Qudrat Hikmat

Qudrat Hikmat o‘zbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan shoir. U 1925-yili Toshkentning Sebzor mahallasida tug‘ilgan. Onasidan erta ajraladi (1934). Otasi dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan oddiy mehnatkash kishi edi. Qudrat Hikmat hali o‘rta maktabda o‘qib yurgan (1934-1944) yillardayoq adabiyotga mehr qo‘yib, she’rlar mashq qila boshlaydi. Maktab devoriy gazetasida o‘z she’rlari bilan qatnashadi. Unga Oybek, Quddus Muhammadiy kabi ustozlar mehribonlik ko‘rsatishadi. 1945-yildan boshlab Q.Hikmat she’rlari gazetalar, “Gulxan”, “Sharq yulduzi” kabi jurnallarda chop etiladi. U 1947-yildan boshlab mashhur baxshi Islom shoir Nazar o‘g‘liga adabiy kotib bo‘lib xizmat qiladi. Bu hol ijodkordagi xalqchillikning kamol topishiga olib keladi. U 1957-yilda Toshkent davlat kechki pedagogika institutini tugatgan. Birinchi she’riy to‘plami – “Mening vatanim” 1950-yilda nashr etiladi. Shundan so‘ng “Baxtli bolalar”, “Tinchlik – obodlik”, “Do‘stlik”, “Uch o‘rtoqning sovg‘asi”, “Nabira mehri”, “Onaxonim”, “Alisher va kitob”, “Toshbaqalar hujumi”, “Soatjonning soati” kabi o‘nlab she’riy guldastalari, “Chirchiq farzandi” dostoni, “Ilon shoh va uning amaldori Ari haqida ertak” kabi asarlari yaratiladi.
Qudrat Hikmat qaysi mavzu, qaysi janrda qalam tebratmasin, halol, topqir va chopqir bolalar dunyosini kashf etishga intiladi. Do‘stlik, tinchlik, o‘zaro birdamlik, vatanparvarlik g‘oyalarini olg‘a suradi. She’rlaridagi bolalarcha samimiylik, beg‘uborlik va to‘g‘rilik shoir asarlarining jozibali bo‘lishini ta’minlaydi.
Qudrat Hikmat mohir tarjimon sifatida Samuil Marshak, Sergey Mixalkov, Agniya Barto kabi rus shoirlarining she’rlarini o‘zbekchaga o‘girgan.
U 1968-yili og‘ir betoblikdan so‘ng 43 yoshida vafot etgan.