Suzishmi yoki choʻkish
Aziz oʻquvchilar, siz kundalik hayotingizda koʻp asabiylashasizmi? Baʼzan atrofingizdagi eng yaqin kishilaringizning gap-soʻzlari, yoningizda yurishlari ham yoqmay qoladimi? Shunday paytda oʻzingizni qoʻyarga joy topolmay, xonangizga kirib yolgʻiz qolgingiz yoki koʻchaga, keng dalalarga chiqib ketgingiz, oʻz-oʻzingiz bilan gaplashgingiz keladimi? Nima uchun? Buning sabablari haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Keling, ushbu sahifa orqali eng avvalo, ana shu asabiylik qayerdan kelib chiqadi, unga roʻbaroʻ kelmaslik uchun nimalar qilish kerak, nogoh shunday holatga tushsak, uni qanday qilib yengish usullari haqida doʻstona suhbatlashamiz.
Eng avvalo, har bir oʻquvchi oʻzining kun tartibini rejalashtirishga oʻrganishi zarur.
Aytaylik, kun tartibingiz boʻyicha siz kech soat oʻnda uxlashga yotishingiz kerak. Lekin televizor orqali namoyish etilayotgan yaxshi badiiy filmni tomosha qildingiz. Kino soat 24.00da tamom boʻldi. Siz uxlashga juda kech yotdingiz. Ertalab esa barvaqt turishingiz kerak. Aynan kino tufayli siz uyquga toʻymadingiz. Bu holat albatta, asabingizga taʼsir qiladi. Yoki kompyuterda oʻyin oʻynadingiz, telefon orqali turli kanallarni titkilab chiqdingiz va uyqudan qoldingiz. Bular ham tiniqib uxlab olishingizga xalaqit berdi. Aksiga olib shoshib turganingizda na kiyimlaringiz tayyor na dars jadvali boʻyicha kitob-daftaringiz. Kam uxlaganlikdan buzilib turgan asabingiz yanada taranglashdi. Shu kayfiyatda maktabga yoʻl oldingiz. Oʻqituvchingiz sizdan uyga vazifani soʻradi. Siz papkangizni ochib, daftaringizni topolmadingiz. Hammasi tushunarli, ertalab shoshganda daftarni uyda qoldirgansiz. Garchi uyga vazifani tayyorlagan boʻlsangiz ham, oʻqituvchingizga buni isbotlay olmadingiz. Asablar yana taranglashdi. Koʻrdingizmi, bir marta tartibni buzish, boshqalarini ham yetaklab keldi. Goʻyo bu asabbuzarlikning oxiri yoʻqdek. Endi oʻzingizga savol berib koʻring: agar bir kun avval oʻsha kinoni koʻrmay, oʻz vaqtida uxlaganingizda ertangi kuningiz qanday oʻtar edi?
Xotira har bir oʻquvchida har xil boʻladi. Shuning uchun “Kundalik daftar”ingizdagi ertangi kun jadvaliga yaxshilab qarab oling. Sizga qiyin boʻlib tuyulgan uy vazifalarni birinchi navbatda bajaring, yengillarini keyin. Hech qachon bugungi ishni ertaga qoʻymang.
Asabiy holatga tushsangiz, albatta, chuqur-chuqur nafas oling va chiqaring. Kulgili voqea va hodisalarni eslashga harakat qiling. Misol uchun yozuvchi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning mashhur asaridagi Hoshimjonning gaplarini eslasangiz ham boʻladi. Yoki yumorga boy sinfdoshingizning soʻzlarini takrorlang. Oʻzingizga “Men kuchliman, men asabiylashmayapman”, deb bir-ikki marta qaytaring. Ana shunda biroz tetiklashasiz, kayfiyatingiz koʻtariladi, ruhiyatingiz tiniqlashadi.
Biron oʻrtogʻingiz yoki qoʻshni boladan xafa boʻlib qolsangiz, oʻtgan voqeani toʻgʻri mulohaza qilib, sababiga aniqlik kiriting va oʻzingizga ishoning. Ana shunda biroz yengil tortasiz, asablaringiz ham joyiga tushadi.
Koʻpincha yaxshi oʻqimaydigan, mustaqil fikrlamaydigan, badiiy kitob oʻqishdan uzoq, ertak va hikoyalarni oʻqib tahlil qilmaydigan bolalar asabiy holatga tushadilar. Demak, asabiylashmaslikning yana bir davosi – badiiy jurnal va kitoblarga doʻst tutinish ekan.
Stressning kelib chiqishiga koʻplab misollar keltirish mumkin. Bular haqida yana suhbatlashamiz. Xulosa oʻrnida suvda ketayotgan kemani koʻz oldingizga keltirishingizni soʻrayman. Kema atrofini oʻrab turgan suv tufayli choʻkib ketmaydi. Lekin suv kemaning ichiga toʻlsa, u choʻkadi. Inson ham shunday. Stresslar hayotda mavjud, gohida yoʻlimizda tez-tez uchrab turadi. Biz ana shular bilan birga yashaymiz. Agar ularni yengib oʻtmasak, ichimizga yutsak choʻkib ketamiz. Demak, hayot davomida oldinga qarab suzish yoki choʻkib ketish oʻzimizga bogʻliq.
Aziza KARIMBEKOVA,
Toshkent shahar Olmazor tumanidagi
249-maktab psixologi