Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabrik

“Gulxan”, sen meni “katta” hayotga yo‘llagan jonkuyar ustozim, jonajon do‘stimsan.

Zahmatli, ammo ajoyib bolalikning poyonsiz dalalarida hamrohim bo‘lgansan, kech kuz tumanlari tushganida yoqilgan g‘o‘zapoya taftini birga his qilgansan, shu bilan birga, g‘aroyib olamlardan xabar bergansan, bu ulug‘ mamlakatimizning turli hududlaridagi o‘quvchilar, adiblar bilan yuzlashtirgansan. Turli-tuman bilim eshiklarini ochib, tafakkur sirlari bilan tanishtirgan ham sensan.

Mana, yoshing ham yuzga yaqinlashib bormoqda.

Urfimizga ko‘ra, yoshi ulug‘lardan duo so‘raladi. Sen men uchun o‘shanday duogo‘y bir ulug‘im esang-da, elimizning millionlab bolalari uchun hanuz do‘stsan, o‘rtoqsan.

Seni o‘ylasam, buyuk bobolarimiz qatorida hazrat Alisher Navoiy va Abu Rayhon Beruniy yodimga keladi.

Abu Rayhon Beruniy G‘aznada ekanida, Xorazmdan bir kishi kelib, yoshi sening o‘quvchilaring qatorida bo‘lgan Rayhona degan qizi uchun darslik yozib berishini iltimos qiladi. «Munajjimlik san’atidan boshlang‘ich tushunchalar» kitobi shu tarz yaratiladi.

Navoiy bobomiz esa:

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila, – deb yozadi.

Sen ana shunday buyuk ajdodlarimiz haqida, tarix samosida yulduzlarday chaqnagan mutafakkirlar va ular qoldirgan xazinalar, shu bilan birga, zamonaviy bilimlar haqida bolalarga so‘zlab bergansan. Sen millionlab o‘quvchilarni hayotga yo‘llagan ulug‘vor maktabsan. Hur mamlakatimiz bag‘rida mehribon murabbiy kabi, shu qutlug‘ vazifangni sharaf bilan ado etib kelmoqdasan.

Zahmatkash jamoangga va beg‘ubor o‘quvchilaringga yangi o‘quv yili qutlug‘ bo‘lsin! Bu yil o‘z qanotida orzular ro‘yobini, yangidan-yangi bilim xazinalarini ola kelsin, ezgu maqsadlarga erishish yo‘lida mustahkam pillapoya bo‘lsin!

 

Isajon SULTON,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.