Oppoq bulutlar
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Temur Po‘latov asarlarini nafaqat o‘zbek, balki jahon adabiyoti ixlosmandlari ham sevib o‘qiydi. Mashhur rus tanqidchilaridan biri adibning “G‘oyibning ikkinchi safari” asari haqida gapirar ekan: “Ernest Hemingueyning choli tirikchilik yo‘lida ovga chiqqan. Temur Po‘latovning choli esa vatanini izlab yo‘lga chiqqan”, – degan edi. Bu katta e’tirof. Temur Po‘latov rusiyzabon yozuvchi. Uning aksariyat asarlarini kitobxonlar taniqli yozuvchilarimiz Xurshid Do‘stmuhammad hamda Olim Otaxonov tarjimasida o‘qishgan. Balki siz shu paytgacha Temur Po‘lat asarlari bilan tanish bo‘lmagandirsiz. Ana endi uning yaqinda nashrdan chiqqan, allaqachon o‘zbek kitobxonlarining qalbini zabt etgan “G‘oyibning ikkinchi safari”, “Taroziy toshbaqasi”, “Buxoro xonadoni kechmishlari” asarlari jamlangan saylanma to‘plamini o‘qisangiz, yozuvchi ijodining muxlisiga aylanishingiz, shubhasiz. Ayniqsa, “Buxoro xonadoni kechmishlari” qissasini o‘qigach, Temur og‘amiz bolaligida yana qanday g‘aroyib voqealarga guvoh bo‘lgan ekanlar, deb qiziqib qolasiz. Quyida adibning ana shu kitobda qalamga olinmagan bolalik xotiralari bilan tanishasiz.
POLSHADAN KELGAN MEHMONLAR
Bolaligim siz kinolarda ko‘rgan, kitoblarda o‘qigan ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan. Garchi yurtimizda urush bo‘lmagan bo‘lsa-da, uning azoblari bizga ham yetib kelgan. Urush degan ofat insoniyat boshiga qanday kulfatlar solganini bola qalbimiz bilan his qilganmiz. O‘sha paytda urush ketayotgan joylardagi jangga yaroqsiz keksalar, bolalar front ortiga, ya’ni sobiq ittifoqning urush bo‘lmayotgan qismiga evakuatsiya qilingan (ko‘chirilgan) ekan. Biz Buxoroning “So‘fiyon” degan mahallasida yashardik. Onamning hikoya qilishicha, bir kuni rahmatlik otam uyga xomush kirib kelibdilar. Shahrimizga front ichkarisidan yuzlab oilalar ko‘chib keltirilganini aytibdilar. “Sho‘rliklarni ko‘rib yuragim ezilib ketdi. Hammasi och, yupun, ko‘zlaridan hali ham qo‘rquv tarqamagan. Shunday tinch zaminga kelib qolganlariga ishonishmayapti. Onasi, ular orasida chet mamlakatlarning fuqarolari ham bor ekan. Men bir polyak oilasini xonadonimizga olamiz, deb rozilik bildirdim. Quyi hovlidagi uyni ularga bo‘shatib tur”, – deb yana shoshilib chiqib ketibdilar. Keyin biz borimizni baham ko‘rib, polyaklar bilan aka-uka, opa-singil bo‘lib yashay boshlagan ekanmiz. U paytda men hali yoshiga to‘lmagan go‘dak edim. Xullas, beshikda yotgan kaminaning quloqlariga eshitilgan ilk so‘zlar o‘z ona tilimiz bilan hamohang polyak so‘zlari edi. Ular oilamizda salkam yetti yil yashashdi. Biz polyak ayoli Sofiya xola, o‘g‘li Adamdan uncha-buncha polyak tilini, ular esa bizdan o‘zbek tilini yaxshigina o‘zlashtirib olishdi. Urush tugagan 1945-yilda ular o‘z vatanlariga ko‘chib ketishar ekan, biz bilan ona tilimizda xayrlashishdi. Pani xola (men mehmon xolamni shunday chaqirardim) meni bag‘riga bosib, Sen mening ham o‘g‘limsan, seni o‘zim katta qildim. Xat yozib tur. Katta bo‘lsang, albatta, Varshavaga bor. Biz sizlarni bir umr yodda tutamiz”, – dedi ko‘zida yosh bilan. O‘sha yillari yurtiga qaytayotgan o‘zbeklar bag‘rida jon saqlagan, ular bilan qondosh, jondoshday bo‘lib ketgan, beminnat mehr ko‘rgan minglab oilalar xalqimizni ana shunday duo qilgan. Jahon urushi tugagandan keyin Polyak oilasi eson-omon Varshavaga qaytib ketdi. Ungacha ular Buxoroda, Sofiya xonim non zavodida ishladi. O‘g‘li Adam Buxorodagi pedagogika institutida o‘qishini davom ettirdi. Otalari Ksons o‘zining dini nima buyurgan bo‘lsa, o‘sha ibodatini bajaraverdi. Hech kim ularning erkiga qarshilik qilmadi. 1945-yil kuzida vatanlariga qaytishdi. Xayrlashish oldidan Sofiya opa milliy do‘ppimizni kiyib, biz bilan oilaviy suratga tushdi. Men o‘shanda olti yashar bola edim.
