Yosh bilimdonlar
“Quyosh, oy va sayyoralarning harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib, yulduzlar xaritasini aniq o‘lchagan buyuk olim kim?” deb so‘rashsa, hech ikkilanmay Mirzo Ulug‘bek nomini tilga olamiz. Orangizda olimning ilmiy izlanishlari, ixtirolarini o‘rganib, ajdodlariga munosib davomchi bo‘lish istagida o‘z ustida izlanayotgan tengdoshlaringiz ham talaygina. Yaqinda Samarqand shahrida 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro fan olimpiadasida qatnashgan yurtdoshlarimiz o‘z yutuqlari bilan buni yana bir bor isbotlashdi.
Bobomning ilk sabog‘i
Umidjonning bobosi tomorqasida katta bog‘ barpo etgan. Darsdan bo‘shadi deguncha, o‘rtoqlari bilan koptok tepishga borishdan ko‘ra bobosi bilan boqqa borishni afzal ko‘radi. Buning ikki sababi bor. Biri – bobosiga ko‘maklashish bo‘lsa, yana biri har bir savoliga erinmay, batafsil javob beradigan bobosi bilan bog‘ aylanish. Tabiat haqidagi qiziqarli suhbatlarini tinglash. Umidjon qaysi daraxt necha yilda hosilga kirishi, mevalarning shifobaxsh xususiyatlarini ham bilib olgan. Ammo, shamolda yerga to‘kilgan mevalarning qoq ikkiga bo‘linishi, uzilgan daraxt barglarining osmonga uchmay, pastga tushishi kabi holatlarga javob topolmay hayron.
Bobosining “Jonli tabiatning barchasi fizik hodisalarga kiradi. Yuqori sinfga o‘tganingda darsliklaringga fizika fani qo‘shiladi. Agar uni chuqur o‘rganishni istasang, bugun matematikani yaxshi o‘rganishing, misol va masalalarni tez va aniq yecha oladigan, a’lochi bo‘lishing kerak”, – degan o‘gitlarini eshitgan Umidjon, a’lo baholari sonini ko‘paytirishga ahd qildi.
O‘z maqsadiga erishish uchun o‘qishni Namangan viloyati Chust tumanidagi matematikaga ixtisoslashtirilgan 70-maktabda davom ettirdi. Berilgan topshiriqlarni tezda ilg‘ab, arifmetik amallarni tez va aniq bajarib ustozlari nazariga tushdi. Tuman, viloyat miqyosida bo‘lib o‘tgan “Bilimlar bellashuvi”da faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
2017-yil respublika miqyosida bo‘lib o‘tgan saralash bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Umidjon Indoneziya davlatida bo‘lib o‘tadigan “IPHO – 2017” butunjahon 48-xalqaro fan olimpiadasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Umidjon bellashuvda muvaffaqiyat qozonmagan bo‘lsa-da, tushkunlikka tushmadi. Bu o‘zi uchun katta saboq ekanligini anglab, ko‘proq izlandi, bilimini mustahkamladi. Mashg‘ulot soatlarini ko‘paytirib, ustozi Doniyor aka Oripov ko‘magida navbatdagi sinovlarga puxta tayyorlandi va 2018-yil respublika saralash bosqichlarida eng yuqori natijaga erishdi. Bu unga Mirzo Ulug‘bek nomidagi fizika va astronomiya xalqaro fan olimpiadasida qatnashish imkoniyatini berdi. U. Hafizov turli davlatlardan kelgan iqtidorli tengdoshlari bilan bellashuvda o‘z bilim va mahoratini namoyon qilib, oltin medal sohibiga aylandi.
– Tanlovda 1-o‘rinni olish oson bo‘lmadi. Olimpiadada xorijlik do‘stlarimiz bilan fikr almashdim, yurtimizda yashagan buyuk allomalarimiz haqida gapirib berdim. Hozir Portugaliya davlatida bo‘lib o‘tadigan 49-xalqaro fan olimpiadasiga tayyorlanyapman, – deydi Namangan davlat universiteti qoshidagi akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchisi Umidjon Hafizov, – maqsadim, yurtimizda alloma bobolarimizga munosib yoshlar kamolga yetayotganini dunyoga ko‘rsatish.
Nok ko‘rinishidagi yomg‘ir tomchisi
Otabek Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. Uning dadasi matematik bo‘lgani uchun kitob javonida fanga doir kitoblar ko‘p. Sinfdoshlari orasida ham ko‘paytirish jadvalini birinchi bo‘lib yodlagani uchun ustozidan maqtov eshitgandi. Atrofdagilarning “Katta bo‘lsang kim bo‘lasan?” degan savoliga u hech ikkilanmay, orzusi matematika o‘qituvchisi bo‘lish ekanligini aytardi.
Otabek maktabdan qaytayotganda yomg‘ir yog‘ib qoldi. Daraxt panasida yomg‘ir to‘xtashini kutib turib osmonda paydo bo‘lgan kamalakka ko‘zi tushdi. Kamalak ranglarini yanada yaqinroqdan ko‘rish uchun kecha do‘stidan olgan lupani sumkasidan oldi-yu, osmonga tutdi. Ranglar bir-biridan ajralib, yorug‘lik kuchayib uning ko‘zini qamashtirdi. Ajabo, daraxt shoxlaridan Otabekning lupasiga tushgan tomchilar nok shaklida edi. Yillar o‘tib Otabek nima uchun ishqalanish kuchi bo‘lmasa silliq joylarda yurib bo‘lmasligi, tortishish kuchi nima ekanligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘ldi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi S. H. Sirojiddinov nomli akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchisi Otabek Hasanov ushbu olimpiadada kumush medal bilan taqdirlandi.
Ajdodlarga munosib
Astronomiya fani bo‘yicha bronza medaliga sazovor bo‘lgan Do‘stmamat Bozorqulov o‘qishni Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi fizika va matematika faniga ixtisoslashtirilgan 4-maktabda boshlagan. Do‘stmamat sirli olam haqidagi kitoblarni o‘qishni, kinofilmlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi. Bir kuni u osmonda bizga bir xil hajmda ko‘ringan yulduzlar orasidagi masofaning uzoq-yaqinligiga qarab, o‘lchamlarining aniqlanishini bilib qoldi. O‘shanda qalbida astronomiya faniga o‘zgacha qiziqish uyg‘ondi. Amaliyot darslarida yulduzlar xaritasi bilan ishlab, quyoshning qanchada burilishini turli asboblar yordamida ko‘rgan Do‘stmamat bo‘sh qoldi deguncha laboratoriya xonasiga borar, o‘zini qiziqtirgan savollarga javob topishga harakat qilardi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi S. H. Sirojiddinov nomli akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchisi Do‘stmamatning birgina orzusi bor – ilmiy ishlari, ixtirolari bilan yurtimiz ilm-fani ravnaqiga hissa qo‘shish.
Darhaqiqat, o‘z bilim va saviyasini ko‘p bora sinovlardan o‘tkazgan o‘quvchi yuqori natija, rag‘batlarga loyiq bo‘ladi.
Iroda UMAROVA