Sizni buyuk ishlar kutmoqda
Xuddi yil fasllariga o‘xshab bolalarning fe’l-atvori ham turlicha bo‘ladi. Kimdir o‘rtoqlari bilan o‘yindan beri kelmasa, kimningdir do‘sti yo‘q. Yana biri arazchi bo‘lsa, boshqasiga gap ta’sir qilmaydi, bittasi so‘zamol, ikkinchisi kamgap. Shu sababli ular xarakter xususiyatlaridan kelib chiqib, ba’zi muammolarga duch kelishadi. Bu borada uzoq bosh qotirib o‘tirmasdan keling, yaxshisi, psixolog Nargiza opa Xalilovaga ba’zi savollar bilan murojaat qilamiz.
“Maktabga borgim kelmaydi”
– Maktabga borgingiz kelmasligining birinchi sababi, do‘stlaringiz bilan munosabatdan qoniqmasligingiz bo‘lishi mumkin. Chunki yakkalanib qolish odamni jamoadan bezdiradi. Darsdan tashqarida bo‘lgan qiziq voqealarni o‘rtoqlaringiz bilan bo‘lishishni xohlaysiz. Bir paytlar mening ham maktabga borgim kelmagan. O‘qituvchimiz bilimli, talabchan, qattiqqo‘l inson edi. Bir safar dars qoldirib, ertasi kuni maktabga qanday borish haqida o‘ylab qayg‘urdim. Ammo ustoz menga “Kecha darsga kelmading-a?! Seni bir ko‘rgim keldi, nima bo‘ldi ekan, deb xavotir oldim. Shundoq o‘rning bilinib turdi”, – dedi mehrli ohangda. Ustozga mening ham mehrim tovlanib, dars qoldirmaslikka harakat qilganman. Shuning uchun siz ham do‘stlaringiz bilan samimiy munosabatda bo‘ling, darslaringizni vaqtida tayyorlang, shunda o‘zingizdan qoniqish hissi paydo bo‘ladi va sinfxonangiz tomon oshiqasiz.
“Fikrimni erkin bildira olmayman. Ko‘pchilikning oldida gapirishga uyalaman”.
– Tabiatan tortinchoq bolalarda aslida bilim, tasavvur kuchli bo‘ladi. Ular mas’uliyatni chuqur anglashadi, doim javobgarlik hissi bilan yashaydi. Chunki tanbeh eshitishdan cho‘chishadi. Kelgusida ulardan intizomli xodimlar yetishib chiqadi. Ko‘pchilikning oldida gapirishdan uyaladigan bolalar o‘qituvchisi va ota-onasi yordamida bu muammodan qutulishi mumkin. Sinfxonada tarqatmalarni berib chiqishi, “ish o‘yinlari”da qatnashishi, uydagi qo‘ng‘iroqlarga javob qaytarishi, do‘kondan kerakli narsalarni o‘zi xarid qilishi, ko‘proq jamoa bilan muloqotda bo‘lishi kerak.
Darsda bilgan narsangizni toki ustoz so‘ramaguncha javob bermay, aslo ichingizda saqlab o‘tirmang. O‘zingizni qo‘l ko‘tarishga majburlang. Har bitta javobingiz orqali siz tortinchoqlik ustidan g‘alabaga erishaverasiz.
“Qancha o‘qisam ham, miyamga kirmaydi. O‘qiganlarim esimdan chiqib ketadi. Menimcha, boshqalardan qobiliyatsizroqman, shekilli...”
– “Men “ikkichi”man”, degan tasavvurni miyangizdan chiqarib tashlang. Hamma birdek bilag‘on, qobiliyatli bo‘lmasligi mumkin, lekin qobiliyatsiz bolaning o‘zi yo‘q. Faqat sizning xotirangiz sekin. Eslab qolib, tez esdan chiqaradigan xotira turiga kiradi. Hechqisi yo‘q, tez eslab qolib, sekin esdan chiqaradigan xotiraga erishish mumkin. Buning uchun xotira mashqlarini bajarish, miyani mashq qildirish kerak. Misol uchun, do‘stingiz bilan raqamlar ketma-ketligini buzmasdan aytish o‘yinini o‘ynang, adabiyot darsligingizdagi she’rlarni muntazam takrorlang. Unutmangki, telefon, kompyuter o‘yinlari miyangizni dangasa qilib qo‘yadi.
