Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sharqning buyuk adibi

XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, buyuk romannavis adib, matonatli inson Abdulla Qodiriy 1894-yil 10-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Bu yil yozuvchi tavalludiga 125 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan adibning hayoti va ijodiga doir bir qancha kitoblarni yana qayta o‘qib-o‘rganib chiqdik. Buyuk ijodkorlarning ustoz mahoratiga munosabatlari va e’tiroflaridan g‘ururlandik. Ulardan ayrimlarini sizga ham ilindik.

 

Abdulla Qodiriy faqat badiiy asarlari bilan emas, balki o‘zining shaxsiy fazilatlari, hayot va ijodga munosabatlari, odamiyligi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lgan yozuvchidir. U asarlarida olg‘a surgan umuminsoniy g‘oyalar, intilishlar bilan kitobxon ruhiy dunyosini boyitishga xizmat qilgan san’atkordir. U yaratgan mahorat maktabi esa ko‘pgina qalam ahllariga qimmatli saboq bo‘lmoqda.

Ishonch bilan aytish kerakki, uning birinchi romanini barcha turkiy xalqlar sevib oqishgan. Turkiy tilda ijod qiladigan kopgina yozuvchilar A. Qodiriyni ozlariga ustoz deb bilganlar.

 

Matyoqub Qo‘shjonov

 

* * *

Abdulla Qodiriy romanlari paydo bo‘lishi bilan go‘yo tekis sahroda to‘satdan Pomir tog‘lari vujudga kelganday bo‘ldi. Uning asarlarini Chaykovskiy kuylarini tinglaganday dam olib, miriqib, gasht qilib o‘qiysan kishi.

Muxtor Avezov

 

* * *

Abdulla Qodiriy asarlarini 1930-yillarda o‘qigan bo‘lsam ham, ulardagi qahramonlarni hozirga qadar unuta olmayman. Yozuvchi chuqur lirikaga yo‘g‘rilgan jumlalari bilan meni maftun etardi... Uning asarlari mohir zargar tomonidan yasalgan buyum yanglig‘ jilolanadi.

 

Jalol Ikromiy

 

* * *

Abdulla Qodiriyning prozasi g‘oyatda hayotiyligi bilan ajralib turadi. Xalqning boy va ajoyib tilini nihoyatda yaxshi bilganligi uning asarlarida yaqqol sezilib turadi. Bu ulkan adibning romanlari ana shunday go‘zal til bilan yozilgan. U...tug‘ma epik yozuvchi edi.

Oybek

 

* * *

Abdulla Qodiriy ijodini chinor daraxtiga o‘xshataman. Chinor haybatini har bir odam ko‘radi, soyasidan bahramand bo‘ladi. Lekin daraxtning barglari qancha ekanini, yo‘g‘on shoxlari-yu, barmoqdan nozik shoxchalarini birov sanab ko‘rmagan. Abdulla Qodiriy asarlarining fazilati ham shunday. Bitta bargini yaxshilab o‘rganish uchun bir shogirdning umri kifoya qilarmikin?

 

Tohir Malik

 

* * *

Qodiriy asarlari, jumladan “O‘tkan kunlar” kirib bormagan xonadonni men o‘zbek xonadoni, “O‘tkan kunlar”ni o‘qimagan o‘zbekni chin o‘zbek deb ayta olmayman.

 

Umarali Normatov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.