Shoir deganlari haqgo‘y bo‘ladi
Sahifamiz mehmoni – O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekistonda va qator xorijiy mamlakatlar adabiy jamoatchiligi orasida alohida obro‘-e’tibor qozongan, mashhur tarjimon sifatida ham e’tirof etilgan Jamol Kamol bo‘ladilar. Shoir Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” durdona asarini, Shayx Farididdin Attorning – “Mantiq ut-tayr”, “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma”, “Bulbulnoma”. “Ushturnoma” asarlarini, Abdurahmon Jomiyning g‘azallar kitobini, Alisher Navoiy “Devoni Foniy”sidan “Foniy gulshani” nomi bilan ikki yuz g‘azal, o‘n qasidani Shayx Nizomiy Ganjaviyning besh doston olti kitobdan iborat “Xamsa”sini, Mirzo Abdulqodir Bedilning “Irfon” kitobini forsiydan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. “Masnaviyi ma’naviy” tarjimasi uchun shoir Turkiya jumhuriyati Madaniyat vazirligining oltin medali va Eron Islom jumhuriyatining xalqaro davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”sini o‘zbek tiliga qilgan tarjimasi uchun Ozarbayjon hukumatining “Nizomiy Ganjaviy 880 yilligi” medali bilan mukofotlandi. Shekspir asarlarini aslidan o‘zbek tiliga yuksak mahorat ila o‘girgani uchun Jamol Kamolni Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizavetta II o‘z maktubida samimiy tabrikladi va shoirni Angliyaga mehmon bo‘lib kelishga taklif qildi.
Taqdir to‘qmog‘i
Men Buxoro viloyatining Shofirkon tumaniga qarashli ota qishlog‘im Chitkaronda tug‘ildim. Otamning otalari Husanxo‘ja amirning zarbxonasida ishlagan. Uch oylik chaqaloq ekanimda otam Kamolxo‘jadan ayrildim. “Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromov xalq dushmani emas, xalq do‘sti edi”, degan bir og‘iz gapi uchun uni otuvga hukm qilishgan... Otamning vafotidan so‘ng Vobkent tumaniga qarashli ona qishlog‘im qo‘shni Ko‘liodinada, buvimning uyida yashay boshladik. Onam ham otamning hajrida kuyib, dunyodan erta ko‘z yumdi. U paytda 16 yoshda edim.
Vobkent – mo‘jiza makon
Hamqishloqlarim ham, qo‘shni qishloqlar aholisi ham hamisha Vobkentga bog‘lanib, unga talpinib yashagan. Hozir ham shunday. Sababi, o‘rtada masofa yaqin. Bizga suv o‘sha yoqdan, Zarafshon daryosining Pirmast irmog‘i orqali kelib, avval ariqlarga, keyin dalalarga tarqalardi.
Qishloqdoshlarimiz bozorni Vobkentdan qilishardi. Chunki, Vobkent bozorining fayz-u barakasi, bir qadar arzonligi tillarda doston edi. Bir gal O‘g‘iloy yangam bilan shu bozorga tushib, sariyog‘ sotganimiz esimda. Xalqning to‘y-tantanasi vobkentlik hofiz-u sozandalarsiz o‘tmas, ularning sozi, ovozi bilan qizir edi.
Men buvimning tarbiyasida o‘sdim. U paytlarda dasturxonda qand-qurs, konfetlar kam bo‘lardi. