Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Toshdagi tarix

Yaqinda o‘quvchilarimni viloyatimiz tabiati, tarixi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida G‘allaorol tumani hududida joylashgan G‘o‘bdin qishlog‘i va Qo‘ytosh qo‘rg‘oniga sayohatga olib chiqdim. Nurota tizma tog‘lari oralig‘ida joylashgan bu qishloqlar o‘ziga xos tarixga egaligi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortgani bejiz emas ekan. Chunki biz ham sayohat davomida o‘lkamiz tarixidan yangi sahifalar kashf etdik. Qoyatoshlarga ajdodlarimiz chizib qoldirgan yuzlab suratlar, ayniqsa, tarix haqidagi tasavvurimizni boyitdi. Bu tosh suratlarda o‘lkamiz tabiati, jonivorlari, odamlarning turmush tarzi o‘z ifodasini topgan. Bir suratda suruvini qaytarib kelayotgan cho‘pon egnidagi kiyimi, qo‘ylarning zotlari ham aniq-tiniq tasvirlangan. Qoyatosh odamlar yashaydigan qishloqlardan ancha olisda bo‘lganligi, yog‘ingarchilik kamligi, shamol kuchli ta’sir qilmagani uchunmi, bu tasvirlar yaxshi saqlangan ekan. Eng qizig‘i, ko‘hna shakllar quyosh tikkaga kelganda, yoki yomg‘ir yog‘ib o‘tgach, yanada yorqin va aniq ko‘zga tashlanar ekan. Bu tosh suratlar bizga qadimda ham o‘lkamiz tabiati boy va xilma-xil bo‘lganligini “aytib berdi”.

Safarimiz davomida tog‘lik ajdodlarimiz ovqat pishirgan tosh o‘choq, miriqib dam olib, gurunglashishgan toshsupa va ayvonlarni ham o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Noyob mo‘jizalarni shu kungacha bag‘rida bus-butun saqlab kelayotgan tabiat saxovatiga qoyil qoldik. Ular nodir asar sifatida UNESCO tomonidan ro‘yxatga olinganidan qalbimizda faxr uyg‘ondi. Eng muhimi, jonajon yurtimiz tabiati, sermazmun tarixi haqida olam-olam taassurotlar bilan qaytdik.

 

Munira OCHILOVA,

Jizzax shahridagi 19-maktabning

geografiya fani o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.