuziga rayhon solib, qatiq bilan olib kelaman. Ichib olamiz, – o‘rnidan turdi Malika, keyin birdan to‘xtadi. – Voy, esimdan chiqibdi-ku buvijon, avval qo‘lingizni chayishga suv olib kelay, – dedi-da chopqillab hammom tomonga ketdi...

– Buvijon, Nargizaning o‘zi yomon qiz emas. A’lochi, o‘rtoqlari bilan ahil. Lekin negadir uyda boshqacha ekan-a. O‘ziyam aytadi, buvisi unga ish qildirmas ekan. “Sen yaxshi bahoga o‘qib, katta do‘xtir bo‘lsang bo‘ldi”, deb hamma ishni o‘zlari qilib qo‘yaverar ekanlar. Sizga o‘xshab hovlini bunday qilib supur, idishlarni mana bunday qilib yuv, ko‘ylakni mana bunday qilib dazmolla, deb o‘rgatmas ekanlar. Lekin-chi, buvijon, sinf rahbarimiz Nargizani ham “Orasta qizlar” klubiga a’zo qilib qo‘ydilar. Endi u ham chaqqonlik, pazandalik, chevarlikni o‘rganib oladi, – dedi Malika ovqatlanib o‘tirishgan paytda sekingina.

– Yaxshi bo‘libdi. Biroq, menimcha unga, avvalo, sharqona axloq-odobdan saboq berish kerak. Qiz bola o‘zidan kattalarni hurmat qiladigan, andishali, iboli bo‘lishi kerak. Buvisiga, onasiga shartta-shartta gap qaytarsa, o‘z bilganidan qolmasa, daqqoq yoki shapshak bo‘lsa, uning odamlar orasida obro‘si qoladimi?

– Buvijon “daqqoq”, “shapshak” nima degani? – yangi so‘zlardan hayratlandi Malika.

– Shapshak deb Nargizaga o‘xshab muomalasi qo‘pol, shartaki, gap qaytaradigan, kattalarning suhbatiga tushunib-tushunmay aralashaveradigan, yuz-xotirni bilmaganlarga aytiladi.

Juda sekin ish qiladigan, tepsa tebranmas odamlarni esa bir so‘z bilan “daqqoq” deb ta’riflashadi. Bu so‘z ayniqsa, qizlarga nisbatan ishlatiladi. Axir qiz bolaning “oyog‘idan o‘t chaqnashi”, o‘zi bilib-bilib ishini qilishi, uyda onasining o‘ng qo‘li bo‘lishi kerak. Qara, bizning hovliga kirgan odamning dili yayraydi. Bu pokizalik, saranjom-sarishtalikda opang ikkalangizning xizmatingiz katta. Devor-u shiftlar, oyna, romlar ham top-toza, eng muhimi, tilingiz shirin. Barchaga birday yaxshi muomala qilasiz. Sizni ko‘rgan menga rahmat deydi, – jilmaydi buvisi. – Ammo, birinchi navbatda sizlarga rahmat. Chunki aytganimga, o‘rgatganimga quloq qoqmay amal qilasizlar.

– Buvijon, Nazira buvimga bu gaplarni aytmadingizmi?

– Aytolmadim. Dugonamni xijolat qilgim kelmadi.

– Shu gaplarni men sekingina Nargizaga aytsam bo‘larmikan? Uni xafa qilib qo‘ymasmikanman?

– Menimcha, yotig‘i bilan tushuntirsang, xafa bo‘lmaydi. Yo‘q, yaxshisi uni uch-to‘rt kun biznikiga mehmonga taklif qil. O‘n marta gapirgandan ko‘ra bir bora ko‘rgan yaxshi, deyishadi-ku. Ajab emas, o‘zi to‘g‘ri xulosa chiqarsa, – Mukarram buvi o‘ziga havas bilan tikilib turgan nabirasini mehr bilan bag‘riga bosdi.

Tahririyatdan: Qizlarjon, yuqoridagi voqea haqida siz qanday fikrdasiz? Bizga yozib yuboring. Xatlaringizni kutib qolamiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.