Hanuzgacha ertaklarda yashayman

O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova bolaligini xotirlaydi...
San’atkor ko‘ksiga insoniyat qalbini sig‘dira olgan inson. Bunday ta’rif berilganda, ko‘z oldimga hamisha o‘ychan, hamisha mag‘rur Dilorom Karimovaning siymosi keladi. O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova – fikr oshig‘i. Dilorom Karimova darajasida fikrlaydigan, ijod qilgan aktyor yo rejissorlar bizda sanoqli. San’atkorning mushohadalari, mulohazalari, xulosalari barcha makon va zamon uchun ham dolzarb. Bu ijodkor – “Opa-singillar” seriali, “Zabarjad”, “Narigi sohilda qolgan bolalik”, “Novda”, “Parizod”, “Tanho qayiq”, “Ilhaq” nomli badiiy filmlardagi betakror rollari bilan sizga yaxshi tanish.
Bugungi suhbatimiz orqali sizni o‘sha – xalqimizga birday manzur bo‘lgan rollar ijrochisi, sevimli ijodkor, kamtar va vazmin inson – Dilorom Karimovaning bolalik xotiralari bilan tanishtirishni niyat qildik.
– Men 1948-yilda Toshkentda ziyoli oilada tug‘ilganman. Otam Abdumalik Ibrohimov – jurnalist, pedagog, yurist kasblarida faoliyat yuritgan. Onam Muazzam ayaning kasbi shifokor bo‘lgan va u Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentdagi gospitalda faoliyat yuritgan. Oilada olti nafar farzand edik: besh qiz va bir o‘g‘il. Bolalik xotiralari qabrgacha qoladi. Bolalikdagi ilk emotsional xotiralarning bari muhrlanib qoladi. Mening hatto bir yarim yoshimdagi bir-ikki lavhalar xotiramda qolgan. Otam maktabda direktor bo‘lib ishlardi. Peshinda, tushlik qilish uchun uyga kelganlari, zinalardan tushib, qo‘limdagi qo‘g‘irchog‘im bilan menga olib berishgan chiroyli tuflichalarimga mahliyo bo‘lib, otamni chaqirib kelganim... yodimda. Onam juda bolajon inson edilar. Bolaligimda ko‘p ertak eshitganman. Men uchun ertaklar alohida ahamiyatga ega. Aynan ertaklar meni g‘am-g‘ussa, umidsizlik va hasratdan asraydi. Hanuzgacha ertaklarda yashayman. Bu esa menga hayotda juda katta yordam beradi: g‘azab va jahlni ketkazadi, tevarak-atrofga tamomila boshqa nigoh bilan qarashni o‘rgatadi.
Uyimiz chinakamiga “ijro komiteti” edi. Otam hali ishga chiqib ketmaslaridan oldin, saharlab, ota-onalar eri urgan qizlarini, haqoratlangan, tuhmatga uchragan farzandlarini olib kelishardi. Otam gazetada ishlardi. U paytda jurnalistlar to‘rtinchi hokimiyat, degan gaplar to‘ppa-to‘g‘ri edi. Butun hokimiyat jurnalistlardan qo‘rqardi. Uning ustiga otam qo‘rqmas feletonchi edi. O‘sha o‘g‘ri, hayosiz masjiddagi domlalarni ham “urib” chiqqanlar. Hokimlar, prokurorlar, “Chorsu” dagi katta bir restoranning egasini ham ayamasdan yozgan. Uyimizga gazetaga o‘ralgan o‘ram-o‘ram pullar bilan kirib kelishardi. Otam ular bilan gaplashib, chiqarib yuborardi.
Biz juda kambag‘al yashaganmiz. Uyimizda gilamimiz bo‘lmasdi. Oltita bolani oylik maoshga boqish oson emasdi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, otam biror marta pora olmasdi. Onamni erka, hayotning ko‘p sharoitlarini tan olmaydigan, o‘z xayollari bilan yashaydigan ayol, deb bilardim. Ko‘zlari ko‘rmay qolganda, bu holni shu darajada mardonavor qabul qildilarki, hech nolimadilar. Faqat kulib turib: “Mayli, bir kun ochilar, hech narsa qilmaydi”, deb qo‘ydilar, xolos. Dunyoni radio orqali bila boshladilar. Bir kuni oldilariga borsam, ma’yusgina bo‘lib: “Qizim, bugun bir kuy eshitdim. Shunaqa yig‘ladim-ey, shunaqa yig‘ladim-ey”, deb yana yig‘lab yubordilar. Men bu holatni tushundim. Kuyda ushalmagan orzu-armonlar, o‘tib ketgan umr – hamma-hammasi bor edi. Ota-onam taqdiriga qarab shuni angladimki, dunyodagi fojialarning eng zalvorlisi ikki qalb bir-birini tushunmasligi ekan. Ikkalasining ham o‘z hayotiy haqiqati bor. Mana shu ikki xil haqiqat bilan bir-birini qiynaydi. Men shunaqa oilada ulg‘aygan man. Onam Turgenev, Tolstoylar dunyosida yuradigan hassos qalb, go‘zal ayol bo‘lsa, otam – hayot qiyinchiliklariga bardosh berib, umrining oxirigacha pokizaligini saqlab qolgan inson edi. Men esa shu ikki qadrdon insonlar orasida girdikapalak bo‘lib, ular azobini tushungan, ikki tomon tushunmovchiligidan qiynalgan farzandman.
Maktabda “a’lo” baholarga o‘qiganman. Matematika bo‘yicha olimpiadalarda tez-tez qatnashib turardim. 9-sinfga o‘tganimda matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktabga o‘tdim. O‘quvchilik paytlarimda astronomiya faniga juda qiziqqanman va astronom bo‘lishni orzu qilganman. Menda koinotga, yulduzlar, sayyoralar tizimi, o‘zga galaktikalarni o‘rganishga qattiq qiziqish bo‘lgan. Ammo san’at, teatr meni ko‘proq o‘ziga jalb qildi. Ota-onam ziyolilardan bo‘lishgani uchun oilaviy hammamiz birgalikda Muqimiy nomidagi musiqali komediya teatri hamda Yosh tomoshabinlar teatriga spektakllarni tomosha qilish uchun borardik. Bo‘yim kichkina bo‘lganligi uchun teatrni tik turib tomosha qilib, qalban sahna ortidagi olamga talpinardim. Aynan ana shu vaqtlarda qalbimda teatrga nisbatan muhabbat uyg‘ongan bo‘lsa, ajabmas.
Baxtimga men juda yaxshi odamlarni uchratganman. Yaxshi insonlarning tarbiyasini olganman. Ularning himoyasida bo‘lganman.
11-sinfda o‘qirdim. Baribir ichingdagi kuchli bir tuyg‘u seni o‘z qismatingga yetaklab kelar ekan. Darsdan chiqib, yo‘lda kelayotsam, bir e’longa ko‘zim tushib qoldi. Unda havaskorlar teatriga yosh iqtidorli o‘g‘il-qizlar taklif qilinadi, deb yozilgan edi. Maktabdan kelayotganimda, sekin kirdim, repetitsiya bo‘layotgan ekan. U yerda aktyorlik mahorati bo‘yicha birinchi ustozim Ahmad Yunusovni uchratdim. U taniqli bastakor Yunus Rajabiyning to‘ng‘ich o‘g‘li, aktyor Obid Yunusovning akasi edi. Ahmad Yunusov O‘zTVning musiqiy redaksiyasida ishlar, havaskorlar to‘garagida spektakllarni sahnalashtirishga juda qiziqar edi. Ahmad aka men bilan savol-javob qildi.
O‘shanda Mannon Uyg‘urning “Tong” she’rini o‘qib berdim. Ahmad aka menga uzoq qarab qoldi. Meni teatrga taklif qildilar. Maktabdan keyin haftada ikki marta qatnay boshladim. O‘quvchiligimdayoq “Shubha”, “Yurak sirlari” spektakllarida rol ijro etdim. Bu spektakllar yozib olinib, TVda berildi.
Maktabni bitirgach, o‘qishga topshiradigan vaqt keldi. Shunda ustozim Ahmad Yunusov oldiga chaqirib, “Sen tibbiyot institutiga topshir. Sendan zo‘r shifokor chiqadi”, dedi. Men o‘ylanib qoldim. Hammasi yaxshi ketayotgan bo‘lsa, meni e’tirof etib, maqtab turgan edilar-ku. Nega bunday deyapti?! Ahmad aka, men san’at oliygohiga topshirmoqchi edim... “Hech qachon” , – dedi Ahmad aka qat’iy. U kishi mening fe’lim teatrga mos kelmasligini, ilm-fan bilan shug‘ullanishim kerakligini aytgan edi. Axir maktabni ham oltin medal bilan bitirgan edim-da. Buning ustiga, otam ham meni teatr institutiga hujjat topshirishimga qarshi edi. O‘sha paytlarda otam televideniyedagi musiqa redaksiyasida ishlardi. Men aynan shu payt televizion spektaklda yomon kelin rolini o‘ynayotgandim (bu vaqtda maktabni bitirish arafasida edim). Spektaklning efirga uzatilishini rejissorlik guruhi bilan birgalikda otam ham kuzatayotgan edi. Spektakldan keyin hamma xodimlar meni qarsaklar bilan kutib oldilar va otamni ham tabrikladilar. Ana shundan keyingina otam teatr institutiga kirishimga ruxsat berdi. Biroq ustozim Ahmad Yunusov tibbiyot oliygohiga hujjat topshirishimni qattiq talab qilib turib oldi. Men baribir hujjatlarimni teatr oliygohiga topshirdim. Bir kuni A.Yunusov repetitsiya vaqtida rol sahifalari orasida imtihon qog‘ozini ko‘rib qolganida, qattiq darg‘azab bo‘ldi. Yolg‘on evaziga ustozdan tarsaki yedim. Bundan aslo xafa bo‘lmadim. Ustozimning nega bunday qilganlarini keyinchalik tushunib yetdim. San’atga kirib kelayotganimda, uning barcha ayovsiz shartlarini bilib, shu shartlariga rozi bo‘lganman.
