Yetim qoʻzi
Ko‘pdan orziqib kutganim – yozgi ta’til kunlari yaqinlashib qoldi! Ta’til yaqinlashgani sayin, xuddi kimdir ataylab yo‘lni to‘sib qo‘yganday, kunlarning sira o‘tmayotganiga nima deysiz?! Ta’til boshlansa, ovulga – tog‘amning uyiga ketmoqchiman. Sababi, qiziqning bari ovulda-da, cho‘milish deysizmi, otga minish deysizmi – bunaqa mashg‘ulot-u o‘yinlar har qanday bolani o‘ziga tortishi bor gap. Bu yilgi yozni ko‘zim to‘rt bo‘lib kutayotganimning sababini ham aytib qo‘ya qolay: qanday qilib bo‘lmasin, shu ta’tilda ot minishni o‘zim mustaqil o‘rganmoqchiman! Ha, mana shunaqa gaplar...
O‘tgan yili ta’til kunlari tog‘amning o‘g‘li Salomat:
– Sen hali kichkinasan, sal o‘rganishing kerak, undan keyin minasan otni, – deb ko‘zimni ochirmay qo‘ydi. O‘zi otni egarlab, zimg‘oyib bo‘ladi, men yana eshak minishga majburman. Hisoblab ko‘rsam, Salomat mendan atigi bir yosh katta. Hayron qoladigan yana bir yeri bor: otga mingandan keyin ham chopdirib ketavermaydi, sekin haydab u yoqqa o‘tadi, bu yoqqa o‘tadi, “otimning ichiga issiq kirmasin” deydimi... Ha, yana, otda chopib, aylanib keladi-da, yo o‘t bermay, yo suv ichirmasdan yetaklab yurishi ham bor. Eh, o‘zim minishni o‘rganib olay, ana o‘shanda ko‘rsatib qo‘yaman o‘sha Salomatga ot choptirish qanaqa bo‘lishini! To‘g‘ri, eshak minish ham zavqli-yu, lekin otga minib chopishning gashti bo‘lakcha-da... Bulturgi yozni tog‘alarimning uyida eshak minib o‘tkazdim. Maqtanyapti desangiz, deyavering: biron martayam eshakdan hali yiqilmaganman! Tog‘amning aytishicha, otning usti eshaknikiga qaraganda ancha bemalolroq, bexavotirroq bo‘ladi ekan, ya’ni otdan yiqilish eshakdan yiqilishga qaraganda ancha yengil o‘tadi ekan, hech qayering og‘rimaydi, deydi...
Aytmoqchi, tog‘amlarning ovulidan sal chetroqqa chiqsang, ko‘l bor, vuy, bu ko‘ldagi baliqlarning ko‘pligini! Salomatning qarmog‘i yo‘q ekan, shuning uchun o‘tgan yili baliq ovlaganimiz yo‘q. Ammo bu yilgi ta’tilga atab o‘ndan ortiq qarmoq olib qo‘ydim. Qarmoqni suvga tashlab qo‘yib, baliqning kelishini kutish ham zavqli-da! Qani endi tezroq yozgi ta’til boshlansa-yu, tezroq tog‘amlarning uyiga borib, Salomatning yonida paydo bo‘lib qolsam. Eh!..
* * *
Tarbiyaviy soat vaqtida sinf rahbarimiz har bir o‘quvchidan yozgi ta’tilni qayerda, nima ish bilan o‘tkazmoqchi ekanligini birma-bir so‘rab chiqdi. Sinfdoshlarimning ko‘pchiligi lagerda dam olmoqchi. Men yozni qishloqda – tog‘amning uyida o‘tkazmoqchi ekanimni, qishloqni nima maqsadlar uchun tanlaganimni maqtanibroq aytib berdim.
Mana, orziqib kutgan kunlarim keldi. Oyijonim bozordan mo‘l-ko‘l sovg‘a-salomlar olib berdi-da, meni avtobusga mindirib, kuzatib qo‘ydi. Haydovchiga qayerda tushishimni, soat nechalarda yetib borishimni qayta-qayta tushuntirdi. Yonida men turibman, “o‘zim bilaman, o‘zim bilaman, ketavering...” deb. Hatto, ko‘zimni bog‘lab qo‘yvorsalar ham tog‘amning ovulini topib bora olaman. Sababi, necha marotaba goh onam bilan, goh otam bilan, goh ko‘pchilik bo‘lib, goh esa yolg‘iz o‘zim borib yurgan qishloq-ku, shuni bilmaymanmi? Bugina emas, men ovuldagi otaxon-u onaxonlarni ham besh qo‘lday bilaman!
