Soʻz gavharining bahosi
Hozirgi suhbatimizda fikr yuritishga chogʻlanib turgan mavzumiz ona tilimiz haqida ekan, ona tilimiz ham oʻzbek millati qadriyatining ajralmas qismidir. Dunyoda keyingi maʼlumotlarga qaraganda, olti mingdan ortiq til bor ekan. Ularning koʻpchiligi isteʼmoldan chiqib yoʻqolib boryapti. Ammo, oʻzbek tili bunday xavotirdan juda yiroq. Tilimiz kundan kunga rivojlanmoqda. Bir qator chet ellarda maxsus oʻrganilmoqda. Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Amerikadan koʻplab yoshlar oʻzbek tilini oʻrganish maqsadida yurtimizga tahsil olgani kelmoqdalar. Agar bir necha yillar avval oʻzbek adiblarining asarlari chet tillarga asosan rus tili orqali tarjima qilingan boʻlsa, hozirgi paytda oʻz tilimizdan oʻgirilmoqda. Ayni chogʻda chet el adiblarining asarlari ham asliyatdan oʻzbekchaga oʻgirilmoqda.
Oʻzbek tili turkiy tillar tarkibida shakllangan. Turkiy tillar esa yapon, quriya tillari ham mansub boʻlgan Oltoy bobo tilining ajralmas qismi boʻlgan. Bugungi kunda turkiy til zaminida soʻzlashayotgan millatlar soni yigirmadan ortiq. Avvalgi zamonlarda qozoq, qirgʻiz, turkman, ozarbayjon, uygʻur, qoraqalpoq tillari alohida-alohida millatlar nomi bilan atalmagan. Bu tilda soʻzlashayotgan aholi ham, til ham turk-turkiy deb yuritilgan. Keyinchalik davlatlararo chegaralar keskinlashgandan keyin millatlar ham, yurtlar ham ajralgan. Xususan, oʻzbek tilimiz hatto Alisher Navoiy yashagan davrda turkiy deb yuritilgan. Yigirmanchi asrda Oʻzbekiston degan davlat paydo boʻlgandan soʻng olimlarimiz Alisher Navoiy ijodiga oid asarlar oʻzbek tilida yozilganini isbotlashdi. Bu qarorga kelishda shoirning turkiyda koʻp asarlar yozgani holda soʻzlarni qoʻllashi; jumla tuzishda muayyan uslubga amal qilishi; “qaro koʻzim”, “avvalgilarga oʻxshamas” kabi soʻz birikmalaridan foydalanishi aynan oʻzbek tilida amal qilinadigan qoidalar bilan uzviy bogʻliq ekani muhim ahamiyat kasb etdi. Alisher Navoiyning bevosita oʻzbek tilida ijod qilganini uning zamondoshi Zahiriddin Muhammad Bobur ham oʻzining “Boburnoma” asarida qayd qilgan. Xususan, Bobur oʻz ona shahri Andijon haqida yozar ekan, aholisini taʼriflab: “Shahr va bozorisida turkiy bilmas kishi yoʻqtur.
Ani uchunki, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim, Hirida nashʼu namo topubtur, bu til biladur,” – deydi. Keltirilgan maʼlumotda Andijon shahri va bozorida turkiy tilda soʻzlashni bilmaydigan kishi yoʻq ekani koʻrsatilmoqda. Gap hamon Andijon haqida borar ekan, Fargʻona vodiysida yashagan xalqning oʻsha paytda “Turkiy”, hozir esa “oʻzbek” tilida soʻzlashishi oʻz-oʻzidan haqiqatdir. Bobur bu haqda fikr yuritar ekan, shu zahoti Alisher Navoiyni esga oladi. Navoiy yozgan asarlari Hirida (Hirotda demoqchi) shuhrat topganini aytish bilan birga Andijon xalqi foydalanadigan tilni ham “bu til biladur”, – deb taʼkidlaydi. Demak, Alisher Navoiy asarlari aynan Andijon shevasiga mos yozilganini hisobga olib hech ikkilanmay shoirimiz bizning ona tilimizda, yaʼni oʻzbek tilida ijod qilgan, deb xulosa chiqarishimiz mumkin boʻladi. Shoir “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarining dastlabki sahifalarida oʻzini sheʼriyat gulistonining bulbuliga qiyoslab, Yaratgandan gunohlarini kechirishni soʻraydi va soʻzni durga tenglashtiradi, uning daryosi koʻngil ekanini aytadi. Demak, inson nutqining bosh manbai uning koʻnglidir. Koʻngil xazinasidagi boylik insonning nutqida, tilida namoyon boʻladi. Odamlar gavharni qimmatbaho tosh sifatida qadrlaydilar. Ammo soʻz gavharining bahosi undan oliyroqdir, martabasi bagʻoyat ulugʻroqdir. Shu qadar ulugʻki, uning sharhini aytishga soʻz ojizlik qiladi. Har bir soʻz oʻz maʼnosiga ega boʻlib, uning mohiyatini ana shu maʼno belgilaydi. Uni talaffuz qilish sharafiga esa faqat inson musharraf boʻlgan xolos. Muallifimiz bu taʼriflar bilan insonni ulugʻlamoqda. Yaratgan alloh yorugʻ dunyoda faqat insonga soʻzlash, fikr qilish va fikrini bayon qilish fazilatini inʼom etdi. Hamon shunday ekan, har bir inson avvalo, inson boʻlib tugʻilganiga, dunyodagi biror jonzodda boʻlmagan xususiyatga – oʻz mulohazalarini soʻz bilan ifodalash xislatiga egaligiga shukr qilishi lozimdir. Har bir xatti-harakatida, qarorida, soʻz aytishida inson degan ulugʻ nomga munosib darajada amal qilishi lozimdir. Shoir shaxs va nutq munosabatlari yuzasidan ibratli fikrlarni izhor qilganidan soʻng milliy til taʼrifiga oʻtadi. Uning taʼkidlashicha, ravshan va ravonligi, uslubning chiroyliligi jihatdan arab tili nihoyatda ziynatlangandir. Bu tilda Allohning Qurʼoni Karimi va Muhammad paygʻambarimiz (s.a. v.)ning Hadisi Shariflari yaratilgan.
