Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Siniy kit” – elektron ofat!

Kompyuterni, uyali telefonni bilmaydigan bola bo‘lmasa kerak! Ular tufayli paydo bo‘lgan va tilimizga “qapishib” qolayotgan so‘zlarni-chi? Yaxshi ma’nodagi so‘zlar bo‘lsa jon-jon deb o‘rganamiz, lekin...

Yaqin-yaqindan bir so‘z quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi – “Ko‘k kit” (Siniy kit). Bu nima yoki qanday so‘z? Lug‘atda yozilishicha, bu – ko‘k kit degani, xolos. Biroq internet tarmog‘i orqali ko‘pchilikning og‘ziga tushayotgan mazkur ibora – “tezkor o‘lim”, mudhish degan ma’noni anglatadi.

Kimga kerak bo‘ldi, bunday yoqimsiz iborani internet orqali tarqatish? Aytishlaricha, bu dastlab Amerika Qo‘shma Shtatlarida tarqalgan, undan boshqa davlatlarga, chunonchi, Rossiyaga yetib kelgan. Guruhning ramziy belgisi sifatida ko‘k rangli kit tasviri tushirilgani sababli u “Ko‘k kit” (Siniy kit) nomini olgan.

Kompyuterda nima ko‘p – xilma-xil o‘yin ko‘p. O‘yinni xush ko‘rmaydigan bola bo‘lmasa kerak, dunyoda. Lekin o‘yindan o‘yinning farqi bor, o‘ynaydigan vaqti bor. Oramizda kompyuter o‘yinlari deganda o‘zini tomdan tashlaydiganlar yetarli bir paytda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan xavfli va xatarli o‘yinlarni o‘ylab topish va uni hammayoqqa tarqatishdan kimlar, qanday naf ko‘radi?

Yuzaki qaraganda, oddiygina o‘yindek tuyulgan, aslida esa juda qo‘rqinchli “Ko‘k kit” (Siniy kit) ellik turdan tashkil topgan bo‘lib, u ellik kun ichida asirini o‘z-o‘zini ayanchli holga solishiga mo‘ljallangan. Bu “o‘yin” tashkilotchilari hatto boshlanishiga muxlisning hisobiga pul o‘tkazib turishadi va shu yo‘l bilan ko‘plab yosh bolalarning boshini aylantirib tuzog‘iga ilintiradi. Nihoyatda ustomonlik bilan topshiriq bera boshlashadi: avvaliga oddiygina surat chizasiz, keyin suratni yirtib yana qayta yig‘asiz va videosuratga tushirib ularga jo‘natasiz. Keyingisi – o‘z uyingiz tomiga chiqib atrofni kuzatasiz va o‘zingiz o‘zingizni savolga tutasiz: “Men bu dunyoda nima uchun yashayapman?” Shu holatingizni ham suratga olib, uni ham ularga jo‘natasiz. Navbatdagi safar qo‘lingizni kuydirasiz, bilagingizga “Siniy kit” so‘zini tig‘ yordamida tilib yozasiz, guruhning ramziy belgisi bo‘lmish ko‘k rangli kit suratini chizasiz. Oxirgi bosqichda esa ular sizni fojia tomon yetaklaydilar.

Nima emish, muxlis mana shu harakatlarini boshidan oxirigacha suratga tushirib, guruh ixtiyoriga peshma-pesh jo‘natib turishi kerak emish. Bordi-yu, u fojiali niyatidan qaytsa, uning uyali telefoniga maxsus dastur yo‘llanadi. Tabiiy, muxlis dastur bilan tanishish maqsadida qiziqib, ochadi. Ochgan zahoti muxlis haqidagi barcha ma’lumotlar ularga yetib boradi. Endi ular muxlisni qo‘rqitishga o‘tishadi. Oila a’zolariga, yaqinlariga tahdid qilish avj oladi. Qanday bo‘lmasin, o‘zlarining manfur niyatlariga yetishish yo‘llarini tinmay izlashadi.

Jiddiy e’tibor berilsa, bunday sovuq o‘yinlar, asosan, yosh bolalarga qaratilganini ko‘rish qiyin emas. Chunki yoshlarni aldash, chalg‘itish va yo‘ldan urish oson. Hozirga qadar 600 dan ortiq bola “Ko‘k kit” (Siniy kit) ofatiga duchor bo‘lgani ham shundan dalolat bermoqda.

Do‘stlarim, tengdoshlarim, siz-u biz baxtli mamlakatda yashamoqdamiz. Hayot shu qadar go‘zal va betakrorki, inson bo‘lib tug‘ildikmi, inson bo‘lib qolaylik. Turli g‘avg‘oli va ofat keltiruvchi o‘yinlarga aslo chalg‘imaylik. Oldinda bizni ulkan orzular kutib turibdi. Hech qanday qutqularga uchmaylik, ogoh bo‘laylik va shirin umrimizning xazon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaylik!

 

Shukrullo DO‘STMUHAMEDOV,

Toshkent shahri gidrometeorologiya kasb-hunar kolleji 2-bosqich o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.