Bir umr lovullab so‘nmagan o‘t
Jannatmakon ustozimiz Zulfiyaxonim, tom ma’noda, ulkan shaxs edi. Biz – shogirdlari uchun hech qachon odatiy, oddiy odamga aylanib qolmasdilar. Har safar huzurlariga borganimizda (garchand ba’zan har kun diydorlashish nasib etsa-da) xuddi imtihonga, sinovga borayotgandek hayajon bilan borardik. Chimkent ko‘chasidagi uylariga borib (ko‘pincha du-gonam Muhtarama Ulug‘ova bilan borardik) uchinchi qavatga ko‘tarilgach, eshiklari oldida birpas turib, bir-birimizga:
— To‘xtang, qo‘ng‘iroqni bosmay turing, sal hayajonimizni bosib olaylik, — degan paytlarimiz bo‘lardi.
Holbuki, Zulfiya opam bilan suhbatlashish juda maroqli edi. Shaxsan men opaning suhbatlaridan so‘ng ijodga ishtiyoq bilan chiqardim. Chunki u kishi ba’zi ayollar davrasiga xos mayda gaplardan gapirmas, adabiyot maydonida nima gaplar, yoshlar nima yozyapti — shu mavzular atrofidagi gap-so‘zlarga qiziqar edilar.
Bir gal aynan yoshlar she’riyati haqida gap ketganda Xurshid Davronning yangi kitoblari, Gulandom Tog‘ayevaning “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan turkumi haqida iliq fikrlar aytgandilar.
— Ijodkorlarning tasavvurlari keng bo‘ladi. Lekin bu qizning she’rlari bizning tasavvur doiramizdan ham chiqib ketganga o‘xshaydi. Oxirigacha hamma ma’nosini anglab yetolmaysan-u, anglaganing o‘zingga yoqadi, — degan edilar Gulandomni o‘qiganda.
Ustoz hamisha yaxshi ijodkorlar haqida mehr va havas bilan gapirardilar. Bunday deyishimga sabab bor. 80-yillar arafasi edi, arman shoirasi Sil‘va Kaputikyanning Moskvada bir necha tomdan iborat saylanmalari chop etilgan edi. Shoiraning o‘zlari (ular qadrdon edilar) Zulfiyaxonimga o‘sha kitoblarni yuborgan ekanlar. Opa ularni varaqlab o‘tirib:
— Qarang, qanaqa chiroyli kitoblar bo‘libdi. Faqat she’riyat, ijod dard-u quvonchi bilan yashaganda, bunaqa hayot har kimga ham nasib qilavermaydi, — degan edilar. Opaning bu so‘zlarida davrdosh shoira ijodiga ehtirom bilan birga har doim ham she’riyat dard-u quvonchi bilan yashay olmagan onlari uchun armon ham bor edi, albatta.
Men opaning ijodiy jarayonlariga, ayniqsa, ijodlarining gultoji bo‘lgan “Xotiram siniqlari” dostonining yozilish tarixiga guvoh bo‘lganimdan nihoyatda faxrlanib yuraman.
Ustoz tavalludining 80 yillik tantanalariga tayyorgarlik boshlangan kunlar edi. Gazeta, jurnallar materiallar so‘rashar, opa har kuni xazinasini varaqlardi.
Galdagi shunday kunlarning birida:
— Qizimjon, (opa meni ko‘pincha shunday chaqirardilar) davr yangilandi. Butunlay boshqacha ruhdagi zamon kelyapti. Men ham boshqacha bir narsa yozishga burchliman, — dedilar. — Bir narsam bor-u, lekin sochilib yotibdi, yig‘a olmayapman. Har gal qo‘limga olganda yuragim tugatib tashlaydiganga o‘xshaydi-yu, boshim charchab qoladi, — dedilar.
— Qani o‘sha yozganlaringiz? — dedim.
Opa oddiy ish daftariga yozilgan qoralamalarini o‘qiy boshladilar. Oxirigacha “qilt” etmay o‘tirib eshitdim.
— Axir, bu bir narsa emas-ku, Zulfiya opa, bu zo‘r doston bo‘ladi, — dedim. — Faqat bandlarni joy-joyiga qo‘yib chiqish kerak.
