Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Meni “telezavr” deyishadi

Qadrli jurnalxon, ehtimol sarlavhani oʻqib, “dinozavr” yer yuzida yashagan eng qadimiy jonivor ekanligi yodingizga tushgandir. Ammo men telezavr haqida sirayam eshitmagan ekanman. U bilan tanishsa boʻlarmikan, deb hayron boʻlgandirsiz. Hayron boʻlmang, Telezavrni siz juda yaxshi taniysiz. Juda yuzma-yuz uchrashmagan boʻlsangiz ham, baribir taniysiz. Chunki Telezavr bu – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, bilimingiz va tafakkuringizni oshirishga xizmat qilayotgan sevimli “Bolajon” kanalining bosh muharriri, siz mazza qilib kuylaydigan “Bulbulcha qoʻshigʻi”, “Xoʻsh, chumchuq”, “Yoʻlchiroq – shamchiroq”, “Favvora” kabi 30 dan ortiq quvnoq qoʻshiqlar, sirlidan sirli topishmoqlar muallifi Tohir aka MULLABOYEV boʻladilar. U kishini televideniyedagi hamkasb doʻstlari, shogirdlari ardoqlab shunday atashadi. Bu bejizga emas. Xabaringiz bor, Toshkent – televideniye vatani. Mana, hademay televideniye tashkil topgan kunga 65 yil, Tohir aka shu dargohda ish boshlaganiga esa 61 yil toʻladi. Demak, u kishi inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham televideniyeda ulgʻaygan. Televideniyening taraqqiyotiga, xalq qalbidan muqim oʻrin olishiga, mazmunan boyishiga oʻz isteʼdodi, izlanuvchanligi bilan munosib hissa qoʻsha olgan fidoyi ijodkor.

Shunday ekan u kishini telezavr deb atashga toʻlaqonli asos bor. Tohir aka faoliyatini bolalarga bagʻishlangan koʻrsatuv bilan boshlaganlar. Va bugungi kungacha ham ana shu yoʻlda mehnat qilayaptilar. Bilasizmi, nima uchun? Chunki Tohir bobo siz bolajonlarni yaxshidan yaxshi koʻradi.

Bugun biz sizlar bilan bolajon bobomizning bolalik xotiralariga quloq tutamiz.

 

Ilhom bergan Ilhom

Men 1940-yil 10-aprelda Komolon dahasidagi Madalixon mahallasida tugʻilganman. Mullaboy bobom usta sohibkor – bogʻbon boʻlgan. Bobom shahar chekkasida hozirgi Novza machiti yonidagi chakalakzordan bir gektar yerni oʻzlashtirib, bogʻ yaratganlar. U kishi daraxtlarni payvand qilishda mirishkor boʻlganlar. Esimda, bobomning bogʻidagi bir tup olma daraxti kamida olti-yetti xil nav hosil berardi. Otam – Sobirjon dadasining kasbini davom ettirish uchun Qishloq xoʻjalik institutida oʻqiyotgan chogʻlarida Ikkinchi jahon urushi boshlangan. Otam meni – ikki yoshli goʻdagini bagʻriga bosib, peshonamdan oʻpgan-u jangga otlangan. Yaratganga shukr, onamdan: “dadam qachon keladi, dadam bobomga oʻxshaydimi, buvimgami”, deb soʻrashni boshlaganimda urush tugagan. Bobo-buvim, onam, yoki biz ikki goʻdakningmi (u paytda oilada opam Sharofat va mengina bor edik) iltijolarimiz ijobat boʻlib, otam urushdan sogʻ-salomat koʻksini orden va medallarga toʻldirib, qaytib keldi. Soʻng Institutda oʻqishni davom ettirdi. Agronomlik diplomini olgach, R. R. Shreder nomidagi ilmiy tekshirish institutiga ishga keldilar. U paytda men shahardagi 45-maktabda oʻqirdim. Oilamiz dadamning ishxonasiga yaqin joyga koʻchib kelgach, oʻqishni 34-maktabga koʻchirdim. Dadam yaratgan “Qizil semerenko” nomli olma navi mazaliligi, sovuqqa chidamliligi uchun Germaniyada oʻtkazilgan Xalqaro koʻrik-tanlovda Oltin medal bilan taqdirlandi. Men bu haqda respublika bolalar gazetasiga maqola yozdim. Aslida qalbimda maqola yozish, muxbir boʻlish orzusi paydo boʻlishining ham sababi bor.

