Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitobxon bolalar – yurt kelajagi

Negadir oxirgi paytlarda ustozlarning koʻpgina oʻquvchi yoshlarning mutolaa qilmasligi, kitob oʻqishga qiziqmasligi haqidagi noroziliklarini tez-tez eshitadigan boʻldik. Albatta, buning sabablari ham bisyor. Xoʻsh, aziz bolajonlar, siz kitob mutolaasiga kinofilm koʻrganchalik yoki internet tarmoqlariga ketgan behuda soatlaringizdek vaqt sarflay olyapsizmi?! Sizni maroq bilan kitob oʻqishingizga nima yoki kimlar xalal beryapti? Shu haqda hech oʻylab koʻrdingizmi?

Men ona tili va adabiyot fanidan dars beraman. Oʻquvchilarim bilan birgalikda koʻpgina kitoblar oʻqiymiz. Bolalar har bir oʻqigan asarini tahlil qilib, insho va bayon yozishadi. Bundan tashqari, ularni kitobga qiziqtirish maqsadida maktabda drama toʻgaragi tashkil etilgan. Yil davomida darslikdagi adiblarning asarlaridan kichik sahna koʻrinishlari tayyorlaymiz, elga mashhur sanʼatkorlar, shoir, yozuvchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazamiz, uy-muzeylarga sayohatlar tashkil etamiz. Karantindan avval toʻgaragimiz mashgʻulotida ingliz adibi Uaydaning “Nello va Patrash”, Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” asarlari asosida “Bir asar tahlili” nomli kitobxonlar musobaqasini oʻtkazdik. Bellashuv 5-6-sinflararo oʻtkazildi. Unda oʻquvchilar kitobxonlik, suxandonlik, bir asar tahlili yuzasidan mantiqiy fikr yuritishlari, xotira kuchi, ogʻzaki nutqning goʻzalliklarini har bir kitob asosida tuzilgan 150 ta savolga bergan javoblari orqali namoyish etishdi. 5-sinflar “Nello va Patrash” asaridan, 6-sinflar “Oʻtmishdan ertaklar”dan guruh bilan kelishgan holda oʻzlariga yoqqan asarning bosh gʻoyasini ochib beradigan lavhalardan kichik sahna koʻrinish namoyish etishdi. Bellashuvga taklif etilgan ota-onalar, ustozlar, oʻquvchilar, mahalla vakillari orasida ushbu asarlarni oʻqishga boʻlgan ishtiyoq yanada oshdi. Asarlarni oʻqigan onajonlar, ayniqsa, farzandi bilan savollarga javob berishga juda faol ishtirok etishdi. Bellashuv talablarida ota-onalarning farzandi bilan birgalikda asar oʻqib, savollarga javob berishi alohida baholandi. Bolajonlar gʻoliblik uchun kitob oʻqishda onajonlarini ham jalb etishgan boʻlsa, ajab emas. Savol-javobda har bir sinfdan qoʻl koʻtarmagan, javob bermagan bola qolmadi.

Men adabiyot ustozi sifatida maqsadimga yetdim. Bolajonlarning kitobxonligi yana bitta asarga koʻpaydi. “Butun sinf bitta jon, biz hammamiz kitobxon” shiori ostida quyi sinflarda ham Gʻ. Gʻulomning “Shum bola”, Andersenning “Bulbul”, Oʻ. Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Oybekning “Bolalik” asarlari tahlili oʻtkazilgan edi. Bu jarayon, yaʼni kitobni diqqat bilan oʻqish, qahramonlarning ruhiy holatini anglash asarning bosh gʻoyasini ochib beruvchi 100 dan ortiq savollar tuzish ustozdan ham, oʻquvchidan ham ijodiy faollikni, mehnatni talab etadi.

Kitobxon bolalar bellashuvda 5-sinf oʻquvchisi Nozima Ismoilova, 6-sinf oʻquvchisi Asila Abdullayevalar gʻolib boʻlishdi va “Maqtov yorligʻi”, kitoblar bilan taqdirlanishdi. Yillar oʻtar, oʻquvchilarim turli kasb egalari boʻlishar, biroq kitobga boʻlgan mehri hech qachon ularni tark etmaydi, deb umid qilaman.

 

Gulchehra MUTALOVA,

Toshkent viloyati Piskent tumani

1-MDUM oʻqituvchisi, “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni sohibi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.