Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yaxshi taklif

– Dada, bugun qanday kunligini bilasizmi? – dedi Behzod toʻrqovoqdagi bedanaga don berayotgan dadasiga.

– Bilaman, oʻgʻlim. Bugun butun dunyoda qushlar kuni nishonlanadi. Men yana sen bilmagan bir narsani bilaman, – sirli jilmaydi dadasi.

– Nimani, – qiziqdi Behzod.

– 1-aprel qushlarning qishlovdan qaytish kuni, yana shu kuni dunyodagi barcha yaxshi kishilar qanotli doʻstlarimizga inlar yasab, bogʻ va xiyobonlardagi daraxtlarga ilib qoʻyishadi.

– Voy, qushlarni oʻzlari ham teraklarimizga, devor boʻgʻotlariga, shiftlarga in qurib olishadi-ku. Biz yasagan uyga ham kirishaveradimi? – hayron boʻldi Behzod. – Axir qushlar juda koʻp-ku, hammasiga yasab ulgurishadimi?

– Juda toʻgʻri savol. Yer yuzida qushlarning 9 ming turi bor. Oʻzbekistonimizda 462 turga mansub qushlar yashaydi. Ular jazirama sahrolarda ham, baland muzliklarda ham yashayveradi. Masalan, qarqara degan qush 7 ming metr balandlikka koʻtarila oladi. Pingvin va qoravoylar esa suvning 20 metr tubigacha shoʻngʻiydi. Qushlar bir moʻjiza. Kuzda salqin tushishi bilan issiq oʻlkalarga uchib ketishadi-da, bahor kelib, kunlar isishi bilan qaytib kelishadi.

– Dada, bedanalar ham issiq oʻlkalarga ketadimi?

– Albatta, axir ular ham bedapoyalarda, dalalarda yashaydi-ku. Inlarini ham maysalar qalin oʻsgan joylarga qurishadi. Kun sovugach maysalar quriydi, bedanalar yeydigan har xil giyohlarning urugʻlari tugaydi, qurt-qumursqa va hasharotlar daraxt poʻstloqlari orasiga, yer ostiga berkinib olishadi Shu bois bedanalar ham sayr bogʻ – koʻchmanchi qushlar sirasiga kiradi.

– Unda nega bizning bedanalarimiz ketmaydi.

– Oʻgʻlim, axir bedanalarimizning inlari bor, sovuqda issiq uyga olib kiramiz, yemishini vaqtida berib turamiz. Ular xursand boʻlib bizga sayrab berishadi.

– Bedana faqat sayrash uchun boqiladimi?

– Yoʻq, albatta. Dehqonlarimizning yaqin koʻmakchisi u. Bogʻ va polizlardagi qurt-qumursqalarni, zararli hasharotlarni qirib, hosillarni asraydi. Bedana tuxumi va goʻshti parhez taom hisoblanadi. Hozir koʻpchilik bedana fermalari tashkil qilib, ularni koʻpaytirmoqda.

– Biz ham bedana boqaylik. Boshqa oʻlkalarga ketib ovora boʻlishmasin.

– Yaxshi taklif. Unda yozni kutamiz. Chunki bedanalar yozda koʻpayadi. Bedanalar asosan tunda harakatlanadi. Lekin juda sezgir va chaqqon. Xavfni sezsa, joyida qotib turadi. Bordi-yu, tashqariga chiqib qolsa ham tutqich bermaydi, juda tez yoʻrgʻalab, butalar orasiga berkinib oladi. Men yaydoq yerdagi bedapoyani bilaman. Sen bilan oʻsha yerga borib, bedana ovlaymiz.

Dadasi soʻzida turdi. Behzod bilan kechasi ovga chiqib, oltita bedana tutib kelishdi. Bedanalar uyda tuxum ochib, koʻpaydi. Hozir Behzodlarning shaxsiy bedana fermasi bor. Sayroqi bedanalaridan doʻstlariga ham sovgʻa qilmoqchi.

Shoira ESHMIRZAYEVA,

Jizzax shahridagi 19-maktab

biologiya oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.