Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shaxmatning jahon malikasi

Afruza Hamdamova — maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘z yosh toifasida 14 karra O‘zbekiston chempioni edi. Yaqinda — 12-25-noyabr kunlari Italiyaning Montesilvano shahrida shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida u muddatidan oldin rekordni yangiladi. Endi Afruza – O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasida ilk jahon chempioni.

Besh yoshidan shaxmatga qiziqqan Afruza ayni damda Samarqand shahridagi 42-maktabning 8-sinf o‘quvchisi. U darslardan so‘ng sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanish uchun murabbiylari Shahob Hamroqulov va (otasi) Akbar Hakimovlar oldiga intiladi. Ustoz sabog‘i, tinimsiz harakatlari sabab 2016-yilda Eron poytaxti Tehron shahrida tengdoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida standart, rapid va blits yo‘nalishida ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgan. Bir yildan so‘ng Ruminiyaning Yassi shahrida bo‘lib o‘tgan chempionatda standart va blits bo‘yicha oltin medalga egalik qilgan. 2018-yilda esa Belorussiya poytaxti Minsk shahridagi tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida rapid bo‘yicha kumush, blits yo‘nalishida oltin medalga sazovor bo‘lgan. Ikki yil o‘tib onlayn tarzda tashkillashtirilgan FIDE 3.4-zonasi birinchiligida 2-o‘rinni egallab, xotin-qizlar o‘rtasida FIDE sport ustasi bo‘lib tanilgan. Bundan tashqari, dunyoning Gruziya, Rossiya, Braziliya, Shri-Lanka, Turkiya mamlakatlaridagi chempionatda qatnashib, g‘oliblar safidan joy olgan.

Qizig‘i, shu yilgi Italiya Jahon chempionatida shengen viza bilan bog‘liq muammolar sabab Afruza musobaqaga kechikib borgan va 1-turda qatnasha olmagan. Shunday bo‘lsa-da, shaxmat bo‘yicha malikamiz 2-turdan ishtirok etib, 9 o‘yinning barchasida g‘alaba qozongan. Garchi oldinda yana bitta tur bo‘lsa-da, uni o‘ynashga hojat qolmagan. Muvaffaqiyatidan quvongan qizning so‘zlari esa quyidagicha: Veni, Vidi, Vichi (Keldim, ko‘rdim, g‘alaba qildim).

26-noyabr tongi Afruza uchun tantanavor yorishdi. Erta tongdan Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonga qaytib kelgan Afruzani shaxsan kutib oldi.

— Men ushbu g‘alabamni xalqimga, Prezidentimga bag‘ishlayman, – deydi shaxmat malikasi Afruza Hamdamova. — Raqiblarimning barchasi yaxshi shaxmatchilar edi. Ularga qarshi bir necha yildan buyon o‘ynab kelganim sababli, qanday yurishlarni amalga oshirishini yoddan bi­lardim. Asosiy o‘yinl­arda qora ranglarda o‘ynash qi­yinchilik tug‘dirdi. Agar ular xato qilsagina mening g‘alaba qozonish imkoniyatim oshardi. Xato qilmasa, o‘yin durrang bilan yakunlanardi. Raqiblarimning asosiy kamchiligi oxirida endshpilda yaxshi o‘ynay olmasligi bo‘ldi. Shu sababli qaysi rangda bo‘lishimdan qat’i nazar endshpilda g‘alaba qozondim. Eng katta maqsadim — O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish, ayollar o‘rtasida eng yosh grossmeysterga aylanish.

Kim havas qilmaydi deysiz?! Yoshlar press-klubida Afruza Hamdamovaga 100 million so‘m, murabbiyiga esa 50 million so‘m pul mukofotlari topshirildi. Qoyilmisiz?

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.