Sog‘ yurak – tog‘ yurak
Sportchi uchun eng yuksak marra – oltin medal. Bu sharafga yetgunga qadar qancha qor-qirovli, tosh-tikanli yo‘llarni bosib o‘tish kerak. G‘alaba ortidagi mashaqqatlarga dosh berolmaganlar – mag‘lub, shuning uchun ham sport iroda va chidam tantanasidir. O‘z-o‘zini tarbiyalash, ruhiy yuksalish sifatini o‘zida jamlagan taekvondo sport turi koreyschada “oyoq va qo‘llarning harakat yo‘li”, degan ma’noni anglatadi. Aytishlaricha, taekvondoning vatani Koreyada ushbu sport turi bilan 4 yoshdan shug‘ullanishadi. Va u majburiy ta’lim darsligiga kiritilgan. Hozirda ushbu jang san’ati bilan yurtimizda 20 mingdan ortiq sportchi shug‘ullanmoqda. Ular orasida uch og‘ayni chaqqonlar – Azizbek, Amirbek va Jasurbeklar ham bor.
Shohsupaga yo‘l
2017-yilning yozi. Vyetnamning markaziy “Olimpic” sport saroyi. Tatamida Azizbek iordaniyalik raqibi bilan final bosqichida jang qilmoqda. G‘olib – Osiyo chempioni, degan sharafli nomga egalik qiladi.
– Azizbek, bo‘laqol, yana bitta zarba, chaqqonroq!..
Terma jamoa a’zolari va murabbiyning hayajonli chaqiriqlari. Nima bo‘lsa ham oyog‘i pand bermasin-da. Murabbiy Dmitriy Xvan asabiy qiyofada vaqtni hisoblamoqda: 1 daqiqa-yu 37 soniya bor. So‘nggi daqiqalarda Azizbekning aylanma zarbasi 4 ochkoni olib berdi va u Osiyo chempioni bo‘ldi!
Eh-he, bu medalning vazni tog‘dan-da og‘ir. Axir unga egalik qilish uchun ne-ne zahmatlarga dosh bermadimi?!
Bundan ikki yil avval Respublika chempionati saralash bosqichida jang paytida Azizbekning oyoq tomirlari qattiq tortishib, yurolmay qoldi. Raund tugagach, murabbiy Pavel Xvan “Balki jangdan voz kecharsan?!” – dedi. Ammo Azizbek chekinmadi. Bitta oyoqda harakat qilib bo‘lsa-da raqibini mag‘lub etdi. Uning irodasiga qoyil qolgan Respublika terma jamoa murabbiysi Sobir Nazaraliyev chempionni terma jamoaga taklif qildi. Chunki u bunga qadar bir necha bor Respublika chempioni bo‘lgan edi-da.
Azizbeklarning yon qo‘shnisi Fotima-Zuhralar taekvondo bilan shug‘ullanishardi. Qizlarning kimonolari, medallari, chayir harakatlari Azizbekning havasini keltirardi. Ularni ota-onalari bugun Yaponiyaga kuzatib yuborishsa, ertaga Koreyadan kutib olishardi. 5 yoshli kichkintoy egizak qizlar boradigan “Youlbang” sport klubiga qatnay boshladi. Murabbiy Rahmat Shukurov uning intilishlarini inobatga olib, 8 yoshdan o‘smirlar guruhiga o‘tkazdi. 2011-yilda Respublika turnirida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ammo bir oyog‘i ikkinchisidan kaltaroq bo‘lganligi sababli, shifokorlar unga sport bilan shug‘ullanishni ta’qiqlab qo‘ydi. Aks holda suyaklar zo‘riqib, oyoq ishlamay qolishi mumkin ekan. Shu sababli Azizbek taekvondo bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tgach, murabbiy Rahmat Shukurov qo‘ng‘iroq qilib, “klubga qayt, sen albatta jahon chempioni bo‘lasan”, deya ishonch bildirdi. Unga faqat birgina dalda yetishmayotgandi. Mashg‘ulotlarni kuchaytirdi. Va oyog‘i yana pand berganda ham taslim bo‘lmay, Sobir Nazaraliyevning nazariga tushib, terma jamoaga qabul qilindi. 2017-yil fevral oyida Birlashgan Arab Amirligining Abu-Dabi shahrida “G 2 fujayrah open” xalqaro turnirida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu shukuhli g‘alaba unga Osiyo chempionatida qatnashish imkoniyatini berdi. Chempionatga tayyorgarlik uning nomi qadar zalvorli bo‘larkan. Ozish uchun yoz chillasida qavat-qavat qalin shim, kurtka, qalpoq kiyib yugurasan. Qattiq parhez qilish kerak. Kun bo‘yi ozgina suv bilan olma tamaddi qilish mumkin. Ko‘p suv ichish ta’qiqlangan. Azizbek musobaqagacha 8 kilogramm vazn yo‘qotdi. Mehnatlari o‘zini oqladi. Shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. U endi Osiyo chempioni! Ushbu chempionatdagi janglar o‘z ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston taekvondo jang san’ati tarixiga kiritildi.
