Tabiatning tillo zanjiri
YOZNING QAYNOQ KUNLARIDA
Yurtimizda yoz faslining eng issiq va jazirama kunlari boshlandi. To‘g‘risini aytganda, biz bunday ob-havoga o‘rganib ham qolganmiz. Faqat bir narsa bizni o‘ylantiryapti – suv tanqisligi masalasi. Ijtimoiy tarmoqlarda, televizor kanallari orqali bu borada tez-tez ekolog mutaxasisslarning chiqishlari namoyish etilmoqda, muhokama, munozalar bo‘lmoqda. Eng muhimi, BMT tomonidan har yili 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni sifatida belgilangan.
Tabiat deganda ko‘z oldimizga faqat suv emas, yer, dov-daraxtlar, azim tog‘laru hayvonot va nabotatning ajoyib olami keladi. Dunyoga kelganimizdan boshlab tabiatda yashaymiz, nafas olamiz, uning ne’matlaridan bahramand bo‘lamiz. Ana shu go‘zal olamga zahmat yetkazmaslik, undan bahra olib yashashimiz uchun uni yaxshilab o‘rganishimiz zarur ekan. Ya’ni, tabiatdagi har bir tirik mavjudotning borliqdagi o‘rni, atrof- muhitga bog‘liqligini bilish, u bilan do‘stlashish o‘zimiz ham shu olamning bir bo‘lagi ekanimizni tushunishimizga yordam beradi.
Olimlar tabiat muvozanatini ushlab turishda yaylov va o‘rmonlar kerakligini, toza havoni ta’minlash uchun karbonat angidridni kamaytirishda “Yashil makon”, “Yashil iqtisodiyot” dasturlari o‘ta muhimligini ta’kidlashmoqda. Atrof-muhit musaffoligiga to‘laqonli erishish, atmosferadagi zaharli gazlarni kamaytirishda yaylov va o‘rmonlardagi jonivorlarning o‘rni beqiyos ekani ta’kidlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda ko‘plab o‘rmon xo‘jaliklari, qo‘riqxonalar mavjud. U yerda shu sohaning mutaxassislari xizmat qilishadi. Ular yer yuzida kamayib ketayotgan ayrim jonivorlarni ro‘yxatga olib, hayot tarzini kuzatib boradilar. Aynan shu jonivorlar o‘rmonzorlarning tabiiy tozalovchilari bo‘lib daraxtlarning sog‘lom o‘sishiga katta ko‘mak berar ekan.
Yaylov tuprog‘ining hayvonlar tomonidan bosilishi qum-tuproq bo‘ronlari turishiga yo‘l bermasligini isbotlangan. Bu esa katta maydonlardagi o‘simliklarni nobud bo‘lishining oldini oladi. Qorli tog‘ cho‘qqilariga yaqin yaylovlardagi hayvonlar qor va muzliklar qatlamini tepkilab qotiradi, ularning erish jarayonini sekinlashtiradi. Bu esa bahor mavsumida sel kelishining oldini oladi, yoz faslida daryo, soylarning to‘lib-toshib oqishini ta’minlaydi. Darhaqiqat, oddiygina so‘qmoq yo‘llarni olaylik. Odamlar yuraverib tuprog‘i zichlashib ketgan bu yo‘llar yillar davomida metindek qattiq bo‘lib ketgan. Cho‘qqilardagi odam oyog‘i tegmagan qorlarning zichligini esa hayvonlar mustahkamlar ekan.
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha hayvonlarning 9 turi va guruhi havodagi zaharli gazlarni yo‘q qilishda dunyo bo‘yicha muhim ahamiyatga ega ekan. Albatta, ular haqida birma bir to‘xtaladigan bo‘lsak, Afrika fili-yu, Amerika bizonlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin zukko o‘quvchi biz taqdim etayotgan ma’lumotlarga qiziqib qolsa, ular haqida yozilgan kitoblarni, internet manbaalarini topib o‘qishiga ishonamiz. Ha, aytgancha, misol tariqasida ana shunday qiziq ma’lumotlardan birini sizga taqdim etmoqchimiz. Vaqti kelib bugungi tiyrak o‘quvchilar, orasidan tashabbuskor, mehnatkash, o‘z tengdoshlarini ezgu maqsadlar sari ergashtiradigan, zamonaviy texnologiyalarni mukammal egallagan, el-yurtning og‘irini yelkasida ko‘tara oladigan mardlar chiqib, tabiatga kushanda bo‘layotgan xavflarning oldini olishiga ishonamiz.
