Bibishoh shotisi
Baland togʻlar bagʻrida Dehibolo qishlogʻi bor. Dehibolo forscha “dehi” – qishloq, “bolo” – yuqori, yaʼni yuqori qishloq maʼnosini bildiradi. Boysun tuman markazidan 50 km olisda joylashgan. Keksalarning aytishicha, qishloq taxminan 800 yil oldin paydo boʻlgan. Aholi asosan chorvachilik, dehqonchilik, bogʻdorchilik, bedachilik bilan shugʻullangan.
Qishloq turfa xil olmalari bilan mashhur. Aholisi buloqdan suv ichadi. Xalq tilida Diybolo deb yuritiladi. 1982-yilda mashina yuradigan yoʻl qurildi. 1983-yilda qishloq elektrlashtirildi. Togʻ yoʻlida 50 km masofani maxsus avtomobil 3-4 soatda bosib oʻtadi. Togʻda qish uzoq davom etadi. Qalin yoqqan qor tufayli olti oylab togʻ qishloqlari va soʻqmoq yoʻllarini qor butunlay qoplab oladi. Na ulovda, na piyoda chiqishning iloji boʻlmaydi. Qishloq olti oylab tashqi olamdan uzilib qoladi. Bundan toʻrt yuz yil oldin togʻdagi qishloqlarning har biri oʻzicha yashardi, barcha muammolarini oʻzi yechardi. Yiliga bir-ikki keladigan soliq yigʻuvchilarni hisobga olmaganda, aholining ahvoli bilan hech kim qiziqmasdi. Chorva tufayli goʻsht, sut mahsulotlari oʻzlaridan chiqardi. Bugʻdoy ekishib, tegirmonda un qilishar, moyjuvozda zigʻirdan yogʻ olishardi. Qoʻy, echki junidan gilam toʻqishardi, kigiz bosishardi. Mol terisidan poʻstin tikishar, kosiblar oyoq kiyimi tayyorlashardi. Har bir qishloqning oʻz tabibi, doya kampirlari boʻlardi.
Dehibolo qishlogʻi Choʻlibayr togʻining pastida joylashgan. Bundan toʻrt yuz yil oldin qishloq aholisi va chorva mollari koʻpaygach, mol boqiladigan yaylov muammo boʻlib qoldi. Gʻalla ekiladigan maydon, keng yaylovlar bor, ammo u togʻning tepasida. Unga boriladigan yoʻl yoʻq. Dehibololik Bibishoh xonim juda boy edi. Uning eri vafot etgan, yolgʻiz oʻgʻli bilan qolgandi. Suruv-suruv qoʻy-echkilar, koʻplab qora mol va yilqilarga ega boʻlgan bu ayolga bir necha choʻpon va xizmatkor ayollar xizmat qilardi. Bir kuni Bibishoh ziyofat beradi. Butun togʻ qishloqlaridan hurmatli mehmonlar, oqsoqollar chaqiriladi. Bibishoh ziyofatdan soʻng toʻplangan xalqqa shunday deydi:
– Hurmatli oqsoqollar, hamqishloqlar, bilasizlar, chorva bizning asosiy tirikchiligimiz, ammo atrofda mol boqiladigan yaylovlar kam. Asosiy yaylovlar Choʻlibayr togʻi ortida. Men bir xayrli ishga qoʻl urmoqchi boʻldim, yoshim ham bir yerga borib qoldi. Shuncha boylikni nima qilaman, merosxoʻrim – bir oʻgʻlimga buncha boylik koʻplik qiladi. Men togʻni qiyalab, shoti-yoʻl qurishga jazm qildim. Bu ishga sangtarosh usta Olim rahbarlik qiladi. Mehnat qilganlarning barcha yeyish-ichishlari, ish haqlari mening hisobimdan. Yurtimga va xalqimga bir savobli ish qilayin. Kelgusi avlodlar ham bizdan rozi boʻlsin.
