Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qishda ochilgan gulim

Men xonaki gullarni yaxshi ko‘raman. Chunki ular qahraton qishda ham chamandek ochilib, ifori bilan dilingga bahor quvonchini soladi. Biroq gulni yaxshi ko‘rganing bilan to‘g‘ri parvarish qilolmasang, ularni ko‘paytirish, gurkiratib o‘stirish mumkin emas ekan. Deraza tokchasida chamandek ochilib turgan yorongulim kutilmaganda so‘lib, gullarini tashlab yubordi. Nima qilishni bilmay qoldim. Shunda yodimga ustozim sovg‘a qilgan “Gullar dunyosi” kitobi tushdi. Darhol qo‘limga olib o‘qiy boshladim. Bu yosh tadbirkor Farrux Ashurboyevning gullar haqidagi qo‘llanma kitobi ekan. Unda aynan menga kerakli maslahatlar berilgan edi. Farrux aka bu kitobchasida 10 dan ortiq xonaki gullar haqida batafsil hikoya qilgan. Gullarning inson hayotidagi o‘rni, ularning parvarishi, ko‘paytirish yo‘llari haqidagi yo‘l-yo‘riqlari men uchun katta saboq edi.

“Gul parvarish qilmoqchi bo‘lgan kishi uni qanday sharoitda yaxshi o‘sishini bilishi uchun uning qayerdan keltirilganini – vatanini bilishi lozim. Har bir xonadonda kamida ikkita xonaki gul o‘sishi shart. Chunki u xona havosini tozalab, kislorod bilan ta’minlaydi”, – deb yozadi muallif. Bu kitobdagi maslahatlar asosida limon, orxideya, fikus, yorongul, begoniya kabi gullarni o‘stirishni, ularni qanday sug‘orish, qanday ko‘paytirishni bilib oldim. Hozir qish chillasida barq urib o‘sayotgan gullarimga o‘rtoqlarimning havasi kelyapti.

Men barcha gulsevar tengdoshlarimga ushbu kitobni o‘qishni tavsiya qilaman. Chunki bu qo‘llanma tufayli siz ajoyib gullar parvarish qilishni o‘rganasiz.

 

Oqilaxon QAHHOROVA,

Toshkent viloyati Ohangaron tumani

21-maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.