– Yaxshi yetib olinglar! Jon uka, yo‘lning chetiga chiqib to‘xtasang bo‘ldi, o‘zi “lip” etib tushadi-qoladi. Borganingdan keyin bir xabaringni yetkaz, men shundagina tinchib, bexavotir o‘tiraman. Xo‘pmi, Po‘latjon o‘g‘lim?
– Xo‘p, xo‘p, siz ketavering endi...
2
Tushlik vaqti bo‘lib-bo‘lmayoq tog‘amning uyiga kirib bordim. Salomat hali maktabdan kelmagan ekan. Yuvinib, choy-poy ichib olgunimcha, u ham kelib qoldi. Kelganimni ko‘rib, rosa xursand bo‘lib ketdi. Tog‘am Salomatni darhol yoniga chaqirib, kundalik daftarini ko‘rsatishni talab qildi. Kundalik daftardagi choraklik va yillik baholarni solishtirib ko‘ra boshlagan paytda Salomat “lip” etib tashqariga chiqib ketdi. Bir payt tog‘am Salomatni chaqirib oldi-da, “baribir, menga bergan va’dangni bajarolmapsan-ku!” deb, koyib berdi. Salomat shunday bo‘lishini oldindan sezib, tashqariga chiqib ketgan ekan. Tog‘am koyish-tanbehlarini aytib bo‘lgunicha Salomat yerga qarab o‘tirdi.
Tog‘am choy bilan alahsib, kundalikni dasturxon chetiga tashlagan paytda, men Salomatning daftarini ochib varaqladim. Qarasam, faqat chet tilidan baholari “uch” ekan, yana uch fandan baholari “to‘rt”, qolgan fanlar hammasi “besh” edi. Tavba, shunga shunchalikmi deb, Salomatning o‘rniga endi men javob bermoqchi edim-u, tag‘in tog‘am gap boshlayotganini ko‘rib indamay qo‘ya qoldim. Tog‘avachcha o‘rtog‘im hamon yerga qarab, boshini egib o‘tiribdi.
– Menga qara, bolam-ov, “besh”laring ko‘payibdi, bu yaxshi albatta. Lekin sen “chet tilidan ham “besh”ga o‘qiyman!” deb va’da bergan eding-ku! Aytib qo‘yay, chet tilini o‘rganmas ekansan, o‘qishga kirolmaysan, shuni yaxshi bilib qo‘y, qani ko‘ramiz, keyingi yili qanday o‘qir ekansan, eh bolam-a, bolam-a...
Ovqatlanib bo‘lgan zahoti Salomat ikkovimiz qo‘raga qarab yo‘naldik.
* * *
Avvalgi odatiga ko‘ra Salomat menga:
– Po‘lat, sen eshakni egarlayver, – degan edi, men bo‘sh kelmadim.
– Yo‘q, men endi ot minaman! – deb, o‘jarlik qilib turib oldim.
– Sen ot minadigan bo‘lsang, eshakka o‘rganib qolgan odam, otni ham eshakday qilib chopaverasan-da, qiynab tashlaysan. Shunday qilib, otning ichiga issiq tushirib, majruh qilib qo‘yasan!
– Yo‘q, yo‘q! Hech unaqa bo‘lmaydi! Ot eshakka qaraganda baquvvat hayvon-ku, majruhlanmaydi. Qolaversa, eshak mayrilmaganda, ot mayrilsinmi? – deb ikkovimiz bahslasha boshlaganimizda, ustimizga tog‘am kelib qoldi. Aftidan, bizlarning dovlasha boshlaganimizni u uzoqdan eshitib kelayotgan bo‘lsa kerak.
– Po‘latjon, aylanayin jiyanim-ov, sen hali ot minishning yo‘l-yo‘rig‘ini bilmaysan-ku, – dedi tog‘am bizlar tinchlanib olganimizdan so‘ng.
– Bilaman! – dedim yig‘laguday bo‘lib. – Men eshakni qancha minib choptirganimdayam biron marta yiqilmaganman! Shunday ekan, ot qanchalik qattiq chopmasin, qanchalik ho‘ngkilamasin, o‘zimni tutib o‘tira olaman, yiqilmayman!
– Aynanayin-ov, yiqilmasliging yaxshi-kuya, lekin bu bilan otni minib bilaman, deb bo‘lmaydi-da. Eng avvalo, otning ahvoliga tushuna bilishing kerak. Nima uchun otni issiqda choptirib bo‘lmasligini, qizib kelgan otni nima uchun sug‘orib bo‘lmasligi, nima uchun o‘t yedirib bo‘lmasligini besh barmoqday bilib, shularning bariga amal qilmog‘ing kerak, – deb, yana barini bir chekkadan gapirib, tushuntira boshladi tog‘am. – Agar shularning barini o‘rinlaydigan bo‘lsang, mana ot, minaver.
