Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sahna – tarbiya maydoni

Sirojiddin KARIMOV:

– Bugun sizlarga “Nihol” nomli drama to‘garagimiz haqida so‘zlab bermoqchiman. To‘garakka sinfdoshlarim – Ibrohim, Ilhom, Aslbek va Jamol bilan birga qatnashamiz. Ustozimiz, o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Shahlo Bozorova mashg‘ulotlarni juda mohirlik bilan olib boradilar. Ular bizni o‘z farzandlaridek yaxshi ko‘radilar. Sahna ko‘rinishiga tayyorlanib, repetitsiya qilganimizdan keyin ustozimiz bilan suhbatlashamiz. Ular bizga kitob o‘qish va bilim olishning ahamiyati, kattalarni hurmat qilish haqida gapirib beradilar. Shu kungacha buyuk klassik shoirlar A.Navoiy, Bobur va Behbudiyning “Padarkush”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola” asarlaridan sahna ko‘rinishlari qo‘ydik va ular maktabdoshlarimizga juda yoqdi. Kelgusi o‘quv yilida yanada qiziqarliroq asarni sahnalashtirish niyatidamiz. 

Ilhom BAHRIDDINOV:

– Ustozimiz dastlab bizga she’r yodlashni tavsiya qildilar. Ular boshchiligida qo‘yilgan sahna ko‘rinishlarida men keksa otaxon obrazida chiqdim. O‘zim yosh bola bo‘lganim uchun, albatta, biroz qiyinchilik tug‘ildi. Lekin ustozim qanday holatga kirishim kerakligini tushuntirib berdilar. Sahnada buyuk shoir Alisher Navoiy rolini o‘ynaganimdan juda xursandman. To‘garakda birdamlik bo‘lmasa, o‘quvchilar, tengdoshlarimiz mazza qilib ko‘radigan sahna ko‘rinishlari ham yuzaga kelmasdi. Bizdan vaqtini va mehnatini ayamagan ustozga katta rahmat deyman.

Ibrohim ABDUSODIQOV:

–  Shu kungacha Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Behbudiy, G‘afur G‘ulom tavalludlariga bag‘ishlab kichik “spektakllar” qo‘ydik va maktabdoshlarimiz, ota-onalarimizdan maqtovlar eshitdik. Albatta, kamchiliklarimiz uchun tanqidlar ham bo‘ldi.

Yoz kelib, ta’til boshlangani chatoq bo‘ldi. Chunki endigina mahoratimiz oshib borayotgandi. Shuning uchun yangi o‘quv yili kelishini, maktabda o‘qish va drama to‘garagida tezroq  shug‘ullanishni orziqib kutaman.

Bu bolalar Toshkent shahar Uchtepa tumani 44-maktab qoshidagi “Nihol” drama to‘garagining faol a’zolari. To‘garak “5 tashabbus” doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unga o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Shahlo Bozorova rahbarlik qiladi. U drama to‘garagi haqida shunday fikrlarni bildirdi: “O‘quvchilarga dars berish jarayonida ular orasida san’atga qobiliyatli va xotirasi kuchli bolalarni ko‘rdim. Bolalarni san’atga qiziqtirish orqali, ularning tarbiyasiga ko‘proq ahamiyat berishga harakat qilaman.

To‘garak ishini boshlaganimga 10 yildan oshdi. O‘zim boshlovchi va muallif bo‘laman, ssenariyning har bir nuqta, verguligacha qarab chiqaman.

Bir so‘z bilan aytganda, rejalarimiz katta. Kelgusi o‘quv yilida bugungi kun muammolarini – yoshlarning giyohvand moddalarga ruju qo‘yishining salbiy oqibatlarini va telefondan, ijtimoiy tarmoqlardan noto‘g‘ri foydalanishning zararli tomonlarini sahnaga olib chiqish niyatidamiz.

 

Ma’pura NABIYEVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.