Yoshlik paytimni eslasam, o‘quvchilarni faqatgina badiiy kitoblarga emas, balki ilmga ham jalb qiladigan ilmiy kitobchalar ham o‘qirdik. Bolalar uchun ilmiy-ommabop kitoblar deyilardi. Ana shunday kitobcha 5-sinflarda o‘qib yurgan paytimda qo‘limga tushib qoldi. Kitobning nomi “Yerda hayot qanday paydo bo‘lgan?” edi. Yer haqida, tabiat haqida juda qisqa ma’lumotlar berilgan edi. Lekin mendek yosh bolaning tafakkurida dunyo namoyon bo‘ldi. Kitobga, ilmga qiziqish bolalik paytida juda yaxshi bo‘ladi. Shu vaqtda bolalarni kitobga jalb qilib olish kerak. Bu vaqt boy berib qo‘yilsa, o‘yinqaroqlik, dangasalik, o‘zini ayash, uxlash, yeyish-ichish kabi narsalar vujudni qamrab oladi-ki, endi u bola ming o‘qi deganingiz bilan o‘qimaydi.
“Dunyoda o‘qishga arzigulik yaxshi kitoblar kam, ammo ularni topish uchun yomon kitoblarni ham o‘qib chiqish kerak”, degan gap bor. Lekin buning uchun kimgadir fursat, kimga toqat, boshqa birovga esa did yetishmaydi. Men o‘zim barcha o‘qishi kerak deb hisoblagan kitoblarimni tavsiya qilmoqchiman.
1. Alisher Navoiy, “Xamsa” asari.
2. Oybek, “Navoiy” romani.
3. Jorj Oruell, “Molxona” rivoyat-qissasi.
4. Patrik Zyuskind, “Ifor” romani.
5. Chingiz Aytmatov, “Qiyomat” romani.
6. Fyodor Dostoyevskiy, “Jinoyat va jazo” romani.
7. Mixail Bulgakov, “Usta va Margarita” romani.
8. Lev Tolstoy, “Tirilish” romani.
9. Gabriel Garsia Markes, “Buzrukning kuzi” romani.
10. Gabriel Garsia Markes, “Ulug‘ onaning janozasi” hikoyalar to‘plami.
Bugungi bolalar yangi zamonda, yangicha sharoitlarda o‘sib-ulg‘aymoqda. Ularda kompyuter, internet, mobil telefonlar orqali dunyoning istalgan burchagidagi voqeadan oniy lahzada xabardor bo‘lish imkoniyati bor. Lekin yoshlarimiz bir narsani unutmasliklari zarur: bu manbalar axborot beradi, xolos. Yosh avlod tafakkurining o‘sishi, ijodiy qobiliyatining kamol topishi esa kitobsiz amalga oshmaydi. Odamga hayrat tuyg‘usini ulashadigan ham, aqlini o‘tkirlashtiradigan ham, ijodiy tafakkurni tarbiyalaydigan ham kitob mutolaasidir.
Kitob mutolaasi va kompyuter texnologiyalari imkoniyati qo‘shilgan joyda asl iste’dodning yuzaga chiqishi uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Zero, kelajakka parvoz aynan bolalikdan boshlanadi. Yoshlarimiz ana shu haqiqatni unutmasliklari zarur, deb o‘ylayman.
Yoshlarga ezgu tilaklarimiz ko‘p! Asosiysi, hech qachon umidsizlikka tushmang! O‘zingizdagi mislsiz kuch-qudrat, ichki salohiyatni his eting va uni yuzaga chiqaring! Oldingizga aniq maqsad qo‘ying, yuksak marralarni ko‘zlang, unga erishish yo‘lida doimiy sabot, matonat ko‘rsating! Hayotda zavq-shavq bilan yashashni, tengdoshlaringiz muvaffaqiyatiga havas bilan qarashni o‘rganing! O‘shanda butun olam oyog‘ingiz ostida bo‘ladi. Men bunga qattiq ishonaman!
Sirojiddin NAJMIDDINOV,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi yozib oldi.