Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vobkentning ixtirochi bolasi

9-sinf o‘quvchilari! Ayting-chi! Siz bu davrgacha nimalarga erishdingiz? Ilm-fan, san’at, madaniyat, sport yo‘nalishida qanday yutuqlarni qo‘lga kiritdingiz? Menimcha, talaygina bo‘lsa kerak. Unda yaxshi. Aynan sizning auditoriyangizni tilga olishimning boisi, Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi tengdoshingiz Shahzod Erkinov barmoq bilan o‘t oldirsa bo‘ladigan elektrokar yaratdi. Endi uning ixtirosi tufayli turistik hududlarga bemalol sayohat qila olasiz.

Yangilikka o‘ch tengquringiz Vobkent tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil oladi. Darsdan so‘ng zamonaviy axborot texnologiyalari to‘garagi mashg‘ulotlariga qatnaydi. Texnikaga oid adabiyotlarni qunt bilan o‘qishga qiziqadi. U “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazining faol a’zosi.

Bu hali hammasi emas. Uning gapiradigan robot, lampali soat, o‘quvchilarbop robot repetitor kabi jajji ixtirolari turli tanlov va ko‘rgazmalarda e’tirof etilgan. Ixtirochi o‘quvchi kattaroq loyihalarga qo‘l urishni istadi va quyosh nuri hamda elektr toki vositasida harakatlanuvchi elektromobil yaratishning uddasidan chiqdi.

— Elektrokar ayni damda soatiga 50 kilometr tezlikda harakatlana oladi, — deydi Shahzod. — Zarur texnik ishlar bajarilsa, tezlikni soatiga 100 kilometr va hatto undan ham oshirish mumkin. Shuningdek, elektromobilning tashqi ko‘rinishiga ham jiddiy e’tibor berdim. Dizaynini retro mashinalar qiyofasida tayyorlaganman. U quyosh paneli va elektr toki vositasida quvvatlanadi. Unga 12 voltli to‘rtta akkumulyator o‘rnatilgan. O‘t oldirilganda, tabloda “Oq yo‘l” yozuvi paydo bo‘ladi. O‘ngga yoki chapga burilish, orqaga yoki oldinga harakatlanish chog‘ida ham yozuvlar chiqadi. Mabodo, elektrokar kaliti yo‘qolib qolgudek bo‘lsa, uni egasi barmoq izi orqali ham yondira oladi. Begonalarning  barmoq izi esa o‘tmaydi. Elektromobil batamom o‘zbek tilida dasturlashtirilgan.

Bugungi kunda “Shahzod mobile” loyihasi viloyatda o‘tkazilgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonida faxrli 1-o‘ringa munosib, deb topildi. Qahramonimiz bu ixtironing yaralishida otasi Rustam Shukurov hamda ustozi Dilrabo Rasulovalarning maslahatlari asqatganini aytdi.

— Bolam 20 ga yaqin ixtirolar muallifi, — deydi otasi Rustam Shukurov. — Ular orasida elektrokar haqiqatdan o‘zgacha. Hozir o‘g‘lim quyosh paneli va elektr tokidan quvvat olib harakatlanuvchi besh kishiga mo‘ljallangan elektromobil yaratish taraddudida. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday avtoulovlar nisbatan arzon va cho‘ntakbop bo‘ladi.

Mo‘jizalar dastlab xayolda tug‘iladi. Ajab emas, uchqur xayol sohibi bo‘lgan Shahzodjon hademay quyosh energiyasi bilan harakatlanadigan avtomobil yaratsa...

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.