Qatʼiyatning mukofoti
Sport insonni katta maqsadlar sari yetaklovchi kuch. Har bir yigit-qiz kelajagini sport bilan bogʻlar ekan, uning qadrdon doʻsti, hamqadamiga aylanadi. Mamlakatimizda sport bilan oshno boʻlgan, bu sohada katta yutuqlarga erishayotgan yoshlarning safi ortib borayotganligining sababi ham aslida mana shu. Qolaversa, davlatimiz tomonidan bu sohaga ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan jiddiy eʼtibor berilayotgani sportdagi yutuqlarning garovi boʻlib xizmat qilmoqda. Yaqinda boʻlib oʻtgan Tokio olimpiadasi, Paralimpiada oʻyinlarida vakillarimiz qoʻlga kiritgan medallarni ularga yaratilgan sharoitlarga qaysidir maʼnoda javob deyishimiz mumkin.
4–11-sentyabr kunlari Tatariston poytaxti Qozon shahrida oʻtkazilgan 1-MDH oʻyinlari yuqoridagi fikrlarning isboti boʻldi. Unda 9 ta davlat delegatsiyasi qatorida Vatanimiz shunqorlari ham sportning 16 turi boʻyicha kuch va irodalarini namoyish qildilar.
14–23 yoshlilar oʻrtasida boʻlib oʻtgan bellashuvlarda sportchilarimiz musobaqaning ilk kunidayoq kutilmagan natijalarni koʻrsatdilar. Yaʼni, 4-sentyabrda start olgan oʻyinlarda belbogʻli kurash boʻyicha 7 ta oltin, 3 ta kumush, 1 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, jamoaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladilar. Musobaqalarning soʻnggi kunida boʻlib oʻtgan bahslarda esa vakillarimiz karate, badiiy gimnastika, futzal sport turlarida shohsupaga koʻtarilishdi. Unda karate boʻyicha Dildora Aliqulova oltin, Nasibabonu Norboyeva, Mohlaroyim Hakimjonova kumush, Islomjon Sattorov, Bonu Egamberdiyeva bronza medallarini qoʻlga kiritdilar. Badiiy gimnastikaning jamoaviy bahslarida Iroda Sodiqova, Domenika Damirova, Aida Haydarova, Mubina Kamolovalar kumush medal sohibasiga aylandilar.
Nihoyat, musobaqa yakunida oʻzbekistonlik mard-u maydonlar 23 ta oltin, 32 ta kumush va 36 ta bronza, jami 91 ta medalga sazovor boʻlib, mezbon Rossiya jamoasidan soʻng ikkinchi oʻrinni egalladilar. Albatta, bu yutuqlar zamirida murabbiylarning fidoyiligi, cheksiz mehnati, qolaversa, yoshlarning qatʼiyati, ishtiyoqi katta ahamiyat kasb etdi.
Har bir sportchi yuqori marralarni koʻzlaydi, oliy oʻrinlarda boʻlishni istaydi. Endi esa yosh atletlarimiz 2024-yilda oʻtkazilishi kutilayotgan Osiyo oʻyinlari, Parij olimpiadasiga qatnashish uchun tayyorgarlik koʻradilar. Umid qilamizki, ular koʻtarinki ruh, aql va iroda bilan jahon arenalarida yuksak natijalarni koʻrsatishda davom etadilar.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA