Tabiatning go‘zal bayrami

O‘lkamizga bahor bayrami – Navro‘zi olam kirib keldi. Ona tabiatning uyg‘onish timsoli Sharqona yangi yilning boshlanishi. 2025-yilga – “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nom berilgani xalqimizning, yurtdoshlarimizning harakatlarida namoyon bo‘lmoqda. Kimdir yer chopyapti, kimdir gul ekmoqda, yana kimdir bozordan olgan meva ko‘chatlarini ko‘tarib uyiga shoshmoqda, hovli va ko‘chalar ko‘kalamzorlashtirilmoqda. Eng muhimi, barchada ko‘tarinki kayfiyat. Bu kayfiyat katta-yu kichikni chiroyli yashashga, atrofga mehr bilan boqishga, yaratuvchanlikka bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi.
Aziz o‘quvchilar, siz ham Navro‘z kunlarida o‘zingizga bittagina savol berib ko‘ring: “Ayni shu kunlarda men nima qildim, hech bo‘lmasa gultuvakka bir dona gul ekdimmi?” deb. Ayting-chi, javobingiz o‘zingizga og‘irlik qilmadimi?! Bu savol ko‘proq shaharlik bolalarga tegishli edi. Qishloq bolalarining javobi esa naqd.
Aytmoqchi, bizda qadimda bahorning kirib kelishi 1-martdan emas, 21-martdan hisob qilingan. Demak, Navro‘z bahorning ham boshlanishi. Bobolarimiz tabiatga, ona zaminga bizdan ko‘ra yaqinroq bo‘lishgan. Ona tabiatga, tuproqqa bizdan ko‘ra ko‘proq mehr berishgan va shunga yarasha mehr olishgan. Keksalarning xotiralariga quloq tutsangiz, ular: “Ilgari mana bu daryolar to‘lib oqardi, osmon ko‘m-ko‘k bo‘lardi, quduqlarda suv qurimas edi. Yozning jazirama kunlarida soya-salqin joylarni izlab uzoqlarga bormasdik, meva-chevalar, turshak, mayizlarni yuvmasdan yesak ham kasal bo‘lmasdik”, deyishadi. Bu gaplarni eshitib, “Tabiat bobolarimizni rosa siylagan ekan-a”, deymiz ertak eshitayotgandek hayron bo‘lib. Ishoning, bu ertak emas, bu – ular yashagan davrdagi odamlarning tabiatga, atrof-muhitga bo‘lgan sog‘lom munosabati. Ulardan bizga Navro‘zi ayyomning sumalak, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, halim kabi milliy taomlari ham yetib keldi-ki, bularsiz Navro‘z bayramini tasavvur qilolmaymiz.
Prezidentimizning “2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu yilgi bayram mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida bayram qilindi.
Dono xalqimizda “Hamma narsa niyatga bog‘liq” degan hikmatli ibora bor. Shunday ekan, tabiat uyg‘onayotgan zavqli kunlarda jannatmakon yurtimiz hamisha tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin, sizdek bolalarimiz bilimli, salohiyatli, ziyoga tashna bo‘lishlarini, Yangi O‘zbekistonimizning yanada yuksalishiga o‘z hissalarini qo‘shishlarini astoydil niyat qilib qolamiz.