Matilda yoxud vunderkind qizaloq
Odatda, ko‘pchilik ota-onalar bolasidagi biror yaxshi sifati yoki holatni yanada oshirib aytishga, farzandi dunyodagi eng iste’dodli bola ekanligiga hammani ishontirishga harakat qiladilar. Loyihamiz bo‘yicha “Gulxan”ning oldingi sonida e’lon qilingan “G‘aroyib bolalar” asaridagi yoshi kattalarning bu mavzuda bir-biridan qolishmay aytadigan maqtovlarini bir eslang!
Ba’zida esa ota-onalar bilib-bilmagan holatda farzandiga ozor berib qo‘yishadi, baqirib gapirishadi, tushunishmaydi. Ammo bola uchun eng yomoni nimaligini bilasizmi? Bu o‘zi uchun mos bo‘lmagan oilada dunyoga kelish, farzandining iste’dodini ko‘ra olmaydigan ota-ona qo‘lida tarbiyalanish.
“Matilda” asari qahramoni ham o‘zi uchun mos bo‘lmagan oilada tug‘ilgan, e’tiborsiz ota-ona qarmog‘idagi jajji qizaloq. Matildaning ota-onasi janob Vormvud va Vormvud xonim esa farzandlaridagi qobiliyatni sezish tugul, uning taqdiriga ham befarq bo‘lgan ota-onalar xilidan.
“Matilda” asari bolalar adabiyotining klassik namunalaridan biri bo‘lib, 1988-yilda Roald Dal tomonidan yozilgan. Kitob 200 bet, 21 bobdan iborat, voqealar turli rasmlar bilan tasvirlangan. Bir nafasda o‘qib tugatish mumkin. Asar bosh qahramoni 5 yoshli qiz – Matilda, u ota-onasi va akasi bilan kichik shaharchada yashaydi. Oilasi unga o‘ta befarq va nima qilayotgani bilan qiziqmaydi. Matilda 3 yoshida mustaqil o‘qishni o‘rganadi va kutubxonaga bora boshlaydi. Kutubxonadagi bolalar adabiyotiga oid hamma asarni o‘qib tugatadi, so‘ng mashhur asarlarni mutolaa qiladi. Ota-onasi qizchaga yaxshi muomalada bo‘lmaydi, ayrim vaqtlarda Matilda ularni jazolash uchun turli hiylalar qiladi. 5 yoshida maktabga boradi va birinchi kuniyoq matematika va o‘qish borasidagi bilimlari bilan o‘qituvchisi miss Hanini hayratda qoldiradi.
Bolaligida sehrgar yoxud g‘ayritabiiy qobiliyatga ega bo‘lib qolishni, turli mo‘jizalar ko‘rsatishni orzu qilmagan bola bo‘lmasa kerak. Afsuski, har bir ertakda bo‘lgani kabi bu asarda ham Tranchbul ismli yovuz maktab direktori bor edi. Matilda uning yomonliklariga qarshi kurashadi. Hech qachon sehr haqida turli xayollarga bormagan bo‘lsa-da, nohaqlik va zulmga qarshi chidab tura olmagan qizaloqda shu qobiliyat paydo bo‘ladi.
“Matilda” asari BBC tomonidan “Barcha davrlarning 100 ta eng yaxshi bolalar kitoblari” ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, kuchli o‘nlikdan joy olgan. Turli mukofotlarni qo‘lga kiritgan.
Kitob bolalar uchun bo‘lsa-da, kattalar, ya’ni farzandining taqdiriga befarq bo‘lmagan ota-onalar ham o‘qishi kerak. Mutolaa davomida zerikib qolmaysiz. Matildaning kitoblarga bo‘lgan mehri, kattalar o‘qiydigan kitoblarni 5 yoshga ham to‘lmasdan o‘qishi, qiyinchiliklarni yengib o‘tishi va kurashi kitobxon uchun haqiqiy o‘rnak bo‘la oladi. Mutolaadan so‘ng quyidagi savollarga javob topishni va bizga (telegram manzilimiz @GulxanBilimdon) yuborishni unutmang. Topqirligingizni, albatta, munosib baholaymiz!
Savollar:
1. Matilda kutubxonachi Felps xonim tavsiya qilgan qaysi asarlarni o‘qib chiqadi?
2. Janob Vormvud mashinalarni qanday usul bilan ta’mirlab, mijozlarni chuv tushirar edi?
3. Matilda qanday ota-onaning farzandi bo‘lishni istar edi?
4. Otasi 10 daqiqada hisoblagan arifmetik amalning javobini bir zumda topgan Matilda otasidan qanday so‘zlarni eshitadi?
5. Matilda maktabga borishining birinchi kunida kimga atab she’r yozadi?
6. Matildaning eng ajoyib fazilati nima?
7. “Jazosiz qolishni istasang, ishni oxirigacha yetkaz. Aql bovar qilmas ish qil. Haddan oshir. Shunday qilginki, shu qadar telbavor ish qilish mumkinligiga hech kim ishonmasin”. Asarda kim shu gapga amal qiladi?
8. Miss Hani bolalar so‘zlarni yodlab olishi uchun darsda qanday usuldan foydalanadi?
9. Matilda qaysi kitobni o‘qiganini aytganida Tranchbul xonim ishonmaydi?
10. Asar asosidagi xulosalaringizdan kelib chiqib ayting-chi, siz qanday ota-onaning farzandi bo‘lishni istaysiz?
Shahribonu RAHMATOVA