Maktab – kamolot tayanchi
Bizning maktabda ajoyib anʼana yoʻlga qoʻyilgan. Sinflararo “Eng namunali sinf”, “Eng mazmunli insho” tanlovlari tashkil etilgan. Tanlovlar shartiga koʻra, har bir oʻquvchi koʻproq baho olishi, kitob mutolaa qilishi, oxirgi oʻqigan asari yuzasidan imlo xatosiz va mazmunli insho yozib berishi kerak. Shu bilan birga maktab tartiblariga rioya qilgan holda ozoda kiyinib, odobli boʻlib yurishlari talab etiladi. Hafta yakunida esa har bir oʻquvchining olgan baholari, toʻplagan ballariga qarab, sinfning umumiy baholari hisoblab chiqiladi. Shu tariqa ustozlarning tasdigʻi bilan hafta va oyning eng namunali sinflari aniqlab olinadi. Gʻolib sinflarga ragʻbat sifatida turli badiiy kitoblar sovgʻa qilinadi.
Aynan shu tanlov tashkil etilganidan soʻng maktabimizda oʻquvchilar uy vazifalarini vaqtida bajaradigan, koʻproq kitob mutolaa qiladigan, hattoki behudaga bir-birlari bilan urishib, tortishmaydigan boʻlishdi.
Bolalardagi oʻqishga boʻlgan ishtiyoq va harakatni koʻrib maktabimiz direktori Nargiza Sagdullayeva: “Internet va telefon oʻquvchilarning koʻproq vaqtini, fikr-u xayolini egallab olayotgan bir paytda bunday tanlovlarning tashkil etilishi har bir taʼlim muassasasida maʼnaviyat va maʼrifatni yuksalishiga xizmat qiladi. Yana shu kabi tanlovlarni koʻpaytirsak, eng namunali maktablar qatoridan oʻrin olishimiz mumkin”, deya biz oʻqituvchilarni doimo ruhlantirib turadilar.
Faxr bilan shuni ayta olamanki, men eng faol sinflardan biriga rahbarlik qilaman. Shu bilan birga ularga ona tili va adabiyot fanidan dars beraman. Har safar darsni bahr-u bayt musobaqasidan boshlayman. Aynan sheʼrxonlik sabab, oʻquvchilarim har kuni yangi sheʼrlar yodlab kelishga harakat qilishadi.
Kimki chin dildan, astoydil harakat qilsa, albatta oʻz maqsadiga erishishi mumkinligiga oʻz oʻquvchilarim misolida guvoh boʻldim. Ular sinflar va maktablar oʻrtasida oʻtkazilgan insholar koʻrik-tanlovida ishtirok etib, koʻpgina faxriy yorliq va sovgʻalar olishdi. Ayniqsa, ingliz tili musobaqasida juda faol qatnashishdi. Sinfimiz kutubxonasi esa sovgʻa qilingan kitoblar bilan anchagina boyidi.
Har kuni ertalab oʻtkaziladigan maktab yigʻinida ustozlar: 7-”B” sinf oʻquvchilari doimo faol”, deb eʼtirof etishadi. Sababi, maktabdagi ochiq dars tadbirlarida koʻproq mening oʻquvchilarim ishtirok etishadi. Hozir esa karantin munosabati bilan onlayn darslarda ham faol qatnashib, uy vazifalarini vaqtidan kechiktirmay yuborishyapti. Oʻquvchilarimni berilgan topshiriqlarni toʻliq bajarganlar qatorida koʻrib, ich-ichimdan suyunyapman. Ularni kuzatar ekanman, kelajakda ulardan yurtimiz koriga yaraydigan fidoyi, qatʼiyatli va masʼuliyatli insonlar kamol topishiga umid qilaman.
Sumbula KAMOLOVA,
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 14-maktab oʻqituvchisi