“Quyoshli” oromgohida
Men yozgi ta’tilda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Quyoshli” sog‘lomlashtirish oromgohida dam olib qaytdim. Bu maskanda o‘tkazgan har bir kunim menga bir olam quvonch bag‘ishladi. Chunki oromgoh tog‘lar bag‘rida joylashgan, havosi toza. Eng avvalo, so‘lim va go‘zal tabiat manzarasini ko‘rib dilim yayradi. Dam olayotganlarning ko‘tarinki kayfiyati va shodligini ko‘rib, ularga qanday hamroh bo‘lib ketganimni bilmay qoldim. Oromgohda dam oluvchilarning barchasi eng avvalo, tabiatga do‘st tutinishdi. So‘ngra esa har kim qiziqishiga qarab undagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi qoshida tashkil etilgan “Mohir qo‘llar”, “Yumshoq o‘yinchoqlar”, “Rassom bolajon”, “Happy English”, “Shaxmat-shashka”, “Kompyuter grafikasi” “Basketbol”, “Voleybol” to‘garaklariga a’zo bo‘ldik. Bu yer “Intellektual rivojlantirish” oromgohi sifatida boshqa dam olish maskanlaridan farq qiladi. Chunki unda “Bilimlar bellashuvi” hamda “Fan olimpiadalari”ning respublika g‘oliblari dam oldilar. Ona tili va adabiyot fanlaridan g‘olib bo‘lganim uchun ushbu oromgohda dam olish menga ham nasib etdi. Oromgoh kutubxonasida ko‘proq rus tilidagi badiiy kitoblar joy olgan ekan. Men shoira Zulfiyaning she’riy to‘plamini olib, bir necha kun mobaynida o‘qib chiqdim.
Oromgohda o‘tgan sermazmun kunlarim uchun uning tashkilotchilariga jurnal orqali o‘z rahmatimni aytmoqchiman. Bu maskanda tashkil etilgan barcha shart-sharoitlar a’lo darajada bo‘ldi. O‘ylaymanki, shunday maroqli hordiqdan so‘ng yangi o‘quv yilida faqat a’lo baholarga o‘qib, kelgusida ota-onam, ustozlarim ishonchini oqlayman.
Barno MAMAJONOVA,
Toshkent shahri Shayxontohur tumani 59-maktab 9-sinf