Sir saqlashni bilasizmi?
– Umida, nega ha deb “uff” tortaverasan, darsni ham eshitmayapsan, – dedi Sevara dugonasini turtib.
– Bir narsadan qattiq xafaman. Iltimos, menga xalal berma.
– Nimadan xafasan? Axir eng yaqin dugonangman-ku, aytaqol, balki muammoingni birgalashib yecharmiz.
– Buni hech kimga aytolmayman. Bu – sir.
– Menga ishonmaysanmi? Agar sir bo‘lsa, uni oshkor qilmaslikka so‘z beraman.
Umida bu gaplardan keyin o‘ylanib qoldi.
– Mayli, faqat hozir emas, tanaffusda.
Qo‘ng‘iroq chalinishi bilan ikkisi daraxt tagidagi o‘rindiqqa yugurishdi.
– Bilasanmi, dadamni juda sog‘indim. Bir haftadan beri uyga kelmaydilar. Kecha ukam yig‘lab dadamni so‘ragandi, oyim, “Endi dadang kelmaydi”, deb urishib berdilar. Keyin o‘zlari ham unga qo‘shilib yig‘ladilar, kattalardek og‘ir xo‘rsindi Umida.
Sevara uning gaplarini eshitar ekan, dugonasiga achinib ketdi. Umida maktabga ko‘pincha dadasining mashinasida kelardi. U har kuni dadasi keltirgan shirinliklar bilan dugonalarini siylardi. Qanday qilib ularni tashlab ketishi mumkin? Sevara dugonasiga tez kunlarda dadasi qaytib kelishini, balki xizmat safariga ketgan bo‘lishi mumkinligini aytib yupatdi...
– Ertaga hamma besh ming so‘mdan tug‘ilgan kunga olib kelsin, – dedi sinfboshi Zuhra ular sinfga kirishlari bilan.
– Besh ming ko‘p emasmi? – beixtiyor e’tiroz bildirdi Umida. – Axir biz maktab o‘quvchisi bo‘lsak, pul yig‘ishimiz shartmi?
– Obbo, biram ziqnasan-da. Kim aytadi seni bankirning qizi deb?
Umida bu gapni eshitib bir zum jim qoldi, keyin asta borib sumkasini olib indamay chiqib ketdi. Ortidan yugurgan Sevara birozdan so‘ng qaytib keldi.
– Zuhra, sen hozir noto‘g‘ri ish qilding. Umidaning dadasi bir hafta avval ularni tashlab ketgan. Shuning uchun oyisidan pul so‘ragisi yo‘q.
– Voy, shunaqami, nega aytmaganding? Ertaga albatta kechirim so‘rayman.
Ertasiga sinfdoshlari Umidaga g‘alati qaradi. Zuhra esa yoniga kelib:
– Kechir, Umida, dadang sizlardan voz kechganini bilmagandim, – dedi.
– Sevara?! – Umida shunday deb sinfdan otilib chiqib ketdi.
Shunda Sevara va’dasining ustidan chiqolmaganini tushunib yig‘lab yubordi. U Umidaning ortidan borib kechirim so‘radi, lekin do‘sti eshitishni ham xohlamadi.
– Senga ishonib xato qilibman, – dedi. Sir saqlash qo‘lingdan kelmas ekan.
U sinfga qaytib kirdi. Biroq joyiga emas, oxirgi partaga borib o‘tirdi. Darslar tugab, Umida tashqariga chiqsa dadasining mashinasi turibdi.
– Sevara, qizim, kelaqol, seni ham tashlab o‘tamiz, – dedi Umidaning dadasi qizining orqasida nima qilishni bilmay turgan Sevaraga samimiy ohangda.
Ma’lum bo‘lishicha, Umidaning dadasi olis viloyatga xizmat safariga ketgan ekan. Bu rostmi, yo‘qmi, lekin qaytib kelganidan beri ayoli va farzandlariga avvalgidan-da mehribon.
Umida Sevara bilan yarashib oldi. Biroq ikki do‘st orasida allaqanday ko‘rinmas devor paydo bo‘lgandi.
Aziz do‘stlar, hammaning o‘z siri bor. Buni birovga aytish kerakmi, yoki yo‘q? Oshkor bo‘lmaguncha sir sening asiring, oshkor bo‘ldimi, sen uning asirisan, degan gap bejiz emas. Mabodo, kaltafahm yoki sizni ko‘rolmaydigan odamlar undan xabar topishsa, o‘zingizga qarshi qurolga aylantirishlari mumkin. Saqlay olmagan siringizni qanday qilib boshqalar yashirsin? Sir ham bir omonat, unga xiyonat qilish ishonchsizlikka, do‘stlikning darz ketishiga olib keladi. Sizni sirlaridan voqif etishsa, uni asrashga harakat qiling. Masalan, men sirlarimni yon daftarimga yozaman. Shunda xotirjam tortaman.
Qadrli bolajonlar, sir saqlash borasida sizning fikringiz qanday? Bu boradagi tajribalaringizni biz bilan o‘rtoqlashing.
Gulchehra MATYOQUBOVA