Bir kuni pochtachi amaki maktabimiz direktoriga chiroyli konvert tutqazar ekan: “Xatni koʻpchilik orasida oʻqib bering, redaksiyadan kelibdi!” deb tayinladi. Oʻquvchilar saflangach, direktorimiz Ilhom Zokirov degan oʻquvchini oʻrtaga chiqardi.

Aziz oʻquvchilar, mana maktabdoshingiz Ilhom Zokirov maktabimiz hayotidan maqola yozib, respublika bolalar gazetasi eʼlon qilgan tanlovda gʻolib boʻlibdi. Biz uni muvaffaqiyat bilan tabriklaymiz. Sizlarni ham Ilhomdan oʻrnak olishga chaqiraman,dedi Ilhomning qoʻlini mahkam siqib. Ana shu gap yuragimga choʻgʻ tashladi. Mening Ilhomdan qayerim kam, adabiyotdan beshga oʻqisam, insholarni yaxshi yozsam, degan xayol miyamda aylanaverdi. Shundan soʻng maktabimizda roʻy berayotgan yangiliklar, ilgʻor oʻrtoqlarim haqida “Lenin uchquni” (Hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasiga, “Gulxan” jurnaliga maqolalar yubora boshladim. Jurnaldan ijobiy javob olgach, sheʼr-topishmoqlar ham yozdim.

Gazetadagi maqolalarimni koʻrgan Toʻlqin Ilhomov, Aziz aka Yoqubovlar (ular respublika radiosining bolalar tahririyatida ishlashardi) radioga chaqirishdi. Menga maqolani qanday yozish, faktlarni qanday olish, efirga uzatish yuzasidan yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatib ustozlik qilishdi.

 

Pishgan bodring

Oilada oʻgʻil bolalardan kattasi boʻlganim uchun ota-onam menga suyanishardi. Baʼzan bozor qilib kelishga ham meni yuborishardi. Bir kuni oyim: “Gʻizillab borib meva-cheva, bodring olib kel”, – deb qoʻlimga pul tutqazdilar. Yoʻlda ketarkanman bobomning gaplari yodimga tushdi: “Har bir narsaning pishgani yaxshi. Qovun olsang, toʻrlagani boʻlsin, qovunning ogʻiri shirin boʻladi!” Ana shu nasihat qulogʻimda jaranglagancha rastaga yaqinlashdim. Qiziq, rastada birorta ham pishgan bodring yoʻq, hammasi xom, koʻm-koʻk. Yetilib pishgani, sargʻaygani koʻrinmaydi. Ancha aylangach, bodring sotayotgan amakiga yaqinlashib:

– Amakijon, nega xom bodring sotyapsiz?! Menga, usti toʻrlaganidan kerak edi, – deb soʻradim.

– Tushundim, sen mana bunaqa urugʻli bodring qidirayotgan ekansan, – dedi u qopga ajratib qoʻygan bodringlarni rasta ustiga olib.

Men izlaganim topilganidan xursand boʻlib, katta-katta sariq bodringlarni taroziga qoʻya boshladim... Bodringni xaltaga solarkanman sotuvchi amaki gʻalati iljayib qoʻydi. Bu “tabassum”ning maʼnosi uyga kelganda oshkor boʻldi. Onam bodring xaltani ostonaga uloqtirdi. Oʻsha voqea meni bodring haqida topishmoq yozishimga sabab boʻlgandi:

Gullari sariq yulduz,

Hosilini erta uz.

Gʻoʻrasi kuvrak, mazza

Yetilgani bemaza!

 

Yomgʻirda boʻkkan pullar

Dadam sohibkor boʻlgani uchunmi, hovlimizda ham chiroyli bogʻ barpo qilgan edilar. Erta pishar gilosga rang kirishi bilan chugʻurchuqlar bazmi boshlanardi. Ukam ikkalamiz chugʻurchuqlarni quvish bilan ovora boʻlardik. Bir kuni dadam qip-qizarib pishgan giloslarni terib, bir qarichli choʻplarga bogʻlab savatga soldilar-da, sotib kel, deb, qoʻlimga tutqazdilar. Giloslarni Chor-su bozoriga olib borib, bir zumda sotib boʻldim. Qoʻlimga anchagina pul tushdi. Pullardan bir qismini kinoga tushishga moʻljallab, lippamga qistirib yoʻlga tushdim.

