Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aʼlochi qiz – yaxshi qiz...mi?

Sinfdoshim Dilbar bilan qoʻshniman. Maktabda ham, baʼzi qoʻshnilarimiz ham uni yaxshi, odobli qiz, deyishadi. Lekin men bu fikrga unchalik ham qoʻshilmayman. Tagʻin, oʻzi hamma qizlar shunaqa, bir-birini sirayam maqtamaydi, deb oʻylamang. Gap boshqa yoqda. Balki quyidagi voqelarni oʻqib, siz ham fikrimga qoʻshilarsiz.

Sinfda Dilbar oʻrta partada oʻtiradi. Ustoz birortamizni doskaga chiqarib savol berishi bilan Dilbar tipirchilab, qoʻl koʻtargancha: “Men aytay ustoz, men aytay”, degani degan. Uning bu harakatidan javob berayotgan sinfdoshlarimiz adashib qolishadi, baʼzan gapirmay qoʻyishadi.

Ustoz: “Qosimova, darsga tayyorlanib kelganingni bilaman. Jim oʻtir, navbating kelganda javob berasan”, desa ham quloq solmaydi. Toʻliq javob berolmay joyiga qaytayotgan sinfdoshimizga: “Shunaqa oson savolni ham bilmadingmi?” deb labini buradi. Kimdir indamaygina joyiga oʻtirsa, boshqasi, boʻpti, namuncha maqtanasan, sen bilan tanaffusda gaplashaman, deb toʻngʻillaydi. Oʻrtada janjal chiqadi. Vaqtimiz ketadi, ustoz yangi darsni chala-chulpa tushuntirishga majbur boʻladi.

Uyida ham shu ahvol. Devorimiz bitta boʻlgani uchun kun boʻyi faqat uning ovozi eshitiladi. Oshxonada ish qilayotgan oyisi Dilbarga: “Opangni chaqirib yubor, qizim”, deydi. Shunda Dilbar hovlini oʻrtasida turgancha bor ovozi bilan: “Opa, hoy opa, sizzi oyim chaqiryaptilar. Poʻchoqni toʻkib kelar ekansiz, bormasangiz taʼzirizzi berarkanlar”, – deb baqiradi.

Uning baqirgan ovozini eshitgan oyim: “Dilbar juda qiziq qiz-da. Butun mahallaga onasi nima qilayotganini bildirishi shartmi?! Chopqillab borib, opasiga sekingina tushuntirsa boʻladi-ku”, – deb bosh chayqaydilar. Balki bizning uyda bunaqa baqir-chaqir boʻlmagani uchun bizga erish tuyilar, deb oʻylardim. Ammo tunov kuni narigi qoʻshni Mahbuba opa ham shu haqda gapirib qoldi. “Qiz bolaga baqiroqlik yarashmaydi, juda xunuk koʻrinadi”, dedi.

Oyim menga, bu gapni yodingda tut, deganday qarab qoʻydilar.

Yakshanba kuni oyim bilan chiqindi tashiydigan mashinani kutib turgandik. Moʻtabar xola chiqib, endi oyim bilan soʻrashayotgandi, darvozalari ochilib, ostonada Dilbar koʻrindi.

– Oyi, buyoqqa qarang, – dedi u oyimga salom ham bermasdan.

– Hozir kiraman, kirib tur, – dedi oyisi unga norozi qarab. Dilbar darvozani taraqlatib yopib, kirib ketdi. Ammo zum oʻtmay yana chiqdi.

– Oyi, akam tok barglarini qoʻyga sen berib kel, deyapti, – dedi baqirib.

– Turib tursin, oʻzim beraman, – dedi oyisi.

– Qoʻylaringiz baʼrab yotibdi-ku, nega turib turadi? – dedi Dilbar. – Tezroq keling, dadamning jahlini chiqarmang.

– Obbo, gapni gapga qoʻshmaysan-a, qizim, hozir dedim-ku, – yigʻlaguday boʻldi Moʻtabar xola.

– Dilbar, sen ham kap-katta qizsan-ku, oʻzing berib qoʻyaqol, – chiday olmadilar oyim, – kattalar gaplashayotganda qoʻshilish uyat.

– E, men tovuqlarga qaradim, qoʻyga akam qarasin. Shundogʻam darsimni qilolmadim.

– Yakshanba-ku, kechroq tayyorlarsan, darsingni.

– Yoʻq, hozir tayyorlab qoʻyishim kerak. Boʻlmasa sizning qizingizga oʻxshab “toʻrt”ga oʻqiydigan boʻlib qolaman, – dedi u menga tirjayib qarab.

– Darslardan “besh” olgan qiz odobdan ham “besh” olishi kerak. Lekin men senga “besh” qoʻya olmayman, – dedi oyim.

Dilbar yana nimadir demoqchi edi, oyisi:

– Hayronman, bu qiz bitta gapdan qolay demaydi, ali desam vali deydi, – dedi xoʻrsinib. – Men uyga kira qolay, mashina kelsa chiqarman.

– Siz hayron boʻlmang. Qizingizga ham aʼlochi, ham odobli boʻlish uchun nimalar qilishi kerakligi haqida tushuntiring. Aks holda, kunlar oʻtib faqat siz emas, oʻzi ham qiynalib qoladi, – dedilar oyim.

Moʻtabar xola xoʻrsindi-yu indamasdan iziga qaytdi.

– Oyi, opam-chi... – degancha Dilbar ortidan ergashdi. Oyim menga qarab boshini chayqadi-yu, bir soʻz demadi. Men garchi Dilbar gapimga quloq solmasligini bilsam-da, unga maslahat berishni dilimga tugib qoʻydim.

Siz-chi, aziz jurnalxon, balki sizning ham Dilbarga aytadigan gapingiz bordir. Unday boʻlsa xatlaringizni kutamiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.