Shoir yozganlarining bahosini yaxshi biladi, lekin kimdir fikrdosh bo‘lsa, baribir o‘zgacha kayfiyatda bo‘ladi. Hatto, o‘sha kimdir menday havaskor shogird bo‘lsa-da...
— Sen shunday o‘ylayapsanmi? — dedilar. Ovozlari boshqacha jaranglab, ko‘zlari boshqa-cha chaqnadi.
— Albatta! Siz aytib turing, men kirilchada yozaman, — dedim.
Ustoz divanga bemalol o‘tirib olib qoralamalarini o‘qiy boshladilar. Ko‘chirib bo‘lgach, men baland ovozda hayajon bilan o‘qib berdim. Opa:
— Eshitganda aniq bilinar ekan, mana bu bandni oldinga olish kerak, bunisini orqaga, — deya ba’zi bandlarning o‘rnini almashtirdilar.
— Men ertaga sahar turib yana bir qarab chiqaman, keyin yana o‘qiymiz, — dedilar.
Ertalab ishga ketayotib, Chimkent ko‘chasidagi uylariga kirdim. Ustoz horg‘in, lekin juda baxtiyor edilar. Kecha o‘qigan dostonga bir necha bandlar qo‘shilgan edi. Jumladan, birinchi o‘qiganimizda mana bu bandlar yo‘q edi. Bu betakror satrlar bugungi saharning — istiqlol saharining bergan imkoni tufayli dunyoga kelgan edi.
Hurriyat, keldingmi — nahotki kelding,
Pinhona sog‘indim, pinhona kutdim
Yomg‘irga bag‘rini tutgan sahrodek —
Sening nasimingga qalbimni tutdim.
...Yodim siniqlari, qalq, ovoz beray,
Qalqdi, yuragim, chida, ber bardosh,
Qaragin titroqda — hammasi jonli,
Qara, hammasining yuzi qontalash...
Men bor ovozim bilan hayajondan titrab, ko‘zimda yosh bilan dostonni o‘qir ekanman, ustozning yillar davomida xotiralariga cho‘kib yotgan, zamon to‘lqinlarida qalqib chiqqan ar-monlarining suratini ko‘rardim.
...Aka, jonim akam — jondoshim akam,
Oltmish yil izimga qaytib, yig‘layin.
Bo‘g‘zimda tosh bo‘lgan yo‘qlovlarimni
“Oh”larim eritar — aytib yig‘layin.
kabi satrlarni takror va takror o‘qirdim. Ancha payt doston ta’sirida o‘tirdim.
— Bu dostonni nima deb ataymiz endi? — dedilar va o‘zlari:
— Xotiram parchalari, — dedilar. Indamay qarab turgandim:
— Yo‘q. Xotiram siniqlari, — dedilar.
Sarlavhadagi “siniq” so‘zida jarohat ham bor, so‘z juda joyiga tushgan edi.
“Xotiram siniqlari” ko‘p o‘tmay matbuotda chop etildi. Doston samimiyati, insoniy dard-ning chin in’ikosi sifatida adabiy jamoatchilik, she’riyat muxlislari tomonidan juda iliq qarshi olindi. Va bu asar istiqlol tufayli hayrati, jasorati yana bir bosh balandlagan Zulfiyaxonimning go‘zal imkoniyatlarini namoyon etdi. Ustozning tavallud kunlari poytaxtimizning “Turkiston” saroyida nishonlandi.
Opa tantana yakunida minnatdorchilik so‘zlarini she’rga uladilar.
Sakson yil lovullab so‘nmagan o‘tman.
...Baxtim shul, o‘zbekning Zulfiyasiman. satrlari u kishi hayotligida ham, keyin ham qancha chiroyli davralarga bosh so‘z bo‘ldi.
Dunyoda hech narsa mangu emas. Davrlar o‘tadi, ko‘p narsa unutiladi, hatto, o‘z davrida yaxshigina vazifa bajargan asarlar ham qachondir ohorini yo‘qotishi mumkin. Lekin xalq, millat og‘rig‘iga, quvonchiga daxldor asarlar xalq va millat bilan birga yashab qoladi. Ustoz Zulfiyaxonimning “Xotiram siniqlari” dostoni ana shunday o‘lmas asarlardan biri sifatida xalqimiz, kelajak avlodlar uchun ham qadrlidir.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
madaniyat xodimi