Ilmsizlik zulmati
Qadim zamonda o‘qish va yozishni yomon ko‘radigan bir bola bo‘lgan ekan. U turli bahonalar bilan maktabga bormas, borganda ham berilgan vazifalarni bajarmay, faqat yomon baho olar ekan. Ota-onasining tanbehlariga quloq solmay, “Men katta bo‘lsam, cho‘pon bo‘laman, qo‘y boqish uchun o‘qish kerak emas”, der ekan.
Bir kuni u uylari yaqinidagi o‘tloqdan qo‘ziqorin terib yurib ancha uzoqlashib ketibdi. Yurib-yurib uncha chuqur bo‘lmagan bir daryo sohiliga kelib qolibdi. Narigi sohildan qo‘ziqorin termoqchi bo‘lib ko‘prik oldiga borib qarasa, uning chetidagi taxtachaga nimadir yozib qo‘yilgan ekan. Bola yozuvni o‘qimabdi va ko‘prikdan narigi sohilga qarab yuribdi. Ko‘prikning o‘rtasiga kelganda u sinib, bola suvga tushib ketibdi. Qo‘rqqanidan ovozining boricha baqirib odamlarni yordamga chaqiribdi. Yaxshiyam shu orada cho‘pon qo‘ylarini o‘tlatib yurgan ekan. U darrov tayog‘ini uzatib, bolani suvdan chiqarib olibdi. Keyin “Nega undan o‘tding?! Ko‘prik ustiga “Bu yerdan yurmang, nariroqda yangi ko‘prik bor”, degan yozuvni ko‘rmadingmi?” deb so‘rabdi. Bola unga javoban: Ko‘rdim, lekin o‘qimadim, chunki men o‘qishni bilmayman, debdi. Shunda cho‘pon unga “E bolam, hatto qo‘y boqish uchun ham o‘qish kerak”, debdi.
Ey farzand, faraz qil, agar cho‘pon o‘qishni bilmaganida o‘zini ham, qo‘ylarini ham halok qilgan bo‘lar edi.
O‘z muxbirimiz