Kutilmaganda toʻzon koʻtarilib, yomgʻir quyib yubordi. Hamma qatori men ham oʻzimni panaga oldim. Yarim soatdan ortiq jala yogʻdi. Koʻchalarda suv daryo boʻlib oqdi. Bunday qarasam, lippamga yashirgan pullarim yoʻq! Chopganimda tushib qolgan shekilli! Omonatga xiyonatning jazosi shu boʻlsa kerak, deb qilgan ishimdan uyalib ketdim. Endi sirayam dadamdan pul yashirmaslikka ahd qilib ketayotib oyogʻim ostidan chiqqan toshga qoqilib ketdim. “Uff” shu yetmay turgandi deb, pastga qarasam, ikki-uchta qogʻoz pul suvda qalqib turibdi!

Qoʻlimga oldim-u, “Iya, bu oʻzimning pulim-ku”, deb baqirib yubordim. Ehtimol bu qilgan ishimdan pushaymon boʻlganimning mukofoti boʻlganmikin? Hanuzgacha tagiga yetolmayman. Ammo, oʻsha-oʻsha oilamizdan pul yashirmaydigan boʻlganim rost.

 

Men endi telemuxbirman

Bir kuni hozirgi “Tong yulduzi” gazetasi xodimi Abduvohid Mullamuhammedov uyga telefon qilib: “Tezda redaksiyaga keling”, deb qoldi. Borib bosh muharrir Suhrob Yoʻldoshevning xonasiga kirdim.

– Tohirjon, bu kishi telejurnalist Shukrilla Shodiyev boʻladilar. Seni soʻrab kelibdi, – dedi Suhrob aka.

– Tohirjon, seni bolalar gazetasi, “Gulxan” jurnaliga yozgan maqolalaringni kuzatib boraman. Yozganlaring bizga maʼqul. Televideniyeda ham bolalar uchun koʻrsatuv tayyorlaydigan tahririyat tashkil qilindi. Tahririyatga senga oʻxshagan gʻayratli yoshlar kerak. Hamkorlikka taklif qilib keldim, – dedi Shukrulla aka salom-alikdan soʻng.

– Mayli, – dedim, ovozim qaltirab, koʻrsatuvni qanday tayyorlayman, degan vahimada.

– Sen qoʻrqma, oʻzimiz yordam beramiz, – dedi ahvolimni sezgan Shukrulla aka otalarcha gʻamxoʻrlik bilan.

– Tohirjon, televideniyeda asosan tasvirga eʼtibor beriladi. Shuning uchun birorta rassom haqida koʻrsatuv tayyorlasang. Chunki rassom asarlari koʻrsatilib, kadr ortida rasm, unda ifoda etilgan rangtasvirlar haqida hikoya qilishing mumkin. Koʻsatuvga tajribali Saʼdulla Anorqulov rejissorlik qiladi. Ssenariyni birga yozasizlar, – dedi Shukrulla aka. Men Shayxontohur tumanidagi 82-maktabning 6-sinf oʻquvchisi, havaskor rassom Ozoda Qosimova haqida, chizgan rasmlari haqida hikoya qildim. Koʻrsatuv hayʼat aʼzolari tomonidan yaxshi baholandi. Shundan soʻng ustoz menga katta-katta koʻrsatuvlarni ham ishonib topshira boshladi. Televideniye mening sevimli dargohimga aylandi. Universitetda oʻqib yurganimda ham televideniyedan ketmadim. Darvoqe, ilk qahramonim Ozoda Qosimova Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik institutida oʻqib, ajoyib rassom boʻlib yetishdi. Bugun uni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi sifatida nafaqat mamlakatimizda, dunyoda tanishadi. Ozodaxon hozirda Samarqand opera va balet teatrida bosh rassom boʻlib ishlaydi.

Ana shunday yorugʻlik bilan boshlangan jurnalistik faoliyatimni mana 60 yildirki davom ettiryapman. Bu vaqt ichida yuzlab shogirdlar yetishtirdim, koʻplab isteʼdodlarni izlab topib, hayotda oʻz oʻrniga ega boʻlishiga hissa qoʻshdim. Hamon qadrdon dargohimdaman. Ehtimol kasbimni sevganim uchun ham ishlashdan charchamayotgandirman. Imkonim darajasida vatanimiz ertasi boʻlgan bolalarimizni har tomonlama bilimli, zakovatli boʻlib kamolga yetishlari yoʻlida tinmay izlanishdaman. Bunda menga bolalar, ularga boʻlgan mehrim madad boʻlayotganiga ishonaman.

 

Suhbatdosh: Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.