Ukamning orzusi
Bahor... Shifoxona palatasining ochiq darchasidan oʻrik gulining hidi dimogʻimizga urildi. Ukam ikkalamiz derazadan tashqariga qaradik. Quyosh charaqlab turibdi. Oʻrik gullari ustida asalarilar gʻuv-gʻuv uchgan, daraxt atrofida esa bolalar quvlashmachoq oʻynashyapti.
– Qaniydi, menga ham doʻxtirlar yugurishga ruxsat bersa, – xoʻrsindi ukam. Uning yuragi xasta. Har taʼtilda men uni shifoxonada olib yotaman. Oyim uydagi ukalarimga qaraydi, shifoxonaga yuguradi. Rossiyada ishlayotgan dadam pul yuborishi bilan ukamga zarur dorilar, ularga qoʻshib badiiy kitoblar ham olib keladi. Oʻsha kitoblardan biri “Sariq devni minib” asarini har kuni ukamga oʻqib beraman. Mazza qilib tinglaydi, baʼzi joylarida qotib-qotib kuladi. Lekin bugun romanning galdagi sahifalarini oʻqib boʻlganimda, ukam negadir xomush tortib qoldi. Birozdan soʻng menga qarab: “Opa, oʻsha sehrli qalpoqchani topishimda yordam berasizmi?” – deb soʻradi.
– Uni nima qilasan, bu fantastika-ku, hayotda sehrli qalpoqcha boʻlmaydi.
Javobimni eshitib ukamning koʻzlariga yosh toʻldi. – Eh, qaniydi shu qalpoqcha chindan ham topila qolsaydi, tilagimni aytardim, – xoʻrsindi u.
– Qanday tilak?
– Dunyodagi barcha bemor bolalarga shifo soʻrardim. Shunda birorta ham ona mening onamga oʻxshab ich-ichidan yigʻlamasdi. Pullariga dori emas, oʻziga koʻylak, roʻmol, kalish sotib olardi.
Ukamni bagʻrimga bosdim. Uning yuragi dukullab urardi. Men qoʻrqqanimdan yigʻlab yubordim, u ham yigʻladi. Ikkalamiz yigʻlab-yigʻlab uxlab qoldik. Tushimda dadam Rossiyadan chiroyli, oppoq sehrli qalpoqcha olib kelganmish. Uni kiygan ukam koʻzdan gʻoyib boʻlibdi... Choʻchib koʻzlarimni ochdim. Qarasam, yonimda ukam yoʻq! Shifokor onamga ukamni Rossiyaga yuborish navbati kelganini, u yerda operatsiya qilinishini va albatta tuzalib ketishini aytayotgan ekan. Shu payt ostonada jilmaygancha ukam paydo boʻldi. Men uni mahkam quchoqlab oldim...
Soʻgʻdiyona YUSUPOVA,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Taxiatosh tumanidagi 3-maktabning 6-sinf oʻquvchisi