Rauf Parfi
Rauf Parfi 1943-yil 27-sentyabrda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ildi. Ota-onasi Parfi Muhammad Amin va Sakina Isabek qizi mustabid tuzum davrida Farg‘onaning Vodil hududidan bu yerga ko‘chib kelgan.
Bo‘lajak shoir “Sharq yulduzi” (1-7-sinflar), Sho‘ralisoy (53-maktab, 8-9-sinflar), Yangiyo‘l shahridagi Alisher Navoiy nomli (10-sinf, kechki) maktablarda o‘qidi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)da tahsil oldi (1960-1965). G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, “Yozuvchi” nashriyotlari, turli gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatdi.
“Karvon yo‘li” nomli birinchi kitobi 1968-yilda nashr etildi. Shundan so‘ng “Aks sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1975), “Ko‘zlar” (1978), “Qaytish” (1981), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1991), “Tavba” (2000) kabi she’riy majmualari e’lon qilindi. Vafotidan so‘ng “Sakina” (2013), “Turkiston yodi” (2013) singari saylanmalari bosilib chiqdi.
Rauf Parfi she’riyatining asosiy mavzulari – shaxs erki, Vatan mustaqilligi va Turkiston, Turk dunyosining birligidir. Bu she’riyat – XX asr shaxs shuurini, keskin fojialar dramatizmini ifodalashga jazm etgan jasoratli she’riyatdir.
“Vatan haqida Bernd Ietshga maktubim”, “Tangri sog‘inchi”, “Sunbula”, “Qora devor”, “Abdurauf Fitrat” (1995) asarlari, Vetnam urushi haqidagi she’rlari va uchliklarida adolatsizlikka, haqsizlikka nisbatan nafrat, g‘azab tuyg‘ulari o‘z ifodasini topgan.
K.Kaledzening “Dengiz xayoli” (1972), Bayronning “Manfred” (1973), A.Salamatning “Oltin bolta” (1974), I.Noneshvilining “Shiddat” (1976), A.Dyumaning “Uch sarboz” (pyesa, 1980), N.Hikmatning “Inson manzaralari” (1981), A.Tvardovskiyning “Zaytun novdasi” (1981), “Xotira huquqi” (1985), “Uyg‘ur shoirlari” (1986), “Ozod inson qo‘shig‘i” (1988), U.Saroyanning “Hoy, kim bor?” asarlarini hamda B.Brext, P.Neruda, G.Emin, O.Vatsietis kabi qardosh va jahon adabiyoti namoyandalari ijodidan tarjimalar qilgan.
Shoir “Sabr daraxti” to‘plami uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi yillik mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1992-yilda Xalqaro Mahmud Qoshg‘ariy mukofoti bilan taqdirlandi. Turkiyada Diyonat Vaqfi tomonidan o‘tkaziladigan turkiy zabon shoirlar tanlovida g‘olib bo‘ldi (1993).
Rauf Parfi 2005-yilda Toshkentda vafot etgan.