Aslida bunday baland qiyalab shoti-yoʻl qurilishi oʻz davri uchun bir innovatsion gʻoyani amalga oshirish edi. Choʻlibayir togʻi tik qoyasi betida besh yuz metrlar uzunlikda qurilgan shoti ota-bobolarimiz meʼmorchiligining bebaho namunasi desak, xato qilmaymiz. Usta olim boshchiligidagi sangtarosh ustalar toba toshlarni shunday mahorat bilan ulashganki, qoyil qolasiz. Kerakli oʻrinlarda toshlar yogʻochlar bilan biriktirilgan. Xuddi hozirgi zamonda beton orasiga armatura qoʻyilganday. Shoti-yoʻl asta-sekin togʻni qiyalab yuqoriga koʻtarila boshlandi. Kerakli oʻrinlarda togʻ oʻyilib, tokcha qilindi, ayrim joylarda yogʻochlar yordamida koʻpriklar qilindi. Hech qanday texnika yordamisiz faqat qoʻl kuchi bilan bunday besh yuz metrlik shoti qurilishining oʻzi bir moʻjiza edi.
Shoti qurib bitkazilgach, tadbirkorligi, mablagʻi bilan yoʻlning qurilishiga bosh boʻlgan ayol nomiga – Bibishoh shotisi deb ataldi. Mana toʻrt asr boʻldi-ki, Shoti-yoʻl shu nom bilan yuritiladi. Shoti tufayli Choʻlibayr togʻi tepasi va ortidagi tekis yerlar oʻzlashtirildi. Gʻalla maydonlari, bedazorlar, bogʻlar tashkil qilindi. Bibishoh shotisini shu hududda yashovchi xalq “Hayot yoʻli” deb atadi.
Oʻtgan asrning yetmish beshinchi yili sangtarosh usta Toshmuhammad bosh boʻlib, shoti-yoʻl taʼmirlandi. Natijada, bu yoʻldan eshakda oʻtin, hashak tashish bemalol boʻldi, otliqlar ham yura boshladi. Rejissyor Temurmalik Yunusov Boysun haqida bir necha film suratga olgan. Ana shunday filmlarning biri “Unutilgan qoʻshiqlar” kinosida Bibishoh shotisi aks ettirilgan.
Dunyoga mashhur tabiat moʻjizalaridan biri – Boybuloq gʻoriga ham Bibishoh shotisidan yurib, yana uch chaqirimcha yoʻl bosish kerak boʻladi. Gʻorning chuqurligi – 1415 metr. Har yili chet ellardan koʻplab gʻorshunoslar uni oʻrganish uchun Dehibolo qishlogʻiga kelishadi. Oʻtgan yili yozda Rossiya, Fransiya, Shvetsariyadan gʻorshunos olimlar kelib, bir necha hafta davomida bu gʻorni oʻrganishdi. Chet ellik gʻorshunos sayyohlar gʻorga borish uchun Bibishoh shotisidan yerli xalq vakillari yordamida oʻtar ekanlar, togʻlik ustalar tomonidan yaratilgan bu noyob qadimiy meʼmorchilik namunasini koʻrib, hayratga tushdilar.
Bibishoh shotisi tarixini oʻrganishda Dehibolo qishlogʻidagi maktab direktori Jaʼfar Karimov, shu yerlik Zoyir bobo ularga katta yordam berishdi.
– Bibishoh ona avlodlaridan qishloqda hozir ham bormi? – deb soʻradim Zoyir bobodan.
– Ulardan hech kim qolmagan, lekin shotini qurgan usta Olim avlodlari hozir ham shu qishloqda istiqomat qiladi. Usta Olimning izdoshlari dehibololik usta Tosh, usta Shomuhammad el orasida anchayin tanilgan. Boysun shahridagi binolarni qurishda usta Tosh ishtirok etib kelayapti, – dedi Zoyir bobo.
Yurt uchun, Vatan va xalq uchun qilingan ezgu ishlarni avlodlar unutmaydi. Choʻlibayr togʻi viqor bilan koʻkka boʻy choʻzib turar ekan, Dehibolo qishlogʻi yashar ekan, Bibishoh ona nomi ham, u qurgan shoti-yoʻli ham abadiy turajak.
Ochil TOSHQULOV,
Surxondaryo viloyati Boysun shahri