Kelajak me’morlari
(1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni)
Har yili yurtimizda O‘qituvchi va murabbiylar kunini katta bayram qilamiz. Guldastalar olib ustozlarimizni tabriklashga oshiqamiz.
Bu yil ham Prezidentimiz Farmoni bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan yuzdan ortiq o‘qituvchi va murabbiylar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandilar.
Bayram munosabati bilan Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” Xalqaro anjumanlar saroyida katta tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ochilishida Prezidentimizning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bag‘ishlangan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Tabrikdagi o‘qituvchi maqomini ko‘tarish haqidagi quyidagi gaplari nafaqat anjumanlar saroyidagi mehmonlarni, balki butun xalqimizni ruhlantirib yubordi.
“... jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir.
...Bu yil xorijdan taklif etilgan 500 nafar chet tili mutaxassisi maktablarimizda ish boshladi. Kelgusi yillarda ularning sonini 3 barobar oshiramiz, 10-11-sinflarda bir qator fanlarni o‘quvchilarning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitishni yo‘lga qo‘yamiz.
...Bugungi kunda mamlakatimizda maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish umummilliy harakatga aylanib bormoqda. Xususan, navoiylik Abdukarim Saksonov, samarqandlik Quyosh Haqberdiyev, Ilhom Rustamov, buxorolik Oybek Namozov, qashqadaryolik Nurbek Ergashev kabi o‘nlab tadbirkorlarimiz o‘z hududlarida yangi maktablar qurgani, ta’lim dargohlarini kapital rekonstruksiya qilib, zamonaviy asosda jihozlab bergani, ohangaronlik oqsoqol shoirimiz Barot ota Isroilov esa hovlisida kutubxona ochib, uni o‘z hisobidan 10 mingta kitob bilan ta’minlab, bu ma’rifat maskanini qishloq o‘quvchilariga sovg‘a qilgani har qancha tahsinga sazovor.
Saflari tobora ko‘payib borayotgan mana shunday insonlar siymosida biz jadid bobolarimizning munosib davomchilarini, ularning ushalayotgan orzu va intilishlarini, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini ko‘ramiz.
Imkoniyatdan foydalanib, bunday fidoyi, saxovatli yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.”
Darhaqiqat, bir sinfda 35-40 tagacha o‘quvchiga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar obro‘-e’tiborini har qancha ko‘tarsak, ularni har qancha ulug‘lasak arziydi. Chunki barcha kasb egalarini o‘qituvchi o‘qitib tarbiyalaydi. Avval maktab, so‘ng litsey, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlari...
O‘z navbatida kelajak avlod tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan o‘qituvchi va murabbiylar ham mamlakat rahbarlarining e’tirofiga javoban Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlaydilar.