E’tibordan mamnunmiz
Tog‘lar bag‘rida joylashgan so‘lim Angren shahrida yashayman. Men yashayotgan jannatmakon go‘sha, ayniqsa, bahor, yoz fasllarida naq ertakdagi Susambilni eslatadi. Men judayam omadli, baxtli qizman. Chunki shunday afsonaviy go‘zal go‘shada tug‘ilib, obod xonadonda ulg‘aymoqdaman.
Ta’til boshlanishi bilan o‘quv dargohimizda ta’mirlash ishlari avj oldi. Yozning jazirama kunlarida o‘z kasbining ustalari bo‘lgan quruvchi amakilar astoydil ishladilar. Bir kuni dadam bilan maktabimizga bordik.
– Eh qizginam, sizlar yaxshi o‘qib, yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lib ulg‘aysangiz bo‘lgani, – dedi peshonasidagi terlarni oq durrasiga artarkan ustaboshi amaki.
– Albatta, biz a’lo o‘qib, siz aytganingizdek Vatanimizga munosib farzand bo‘lamiz, amaki, – dedim ruhlanib.
Gaplarimizni eshitgan direktorimiz Esonali Usmonov va dadam bizga qarab kulib qo‘yishdi.
Yangi o‘quv yili ham boshlandi. Maktab-internatimizga qadam qo‘ygan aziz ustozlarim, qadrdon sinfdosh va maktabdoshlarim yangi ta’mirdan chiqqan o‘quv maskanimizni ko‘rib, quvonchlari olamga sig‘madi.
Madina UMARALIYEVA,
Toshkent viloyati Angren shahridagi
73-IMIning 4-sinf o‘quvchisi