Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ortda qolgan manzillar

Umr oqar suv yanglig‘ o‘taverar ekan. Ortga boqsam, saksondan ham oshib ketibman. Ko‘plab kasbdoshlarimiz, safdoshlarimiz, tengdoshlarimiz hayot yo‘llarining eng go‘zal, ibratomuz tomonlarini gapirish, yozishni ma’qul ko‘radi. Bir tomondan bu to‘g‘ridir. Chunki odamlar, ayniqsa, yoshlar shunday nurli yo‘llardan ibrat olishlari kerak, nazarimda. Menga esa ortda qolgan manzillarimning tuzatib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘yilgan tomonlarini yorqin voqealar orqali ko‘rsatib o‘tish ma’qul ko‘rindi. Zero, bor haqiqatni to‘laligicha bayon aylash ham aniq va tegishli xulosa chiqarishga imkon beradi.

Qirq birinchi yil, ayni bahor chog‘ida tug‘ilganlardan biri – men esimni taniganimdan boshlab chertmak, rogatka (sopqon ham deyishadi biz tomonda) yasab olib, erta bahorda issiq o‘lkalardan  tashrif buyuruvchi go‘zal va rang-barang qushchalarni otib shikastlardim. Ba’zilarining nomlari ham yodimda: ola ayg‘ir, to‘ng‘ich pashshaqoqar, qizilcha, qiymacha... Bu kabi mitti qushchalarning vazni bir necha gramm tosh bosar yo yo‘q. Hozir ayni bahor chog‘larida dalalarga chiqib, sog‘inib, zoriqib kuzataman, izlayman-u, ulardan biror nishona uchratmayman.

 

SOPQONNI SINDIRIB SOYGA ULOQTIRDIM

Ha, bir voqeadan keyin... Bozorga borish va qaytish yo‘lidagi Yakkatutda ov qilayotgan edim. Shoxlar orasidagi mitti chumchuq bolasi meni ko‘rib, bir barg ortiga yashiringan bo‘ldi. Sopqon (rogatka)ga dumaloq toshchani joylab, zarb bilan ursam, chumchuqchaning boshi bir tomonga, tanasi ikkinchi tomonga tushsa bo‘ladimi! Sevingancha borib, o‘ljamga qo‘l cho‘zdim. Shu dam kimdir yelkamdan tutdi. Bosh ko‘tarib qarasam, boshlang‘ich sinflarni o‘qitadigan o‘qituvchimiz Nusratilla aka ekan.

–  Anavi sho‘rlikning ahvoliga qara! – dedi o‘qituvchimiz qushchaning jon berayotgan boshiga ishora qilib. – Shu tirik jonniyam Alloh yaratgan-ku, olamda yashashga haqqi bor edi-ku!..

Men lol edim, jinoyat ustida qo‘lga tushgan aybdor holatida edim.

–  Boshqa qaytarmayman, ishoning menga, – dedim sopqonni sindirib, soyga uloqtirar ekanman.

–  Ishondim senga, – dedi ustozim o‘z yo‘lida davom etar ekan.

Yillar o‘tib tabiat va jonivorlar muhofazasi asosiy mavzularimdan bo‘lib qoldi. Yovvoyi jonivorlar muhofazasi  bir taraf bo‘lsa, alqorlar himoyasi yana bir taraf. Chunki eng go‘zal jonivorlardan bo‘lmish alqorlar yil sayin kamaymoqda edi.

 

IZLARINGNI IZLAYMAN ALQOR

Qishlog‘imiz Oqtosh tog‘larining etagida joylashgani uchun Chimyon cho‘qqilariga tengdosh Qoraqoya kengliklari shundoqqina ko‘zga tashlanib turardi. Bir gal qor ertaroq tushgan kezlar edi. Mahalliy ovchilarning: “Alqorlar paydo bo‘libdi-ya”, degan gaplari quloqqa chalinib qoldi. Bu xabar tezda o‘tkir ko‘zli g‘oratchilarning quloqlariga yetib, yovvoyi qo‘ylarning o‘zi tugul izlari ham quritib yuborildi. Keyinchalik ham “brokoner”, ya’ni tabiat g‘oratchilarini bu yo‘ldan qaytarishning iloji bo‘lmadi. Qarabsizki, Qoraqoya qirlari yana o‘lik makonga aylandi. Surishtirib ko‘rdim: “Vatanimizda alqorlar saqlanib qolgan makon bormikan o‘zi?!” Izlay-izlay xushxabar eshitdim: Nurota tog‘larida alqorlar muhofazaga olinibdi. Xudoga shukr, haqiqat bor ekan, chorasini topsa bo‘lar ekan-ku! Vaqtni g‘animat bilib, alqorlar bilan uchrashish va ularga omonlik tilash  maqsadida Jizzax va Navoiy viloyatlari sari yo‘lga chiqdim. Viloyatlarning rahbarlari ko‘rsatmalariga asosan tabiat himoyachilari bizga  hamroh bo‘ldi. Afsuski, kun bo‘yi alqor u yoqda tursin, noyob bu jonivorlarning izlarini ham topa olmadik.

Asad ASIL,

yozuvchi 

 

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.