Shukrona
Shukronam shu, toʻkin yurtda tugʻilganman,
Tuprogʻi zar, oltin yurtda tugʻilganman.
Oydin tunlar oy charaqlab, boshim silab,
Quyosh tongni oʻpgan yurtda tugʻilganman.
Osmon yashnar togʻlarining viqoridan,
Inju sochar qoʻynidagi muz-qoridan.
Koʻnglim yayrar chamanlarning iforidan,
Binafshalar kulgan yurtda tugʻilganman.
Oʻz rizqini ona yerdan topgan elim,
Oʻzi yemay bolasiga tutgan elim.
Toʻylar qilsa murodiga yetgan elim,
Har kun mehmon kutgan yurtda tugʻilganman.
Baxtiyorman, taqdirimda shunday Vatan,
Menga uning har giyohi bir jonu tan.
Mehri bilan vujudimda qalqiydi jon,
Olloh nazar solgan yurtda tugʻilganman.
Doʻstmuhammad DOʻST,
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumani
75-maktab