Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Farroshning oʻgʻli

Dars tugab, qoʻngʻiroq chalindi. Maktab hovlisiga chiqqan bolalar uy-uylariga tarqalishdi. Nozim ham uch-toʻrtta oʻrtogʻi bilan katta koʻchaga qarab yurdi. Yoʻl yuzida sochilib yotgan pista poʻchoqlari, yelim xaltalar-u turli qogʻozlarni koʻrib, taʼbi xira boʻldi. Ayniqsa, ariqning ichi boʻsh baklajka-yu har xil chiqindilarga toʻlib ketgan ekan. Bu ham yetmagandek, oʻrtoqlari muzqaymoqni yeb boʻlgach, qogʻozini yoʻl chetiga uloqtirishdi. Nozim egilib ularni oldi-da, sal naridagi axlat qutisiga tashladi. Buni koʻrgan tengdoshlari:

– Ha, Nozim! Sen ham oyingga oʻxshab koʻcha tozalashni boshladingmi? Ming qilsa ham farroshning oʻgʻlisan-da, – deb kulishdi.

– Oyim farrosh boʻlsa nima boʻlibdi? Senlarga oʻxshagan farosatsizlarning dastidan iflos boʻlgan koʻchani tozalab, shahrimizning ozodaligiga hissa qoʻshadilar.

– Hali koʻcha supiradigan oying bilan faxrlanaman ham degin? – oʻrtoqlari battar xaxoladi. Nozim oʻzini tutib turolmadi:

– Oyimni haqorat qilishga haqlaring yoʻq, – deb sinfdoshlaridan birining yoqasiga yopishdi...

Bu gapdan xabar topgan muallim ertasiga Nozimning onasini maktabga chaqirtirdi. Kechagi janjalni onasiga aytib, Nozimni boplab adabini berib qoʻyadi, deb oʻtirgan sinfdoshlari voqea boshqacha tus olganidan hayratda qolishdi. Nozimning oyisi sinfga muallim bilan kirib kelganida, oʻquvchilar beixtiyor oʻrinlaridan turib salom berishdi. Mehmon oʻzini tanishtirar ekan:

– Men farroshman, har kuni ertalab, xiyobonlarni, shahar koʻchalarini tozalayman, – deb gap boshladi. – Bahorda yomgʻir sharros quygan paytlarda, boʻralab qor urib turgan qish kunlarida, qattiq shamol esganda ham koʻcha supirishga toʻgʻri keladi. Ayniqsa, kuz faslida koʻchalarni daraxt barglari-yu qurigan shox-shabbalar bosib ketadi. Shunday katta shaharni mehmonlarga manzur boʻladigan darajada ozoda saqlash qiyin. Oʻgʻillarim, qizlarim, bir tasavvur qilib koʻring. Koʻchada ketayotgan har bir odam qoʻlidagi narsani duch kelgan tarafga otib ketaversa, uni hech kim yigʻishtirmasa, atrof chiqindixonaga aylanadi-ku! Shunday boʻlmasligi uchun sizlar shirin uyquda yotganingizda, hamkasblarim bilan koʻcha va binolar atrofini saranjom-sarishta qilamiz. Chunki, shaharning ozodaligi uchun masʼulmiz. Agar farroshlar boʻlmasa, shahrimizda xunuk manzara paydo boʻladi. Bu ekologiyaga ham katta taʼsir koʻrsatadi. Har xil kasalliklar avj oladi. Bizning kasbimiz siz oʻylaganchalik oson emas. Men oʻz kasbimdan hech qachon or qilmaganman, aksincha, faxrlanaman!

Oʻquvchilar koʻzlarini farrosh xoladan uzolmay qoldi. Ayniqsa, oʻgʻli! Onasi bilan gʻururlanayotgani chaqnab turgan koʻzlaridan bilinib turardi. Nozimni masxara qilgan kechagi oʻquvchilar boshlarini egib, mulzam boʻlib qoldilar. Soʻng, duduqlanib kechirim soʻray boshlashdi.

Ularni kuzatib turgan muallim: – Balli bolalarim! Bu ishlaringiz meni quvontirdi. Nozimjonga oʻxshab peshona terini toʻkib, halol mehnat qilayotgan ota-onalarimizdan uyalmasligimiz kerak. Ular bizning faxrimiz, – dedi.

Biz har kuni obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari – farroshlar koʻchalarni, yoʻlaklarni, ariq ichlarini chiqindilardan tozalayotganiga guvoh boʻlamiz. Yon-atrofimizning, mahallamizning, boringki, shahrimizning ifloslanishi koʻp hollarda koʻchada ketayotgan kishilarning beeʼtiborligi tufayli sodir boʻladi. Oʻzini hurmat qilgan, yuksak madaniyatli inson aslo bunday qilmaydi. Qoʻlidagi boʻshagan idishlarni har joyga maxsus qoʻyilgan axlat qutilariga tashlaydi. Juda koʻp hollarda yoʻlovchilarning poʻchoqmi, qogʻozmi, ichilgan mineral suvning idishinimi mashina oynasidan uloqtirib ketayotganini koʻramiz. Bekatlarda pista chaqib, yegan muzqaymogʻining idishini, shokolad, saqich qogʻozlarini yerga tashlayotganlarni kuzatganmiz. Mana shunday xunuk holatlarni koʻrib turib, koʻrmaslikka olsak, bizga nima, deb tanbeh bermay, oʻtib ketaversak, bu bizning maʼnaviy dunyomiz anchagina torligini, voqealarga loqaydligimizni koʻrsatadi. Vatanini sevgan, yurtini koʻrgan koʻzni quvnata oladigan darajada koʻrkam boʻlishini istagan har bir bola bunday illatlarga qarshi biz bilan birga kurashishi lozim.

Aziz oʻquvchi! Shahringizning, yurtingizning obod va ozoda boʻlishini istasangiz, bu kabi ishlarda oʻrnak boʻling. Xalqimizda “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan maqol bor. Juda topib aytilgan gap. Sizning goʻzal xulq-atvoringiz, koʻcha-koʻyda yurish-turishingiz, muomalangiz, oʻzingizni tutishingiz ota-onangizning bergan tarbiyasini yaqqol namoyon etadi. Shunday ekan, fozil inson boʻlib yetishishga, ular qatorida boʻlishga intiling.

 

Saodat Musayeva

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.