OMON AMAKIMNING FOJIASI
Urush boshlanganda Omon amakim birinchilardan bo‘lib frontga otlanibdilar. Ular o‘sha paytda yigirma uch yoshda bo‘lganlar. Men amakimni yig‘lab kuzatayotgan qarindosh-urug‘larim yuzidagi ifodadan urush qanday kasofat, odamzot uchun cheksiz musibat ekanligini anglaganman. Mahallamiz bolalari ko‘chada baqir-chaqir qilib o‘ynab yurganda, men ertalabdan peshingacha Rizvon onamga uy ishlarida ko‘maklashardim. Non yopsa, tandirga o‘t yoqib berardim, ovqatdan bo‘shagan qozon, idish-tovoqlarni yuvardim. Bir kuni ovqat yuqi kosalarni ko‘tarib oshxonaga kirsam, onam yig‘lab o‘tiribdilar. Men qo‘rqib ketdim. Kosalarni stolga qo‘ydim-u, onamni quchoqlab oldim. Chunki bugun o‘qishdan kechroq qaytdim, onam shundan xafalar, deb o‘yladim-da. – Onajon, nega yig‘layapsiz, mendan xafamisiz, – dedim hiqillab.
– Sendan emas, urushdan, fashistlardan xafaman, bolam, ular bizdan Omon amakingni olib qo‘yishdi, – deb bag‘irlariga bosib ho‘ngrab yig‘ladilar. Bilsam, frontdan qora xat kelibdi. Unda Omon amakim Oryol shahri uchun bo‘lgan janglarda qahramonlarcha halok bo‘lganlari haqida yozilgan ekan. Men ham baqirib yig‘lab yubordim. Chunki amakimni juda yaxshi ko‘rar edim, rosayam sog‘ingandim. Mening ismimni ham Omon amakim qo‘yganlar. Tug‘ilganimda Isoq dadam “Farhod” ismini tanlaganlarida amakim: “Akajon, jiyanimning tiyrakligini qarang. U kelajakda buyuk sarkarda Amir Temurga o‘xshagan mard, jasur, mashhur kishi bo‘lsin, Temur deb ism beraylik”, – degan ekanlar.
Hayotdan bevaqt ko‘z yumgan amakim xotirasini qalbimda bir umr saqladim. Garchi bolalikda ulardan biror voqeani eslab qolmagan bo‘lsam-da, o‘sha qora xat asosida unga bag‘ishlab “Meni o‘rmondan izla” degan qissa yozdim. Ijod yo‘limni boshlagan ilk asar, ehtimol ajdodlarim duosi, balki Omon amakim ruhini shod qilgani tufaylimi, menga muvaffaqiyat keltirdi. Shu o‘rinda bir haqiqatni aytay, inson biror kasb egasi – yozuvchimi, muhandismi, dehqonmi, o‘qituvchimi bo‘lish uchun bolalikdan hayotning mashaqqatlarini, zarbalarini yengib yashashni o‘rgansa, irodasi temirday pishiq bo‘ladi. Shaxs bo‘lib shakllanadi. Bu esa uni, shubhasiz, muvaffaqiyatga yetaklaydi.
G‘OYIBNING YARALISHI
Rahmatlik Rizvon ayam jami o‘n bitta farzand ko‘rgan bo‘lsa ham har biriga yaxshi tarbiya berishga harakat qilgan. Ro‘zg‘orni bir o‘zi tebratgan. Urush vaqti bo‘lishiga qaramay, bizni och qoldirmaslik uchun kuyib-pishib mehnat qilgan. Biroq ikki akam, ikki opam kasallikdan, yetishmovchilikdan vafot etgan. Onam qolgan yetti farzandining o‘qimishli bo‘lishi uchun harakat qilganlar. (Vaholanki, o‘zlari atigi ikki sinf ma’lumotiga ega bo‘lganlar. Gap shundaki, onam o‘n bir yoshlarida ota-onadan yetim qolganlar).