SUV ODAM
Hindistonning shimoliy-g‘arbiy shtati Rajastxon aholi zich, hayot darajasi ancha murakkab hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerlarni bir vaqtlar suv bilan ta’minlagan Arvari daryosi qurib bitganiga 60 yil bo‘libdi.Quduqlar suvsizlangan. 1985 yili bu yerga Gepelpur tibbiyot kollejini tugatgan shifokor Rajendr Singx ishga keladi. Aholining salomatligini o‘rgangan yosh shifokor asosiy muammo suvda ekanligini aniqlaydi. Mahalliy aholi bilan suhbatlashgan Rajendr qachonlardir Arvari daryosi to‘lib oqqani, daryo atrofida sellarni tutib qoluvchi o‘ziga xos kichik suv omborlari – johadlar bo‘lganligini bilib oladi. Yosh shifokor bir necha ko‘ngilli hamroh topib, ishga kirishadi. Ya’ni, chiqindiga to‘lib ko‘milib ketgan johadni tozalashni boshlaydi. Ko‘pchilik uning bu harakati besamar ekanini aytib, uni qaytarishga harakat qiladi. Hatto, Rajendrning ustidan kuladiganlar ham topiladi. Ammo shifokor o‘z taxminlariga ishonadi va shahdidan qaytmaydi. Dastlabki natijalar juda kam bo‘lgan, johadga oz suv to‘plangan va qurib qolgan. Lekin yaqin atrofdagi quduqlarga suv qaytishi mahalliy aholida qiziqish uyg‘otadi va shifokorning atrofida yordamchilar soni ko‘payadi. Oradan bir yil o‘tib johad to‘liq tiklanadi. Keyingi yillarda esa hududdagi qolgan johadlar ham foydalanishga topshiriladi. Oradan besh yil o‘tib haqiqiy natijalar ko‘rinadi. Arvari daryosi oqa boshlaydi. 1995 yilga kelib bu daryo yil davomida oqib turadigan bo‘ladi. 70 ta qishloq joylashgan 500 kv/ km. maydondagi qurg‘oqchilik to‘xtatiladi. 100 metrlab chuqurga tushib ketgan yer osti suvlari 8-10 metrdan chiqa boshlaydi. Shifokor do‘stlari bilan tepaliklarga daraxtlar ekadi, dorivor giyohlar urug‘ini sepishni yo‘lga qo‘yadi. Natijada mikroiqlim yaxshilanadi, daryo atrofiga qushlar, hayvonlar qaytishadi, tabiat chiroy ochadi, hosildorlik ko‘payadi. Rajendr hududning haqiqiy qahramoniga aylanadi. Odamlar shifokorni “Hindistonning suv odami”, “Suv supermeni” deb ataydilar. Suv tanqisligida qishloqlardan chiqib ketgan odamlar o‘z uylariga qayta boshlaydilar.
“Suv odami”ning bu faoliyati ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan Uni “Sayyorani qutqarishi mumkin bo‘lgan 50 odam” safiga qo‘shishgan. Shifokor faqat Rajastxondagi hudud bilan cheklanib qolmay, suv masalalari bo‘yicha bir tashkilot tuzadi va boshqa joylardagi suv muammolari yechimida ham ko‘mak berib keladi. O‘tgan yillar davomida uning tashkiloti 8600 dan ortiq johadlarni tiklashga yordam bergan va 1000 dan ortiq qishloqlarda turmush tarzi yaxshilangan.
Agar biz ham hindistonlik Rajendrdek ona tabiatimizni asrab qolishni o‘ylasak, yoz oylarida muammoga aylanib borayotgan suv , toza havo tanqisligi haqida qayg‘ursak, shu Vatan, shu tuproq barchamizniki ekanini anglab yetsak, uni asrab-avaylashni eng kichik detallarga e’tibor berishdan boshlashimiz kerak. Ular esa oddiygina... Keling aziz jurnalxonlar, shu kunlarda bir daqiqada 9 kv/m. yeri cho‘llanib borayotgan O‘zbekistonimizni katta tabiiy ofatlardan asrab qolaylik. Har birimiz ona xalqimiz, ona yurtimizning kelajagi haqida jon kuydiraylik.
Gulxanjon