“O‘zim istamasam ham, yolg‘on gapirib qo‘yaman”.
Yolg‘onchilik – biror aybni berkitish orqasidan ko‘riladigan manfaat bilan bog‘liq. Ehtiyot bo‘lmasangiz, keyinchalik bu illat odatga aylanib qolishi mumkin. Yolg‘on jiddiy ijtimoiy xavf tug‘diradigan hodisalarni yuzaga keltiradi. Ana, Azimjonni olaylik. U litseyda tahsil oladi. Oyisiga, darsga ketdim, deb stadionda koptok tepib yurarkan. Davomati tushib ketgach, uyiga ogohlantirish xati kelgan. Bundan xavotirga tushgan oyisining qon bosimi oshgan. Ko‘rdingizmi, yolg‘on qutqarib qolmaydi, aksincha, ikki hissa ko‘proq muammolarni yetaklab keladi.
“Imlo xatolaridan qanday qutulsa bo‘ladi? Yozganimda, negadir, harflar tushib qolaveradi. X va h harflarini hech ajrata olmayman”.
– Ko‘pchilik bolalar arpa bilan bug‘doyni, o‘rdak bilan g‘ozni, olcha bilan gilosni adashtirib qo‘yishadi. Bilasizmi, nega? Chunki ularda idrok jarayoni to‘la differensiallashmagan, ya’ni shakllanmagan bo‘ladi. Shuning uchun “x” va “h” harflarini ko‘pincha ajratolmaydi. Bundan tashqari so‘zlarni talaffuzda qanday bo‘lsa, shunday yozib qo‘yadi. Diqqatning tarqoqligi, psixik rivojlanishdagi qiyinchiliklar xato yozib qo‘yishimizga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, imlo xatolardan qanday qutulish mumkin?
Buning uchun har kuni ustozingiz yordamida 30 tadan so‘z yozishni mashq qiling. Yoki bo‘lmasa, “A” harfiga doir barcha so‘zlarni daftaringizga tushiring. Agar mashqni rangli qalamchalar yordamida bajarsangiz bu kayfiyatingizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Meni u bilan solishtirmang”
Nodirning oyisi O‘ktamni maqtay ketdi: — Do‘stingni qara, bir haftada 14 ta “besh” olibdi. Nega sen undan orqada qolishing kerak?
– Siz ham har bitta “besh”imga ming so‘mdan bering, men undan ham ko‘p “besh” olaman, – dedi Nodir. Solishtirish natijasida Nodir oyisidan “pora” talab qildi. Buning ustiga o‘zidan bilimliroq do‘stini yomon ko‘rib qoldi. U har kuni ikki-uchta a’lo baho olish uchun o‘qituvchisini holi-joniga qo‘ymay, kundaligini ko‘tarib yuguraverdi. O‘ktam haqida yaxshi gap eshitishni istamay qoldi. Aslida, Nodir do‘stini yomon ko‘rishi emas, bilmaganlarini undan so‘rab, o‘rganishi kerak edi.
Ertak qahramonlari Zumrad, Kenja Botirlar bizga har doim o‘rnak bo‘lib kelgan. Agar ota-onangiz sizga ham kimnidir “qahramon” qilib ko‘rsatishsa, bundan ranjimang. Yetakchilarga qarab intilish bizni faqat yuksaltiradi.
Xo‘sh, sizni qanday muammolar qiynayapti? Ehtimol, hech kimga aytolmayotgan gaplaringiz bordir?! Sahifamiz orqali fikrlashishga tayyormiz. Shuni unutmangki, siz buyuk yurt farzandisiz. Sizni oldinda ulkan ishlar kutmoqda.
Umida SADATOVA