Arab tilidan soʻng uchta til asl va moʻtabardir. Ular turkiy, forsiy, hindiy boʻlib, Nuh paygʻambarning uch oʻgʻli Yofas (turk), Som(fors), Hom(hind) nomlari bilan bogʻlanadi. Bu uchta tildan hind egasi Hom otasi Nuh alayhissalomga beadablik qilgani uchun bu tilga qargʻish tekkan ekan. Turk tilidan foydalanadiganlarning fors (shoir bu oʻrinda “sort” atamasini qoʻllagan) dan tez fahmroq, baland idrokroq, yaratilishi sofroq va pokroqligi taʼkidlanadi. Bizda tabiiy savol tugʻiladi: Nima uchun shoir alohida eʼtibor bilan ona tiliga bunchalar taʼrif bermoqda?
Gap shundaki, shoir yashagan zamonda Sharq adabiyoti forsigoʻy adiblar va aksari ziyolilar oʻrtasida turkiy til mavqeyini, martabasini kamsitish odat tusiga kirgan edi. Ularning fikricha, turk – oʻzbek tilidan faqat oddiy xalq foydalanadi. Oʻzini ziyoli, yaʼni maʼrifatli, ilmli hisoblagan odam fors tilini bilishi shart boʻlgan. Bunday mulohazaning shakllanishiga esa maʼlum darajada Firdavsiyning “Shohnoma”si, Rudakiyning ijodi, Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz Sheroziylar merosi shu tilda yaratilgani ham ahamiyat kasb etgan. Shaxs ichki kechinmalari ifodalanadigan lirik asarlar, ayniqsa, gʻazallar, ruboiylar; yirik dostonlarning asosan fors tilida yozilishi turk tilining imkoniyati cheklanganligidan deb hisoblangan. Shuning uchun Alisher Navoiy oʻzini ona tilimizning zabardast himoyachisi sifatida iqtidorini aynan turk, yaʼni oʻzbek tilida shoh asarlar yaratishga bagʻishladi. Olimlar adib yaratgan yigirma ikki nomdagi asarlarni sanar ekanlar, ulardan yigirmatasi turkiyda va faqat ikkitasi forsiyda bitilganini qayta-qayta taʼkidlaydilar. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” da: “Alisherbek naziri yoʻq kishi erdi. Turkiy til bila to sheʼr aytubturlar, hech kim oncha koʻp va xoʻb aytqon emas”, – deydi. Ammo Navoiyning turk-oʻzbek tili himoyasida qilgan xizmatiga Husayn Boyqarodek yuksak baho bergan kimsani topish mushkul. Husayn Boyqaro oʻzining “Risola” asarida shunday deydi: “Mir Alisher turk tilining oʻlgʻon jasadigʻa Masih anfosi bila ruh kiyurdi”.
Eʼtibor bering, muallif Navoiyni ona tilimizga Iso paygʻambar nafasi bilan jon ato qilgan deb baholamoqda. Fikrning davomida shoirona ifodalangan mulohazalarni uchratamizki, shoh va olim Husayn Boyqaroning badiiy adabiyot sohasida ham na qadar mukammal iqtidor egasi ekaniga qoyil qolmaslik mumkin boʻlmaydi. Xususan, keyingi jumlada muallif Navoiyning turkiy soʻzlar arqoqidan, yaʼni gazlamaning oʻrishi bilan koʻndalangiga kesiluvchi iplardan toʻqilgan ipakdan nafis libos kiygizganini, soʻz gulistonida navbahor tabiatidan jonga rohat bagʻishlovchi yomgʻirlar yogʻdirib turli-tuman gullar ochdirganini, sheʼriyat daryosiga bulutlardan fikr qilishga undovchi rang-barang durlar sochganini maqtab, uning sheʼriyatini baholashga til majolsiz va ojiz ekanini aytadi. Agar Husayn Boyqaro taʼrifini yana bir-ikki marta zehn bilan oʻqisangiz, Alisher Navoiyning bu qadar nozik tabiatli oʻquvchisiga oʻz asarlarini maʼqul qilishi qanchalar mushkul kelganiga guvoh boʻlasiz. Xullas, yuqorida qayd qilganlarimizdan Navoiy oʻzbek tili maqomini koʻtarishga butun hayotini bagʻishlagan sadoqatli farzand ekaniga shubha qolmaydi...
Omonulla Madayev
“Navoiy suhbatlari” kitobidan olindi.