Men esa shu lahzalarda otga minish borasidagi orzularim amalga oshishi uchun tog‘am aytayotgan eslatma-yu shartlarning hammasini bajarishga rozi edim! Ammo, ming afsuski, “ot minsam, azondan kechgacha chopaman” deb o‘ylagan niyatlarim hozircha puchga chiqdi. Bunga o‘zim aybdorman, albatta.
* * *
Otni o‘sha kuni minganim bilan, azonda bir marta ko‘zimni ochib, shundan to choshgohgacha uxlayveradigan odatim sabab bo‘lib, baribir otga minish menga ko‘p vaqtgacha nasib etmadi. Bilasiz, boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan boshqa qishloq bolalari ko‘pincha ota-onalariga yordam berish uchun dalada yurishadi. Salomat ham erta tongdan turib, sog‘in sigirni arqonlab, paxta o‘tog‘iga ketadi. Tushlik mahalida sigirni sug‘orib, o‘rnini o‘zgartirib arqonlaymiz. Ol, kechda men sigirni olib qaytaman. Nega desangiz, Salomat paxtazordan kech qaytadi. Dastlabki paytlarda choshka bo‘lsayam eshakni egarlab minib, Salomatdan o‘rgangan odatim bo‘yicha yo‘l kesaman. Ovul odamlari qay tarafga ketgan bo‘lsa, o‘sha tomonga yuraversam, haytovur, ularning paxta o‘tab yurgan dalasini topib boraman. Bu halakchiliklarning barini yagona maqsadda – otga minish maqsadida amalga oshiraman. Ovul bolalarining ko‘pchiligi dalada yurganidan keyin, ovul oralashning men uchun sira qizig‘i yo‘q. O‘ynab yurgan bolalarning barchasi – boshlang‘ich sinf o‘quvchilari. Bolalar orasida Salomatning sinfdoshi – Ellikboyni uchrataman, xolos. Ellikboy deganimiz Oymurod degan uzoq bir tog‘amizning ellikka chiqqanda tug‘ilgan yolg‘iz bolasi, shuning uchun ham Oymurod tog‘amiz uni erkalab paxtaga-da yubormaydi, ish ham buyurmaydi. Erka bola-da, erkatoy. Men ham bir-ikki marta Ellikboyning kichkintoy bolalarga qo‘shilib o‘ynab yurganiga havasim kelib, ovulda qolib o‘ynab ko‘rdim. Mayda churvaqalar orasida ikki o‘spirin bola bo‘lib yurganimiz chillak o‘yinidayam, quvlashmachoqdayam qo‘l kelib turgan edi. Sababi, ikkovimiz bir bo‘lib olamiz-da, lahza ichida o‘zimizga jamoa tuzib olamiz. Men-ku bu o‘yinlarning qoidalarini unchalik bilavermayman, Ellikboyning aytgani bo‘yicha o‘yinga qo‘shilib ketaveraman... Xullas, gapning qisqasi, ovul bolalari bilan turli o‘yinlarni o‘ynab yurib, bir kuni futbol ham o‘ynaydigan bo‘ldik. Mana shu o‘yinda Ellikboy bilan aytishib qolaverdik, aytishib qolaverdik. Men futbol o‘yinining qoidalarini yaxshi bilaman, maktabdayam futbol to‘garagiga qatnashib kelayapman. Nukusda yurganimda sinfma-sinf o‘yin bo‘ladimi, maktabma-maktabmi, barida ishtirok qilib kelaman. Ovuldagi futbol o‘yini esa butunlay boshqacha ekan, qaysi jamoa qoida buzsa buzaversin, barcha qoidabuzarliklar bir chekkada qolib ketaveradi-yu, Ellikboyning aytgani aytgan, degani degan bo‘lib, Ellikboy qay tarafni ko‘rsatsa, shu tarafga to‘p tepilishi shart ekan. Ellikboy bo‘lsa, o‘zining foydasini ko‘zlab, xohlasa jarima belgilaydi, xohlasa penaltini ko‘rsatadi, kichkintoy bolalarning qarshiliklari uning uchun bir tiyin. Boshqalarning haqiqat talab qilib, yelib-yugurishlarini Ellikboy jo‘ramiz sariq chaqagayam olmaydi. Hisob 10:0 bo‘lib turgan bo‘lsayam, Ellikboy bu hisobni o‘zining foydasini ko‘zlab, 20:0 deb aytsa – bo‘ldi, shuniki hisobga o‘tadi-da, boshqalarning gapi bir tiyin bo‘lib qolaveradi.