– Sizning birinchi vazifangiz o‘qish, ilmli bo‘lish. Bilimli odam hech qachon xor bo‘lmaydi, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, – deb bot-bot takrorlardilar. Meni ilk bora kitob bilan tanishtirgan inson ham onam. Garchi qo‘llarida “Ming bir kecha” kitobini ushlab tursalar-da, unga sirayam qaramasdan kitobdagi voqealarni hikoya qilardilar. Ayniqsa, dengizchi Sinbodning qahramonliklaridan qattiq ta’sirlanganman. Onam ertak aytarkan ko‘z oldimda o‘sha voqealar shunday jonlanardiki, hatto umrimda ko‘rmagan dengiz, Sinbodning kemasi, qo‘lida yaraqlagan qilich – hammasini aniq, ravshan ko‘rardim... Hozir ham ko‘zimni yumsam, ular shunday namoyon bo‘ladi. Xiyol jilmayib, goh boshim uzra egilib sochimni silagancha ertak aytayotgan onamning yoqimli ovozlari eshitiladi. Balki, ana o‘sha ertaklar, hayajonlar meni yozuvchi qilib tarbiyalagandir. “G‘oyibning ikkinchi safari”ni yozishga kirishganimda, bejizga suyukli Sinbod qahramonimni dengiz bo‘ylab yetaklamagandir.
MAKTABGA LATTA XALTA BILAN
O‘quvchilik davrimiz urushdan keyingi og‘ir yillarga to‘g‘ri keldi. Juda yaxshi eslayman, onam maktabga chiqayotganimda latta xalta tikib berdilar. Hozirgi charm sumkalar, ryukzaklar qayerda edi, deysiz?! Akamning kichik bo‘lib qolgan oq ko‘ylagini kiyib birinchi marotaba maktabga bordim. Buni hech kim ayb qilmadi. Chunki u paytlarda akalarning kiyimlarini ukalar, opalarnikini esa singillar kiyishi tabiiy hol edi. Akalar o‘qib bo‘lgan eski darsliklar ukalarga o‘tar edi. Juda tortinchoq, og‘ir, bosiq bola bo‘lganman. Hech qachon sho‘x bolalarga qo‘shilib to‘polon qilmaganman. Tanaffusda ham sinfdan chiqmas, joyimda o‘tirib allanimalarni xayol surardim. Darslar tugagach, shov-shuvdan qochib, uyga qaytar edik. Lekin ba’zi-ba’zida, masalan, ramazon kunlari bolalarga qo‘shilib, uyma-uy yurib qo‘shiq aytar edik.
Ramazon aytib keldik eshigingizga,
Qo‘chqordek o‘g‘il bersin beshigingizga...
Ro‘za tutganlar xursand bo‘lib, bizlarga patir, mayiz, novvot berishardi.
Eng qizig‘i, men o‘qigan maktab Buxorodagi jadidlarning yetakchisi Fayzulla Xo‘jayevning uyi edi. Fayzulla Xo‘jayev qatl qilingandan keyin u yerni sho‘rolar egallab maktab qilgan. Maktab Karl Marks nomi bilan atalardi. Fayzulla Xo‘jayevning otasi katta qorako‘lchi boy bo‘lgani uchun ham uylari juda katta saroy edi. Maktabda kambag‘allarning o‘ttizdan ortiq bolalari ilm olgan. Maktab hovlisidagi tepalikka chiqib qarasangiz, Sa’dulla xo‘ja bobomning mulki bo‘lgan qorako‘l zavodining hovlisi ko‘zga tashlanar edi. U yerda yuzlab qorako‘l terilarini yoyib quyoshda tabiiy holda quritishar edi. Azim akamdan eshitgan edimki, fransuz inqilobidan keyin yangi tuzum qonuni bo‘yicha inqilob davrida olib qo‘yilgan zavod-fabrikalar ularning qonuniy vorislariga qaytarib berilgan. Bordi-yu sho‘rolar ham shunday yo‘l tutib, qatag‘onga uchragan bobomning mulkini bizga qaytib berishsa, uni qanday boshqaramiz, akam qaysi ishni, men qaysi lavozimni egallayman, deb o‘ylab qolardim. Shu sodda orzular oradan yillar o‘tib, “Buxoro xonadoni kechmishlari” degan trilogiyamda o‘z aksini topgan.
HAYVONOT BOG‘INING QURILISHI
Tabiatan kirishimli emasligimni bilgan otam mahalla bolalarini men bilan do‘stlashtirish uchun astoydil harakat qildilar. Shu maqsadda Adam akalarim Polshaga qaytib ketgach, yuqoridagi xonada bolalar uchun ajoyibxona (hayvonot xona) ochishni rejalashtirdilar. Meni – shaharlik bolani tabiat dunyosiga qiziqtirish uchun Toshkentdan “Hayvonot olami haqida hikoyalar” nomli ikki jildlik kitob olib kelib sovg‘a qildilar. Kitoblarni katta qiziqish bilan o‘qiganimni ko‘rgan otam: – Kel, birga hayvonot bog‘i quramiz, – dedilar.
Kaptar, quyon, jo‘ja, tipratikan, toshbaqa uchun qafas tayyorladik. Vopkent qishlog‘ida tug‘ilib, savodsizlikni tugatish ikki yillik kursini bitirgan dadam dashtlarda yoshligidan qo‘y boqqan. Otamning hayvonot bog‘ini qurish uchun xuddi yosh bolalardek quvnab, shu qadar berilib ishlayotganlariga hayron qolar edim. Nazarimda, dadam uni men uchun emas, o‘zi uchun qurayotgandek edi. Qurilish tugagach, jajji hayvonot bog‘ining eshiklariga juda katta harflar bilan e’lon yozdik. “Hayvonot bog‘i har kuni peshindan keyin ochiq. Maktabda a’lo baho olgan mahallamiz bolalariga kirish bepul. Hayvonot bog‘imizga marhamat!”. Xullas, dadam bilan o‘ylangan ish birinchi kundanoq ovoza bo‘ldi. Eshitgan borki, tomoshaga oshiqdi. Dadamning orzusi amalga oshdi.
Tomoshabinlar qo‘lbola hayvonot bog‘imizdagi quyon, tipratikan, tovuq, toshbaqa, kabutarlarni o‘zgacha zavq-shavq bilan tomosha qilishardi. (Shaharda bu jonivorlar ham kamyob edi-da!) O‘zaro jonivorlarga kim chiroyli nom berish bo‘yicha bellashishardi. Kabutarlarning o‘zini tutishi, xatti-harakatiga qarab Amir, O‘tkir, Uchar, Yalqov kabi nomlar qo‘ygan. Eng hayajonli tomosha kabutarlar raqsi chog‘ida bo‘lardi. Qafasni ochganimizdan keyin kabutarlar shoshilmay osmonga parvoz qilishardi. Qizig‘i ular samoda turib bir-birlarining yetib olishlarini kutishardi. Keyin nafis harakatlar ko‘rsatib parvoz qilishar, bulutlar bilan kim o‘zarga bellashgandek shahrimiz ustidan uchishardi. Men ham ularning qorasi ko‘rinmay ketguncha osmondan ko‘z uzmasdim. Lekin bolalarning tashvishiga unchalik ham qo‘shilavermasdim. Chunki kabutarlarimning baribir inlariga qaytib kelishlariga ishonardim-da! Bolalarning xursand bo‘lganini ko‘rib, qo‘pol, baqiroq bolalar ham yuvosh tortib qolar, iloji boricha boshqalarga, hatto jonivorlarga ham mehribon bo‘lishga harakat qilishardi. Hayvonot xonamiz tomoshabinlarining eng sho‘xi – Mahmud! U bir kuni toshbaqa bilan o‘ynayotganda, kutilmaganda “Otamdan mug‘ombir savdogar haqida afsona eshitgandim. Xuddi o‘sha mug‘ombirga o‘xshaydi jonivor. Qaranglar, kosasi nimaga o‘xshaydi? Bu firibgar sotuvchining halol odamlarning haqini urib qoladigan tarozisi pallasiga o‘xshamaydimi? Qiliqlari-chi? Odatda qo‘rqoq kishilar uyatdan boshlarini xuddi mana shunaqa yashirishga harakat qilishadi, – deb qoldi. Mahmudning shu gaplari ulg‘ayib, qo‘limga qalam olganimda, “Taroziy toshbaqasi” asarimga jumla bo‘lib kirdi. Men tomoshabin bolalarni sodiq do‘stlardek his qildim. Ko‘chada birga o‘ynarkanman, ularga nisbatan qalbimda mehr paydo bo‘ldi. Ular tufayli atrofimdagi dunyo ham qiziqarli va chiroyli ko‘rina boshladi. Shahar osmonidan uchib ketayotgan bulutlar bilan birga bolaligim o‘tib ketdi. Ammo o‘sha kunlarning go‘zal, entiktiruvchi (garchi ular orasida noxushlari bo‘lsa-da) xotiralari “Buxoro xonadoni kechmishlari” asarida qalbimga sehrli alanga kabi harorat berdi.
Ibrohim RIXSIBOYEV yozib oldi