Qahramonimiz yaqindagina taekvondo vatani Koreyada o‘tkazilgan “Chuncheon Korea Open” xalqaro turnirida ham g‘alaba qozondi. Hali g‘alaba nashidasi arimagan “qaynoqqina” oltin medalini taqib tahririyatimizga keldi.
G‘alaba ortida
Aslida Azizbek, Amirbek, Jasurbeklar sinfdosh do‘stlar. Toshkentdagi 231-maktabning 8-sinfida o‘qishadi. Amirbekning dadasi mashhur dzyu-dochi bo‘lgan. Maktabdagi taekvando to‘garagiga qatnasha boshlagach, uning oyog‘i sinib qoldi. Gipslar yechilib, suyak bitgunga qadar ancha vaqt o‘tdi. Demak, u taekvondo ustasi bo‘lolmas ekan. Bir kuni ko‘chada sho‘xlik qilib o‘ynab yurganida ustozi Dmitriy Xvanni ko‘rib qoladi. Murabbiy bekorchilik sportchi uchun uyat ekanini uqtiradi. Unga sariq belbog‘ni va’da qiladi. Shunday qilib Amirbek yana mashg‘ulotlarni boshlaydi. Biroq 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan shahar musobaqasidagi mag‘lubiyat qattiq alam qiladi. Hatto bayram kunlari hamma dasturxon atrofida xursandchilik qilayotgan paytda ham u mashg‘ulotlar zalida ter to‘kardi. Ko‘p o‘tmay shahar chempionatida qatnashadigan bo‘ldi. Musobaqaning yarim finalida do‘sti Azizbek bilan yuzma-yuz keldi. Chempionni yutish oson bo‘lmadi. Ammo u yakunda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2016-yilgi Respublika musobaqasida ham oltin medalga sazovor bo‘ldi. Oxirgi jangda oyog‘i qayrilib ketib, singan joyi qattiq og‘ridi. “Muzlatadigan” sprey sepishdi. Bor imkoniyatlarini qo‘llab, muddatidan oldin g‘alaba qozondi. Shu yili uni O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilishdi. Abu-Dabida o‘tkazilgan xalqaro turnirga Azizbek bilan birga bordi. 37 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2017-yil iyun oyida Vyetnamda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida kumush medal sohibi bo‘ldi. Iyul oyida “Chuncheon Korea Open” xalqaro musobaqasida ham do‘sti Azizbekni yolg‘iz qoldirmadi. Unga yonma-yon shohsupada oltin medalni bo‘yniga taqdi. Avgust oyida “Sharm El-Sheyx-Egipet” jahon chempionatini bronza medali bilan yakunladi.
Dovonlarni zabt etib
Jasurbek, “Mening medallarim do‘stlarimnikidan kamroq”, deb kamtarlik qildi. Biroq qo‘lidagi qutichasidan shoda-shoda medallarni chiqargach, uning erishganlari do‘stlarinikidan kam emasligiga amin bo‘ldik. Jasurbek Hikmatov dastlab “Xanggan” klubi a’zosi edi. Keyinchalik Azizbek va Amirbeklar bilan birga Markaziy Harbiy Sport klubi mashg‘ulotlariga qatnay boshladi.
Darvoqe, taekvondo sport turi bilan shug‘ullanayotganda asosiy og‘irlik oyoqlarga tushgani bois ko‘pchilik sportchilar oyoqlari lat yeyishi oqibatida sportdan uzoqlashadilar. Jasurbekda ham xuddi shunday bo‘ldi. Oyog‘idan jarohat olgach, ikki yil mashg‘ulotlarga bormadi. Do‘stlarining yutuqlaridan ruhlanib, yana o‘z klubiga qaytdi. 2016-yil Respublika ochiq chempionati unga oltin medal taqdim etgach, o‘ziga ishonchi ortib, 2017-yil “Toshkent open” Respublika chempionatida ham 1-o‘rinni egalladi. Ko‘p o‘tmay, butun dunyo taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun o‘tkazilgan xalqaro chempionatda oltin medal sohibi bo‘ldi. Jasurbek futbol bilan ham shug‘ullanadi. Do‘stlaridan farqli o‘laroq kelajakda stomatolog shifokor bo‘lishni orzu qiladi. Tarix faniga qiziqadi. Quvonarlisi, uchala chempion ham xalqaro musobaqalarda xorijlik do‘stlari bilan bemalol ingliz tilida muloqot qilishadi.
Azizbek Rahmonberdiyev, Amirbek To‘rayev, Jasurbek Hikmatovlar O‘zbekistonimizning faxri, iftixori. Eng yuksak orzulari – olimpiada chempioni bo‘lish. Ularning bu dovonni ham zabt etishiga hech shubha yo‘q! Kutamiz.
Umida SADATOVA