Ey, bunaqada o‘yin bo‘ladimi?! Faqat bir odamning aytgani aytgan, degani degan bo‘laversa, o‘yinning qizig‘i qoladimi? Nahotki hech kim Ellikboyga teng kelolmasa? Unga teng keladiganlar paxta dalasida, axir. Ishqilib, kichkintoylar bilan futbol o‘ynash menga yoqmay qoldi. Shuning uchun ham, azonda Xolmurod brigadirning podasidan oldinroq chiqib, odamlarning qay tarafga ketganligini bilib olaman-da, otiz tomonga boraman. Podadan keyin qolsam, tog‘amning yonida yordam berib yuraveraman. Xolmurod brigadirning bir poda qo‘yi bor. Shu podadan keyin yo‘lga chiqadigan bo‘lsam, poda burungi izlarini bosib, mo‘ljaldan adashtiradi. Ovulning paxta otizlari anchagina olisda bo‘lganligi sababli, hech kim piyoda yurmaydi. Bir-ikki odamda velosiped bor, qolganlari otli yoki eshakli yuradi. Ularni qay tarafga ketganini Xolmurod brigadirning podasidan oldinroq chiqsang, odamlarning qay otizda ishlayotganligini bilish oson.
Tog‘am mening dalaga chiqmaganimni ma’qul ko‘radi. Ungayam bir yordamchi kerak. Mening qo‘limdan hech narsa kelmaydi-yu, har holda “uni olib kel, buni olib kel” degan ishlarni qoyillataman. Tog‘am shundan xursand. Bir kuni tog‘am, yordam berib yurganimga quvonib ketdimi, menga qarab:
– Po‘latjon, mening senga bir enchi berish niyatim bor, – dedi. – Nima bersam ekan? Echki beraymi, qo‘y beraymi, yo... buzoq bag‘ishlayinmi?
Men o‘ylanib ham turmasdan:
– Tog‘a, menga qo‘chqor beraqoling, – dedim.
– Bo‘ladi! Bo‘ladi! Jiyanim, xudo xohlasa, bir qo‘chqor enchi mendan, – deb, boshimdan siypab, yelkamga qoqib qo‘ydi.
Bir kuni brigadirning podasidan keyin chiqib, ovul odamlari qaysi otizda yurganligini aniqlay olmadim-da, kelib tog‘amga yordamlashib yurgan edim. Xolmurod brigadir tog‘amning sog‘in sigirini oldiga solib quvalab keldi-da, og‘ziga kelgan yomon so‘zlarni aytib, tog‘amga so‘kish yog‘dira boshladi. Tog‘am ham muloyim tortib qoldi-da:
– Bolalarga ishongan edim, oqsoqol. “Bola, bolaning ishi chala” deganlari shu bo‘lsa kerak. Kechirasiz, endi takrorlanmaydi, – deb yalinib turibdi. Shu orada Salomat ham paxta otizdan qaytib, otini bog‘ladi-da, brigadirni ko‘rgach, salom berish niyatida qo‘sh qo‘lini oldinga cho‘zib kela boshladi. Xolmurod og‘a salomga alik olishning o‘rniga, uni qamchi bilan tortib yubordi. Salomat chirqirab yig‘ladi-da, jo‘xori otizning ichiga kirib ketdi. Chirqiramay nima qilsin?! Ora-tura men ot mingan vaqtimda siltagan qamchim otga tegmay qolib, o‘zimning orqamga tekkan edi, orqam bir-ikki kungacha achishib yurdi.
Tog‘am shu yerdayam brigadirga hech narsa demadi, aksincha Salomatning o‘ziga:
– Mayli, gunohing yo‘q, lekin sigirning qozig‘ini durustroq qoqsang bo‘lardi-ku, – deb urishib qo‘ydi.
Bir vaqt ko‘zlari qizarib qolgan Salomat mening yonimga kelib:
– Yur, Po‘lat, molni arqonlagan yerni ko‘rib qaytamiz, – dedi.
Ikkovimiz birga mol arqonlagan otizning dambasiga bordik. Salomat o‘tlarning orasidan bir nimalarni izlay boshladi. Men ichimda “mol axir arqoni, qozig‘i bilan kelgan-ku, bu nimani izlab yuribdi?” deb hayron bo‘lib turdim. Shu payt Salomat tovushlab meni chaqirdi.
– Mana, qara, molning o‘zi bo‘shanmagan, kimdir uning qozig‘ini sug‘irib yuborgan, – deb, qoziq qoqilgan o‘rinni ko‘rsatdi. Qarasam, molning qozig‘i tikka yuqoriga qarab sug‘irilgan edi.
(Davomi kelgusi sonda)
Abduqodir Qayipov
Qoraqalpoq adibi
Qoraqalpoq tilidan Muzaffar AHMAD tarlimasi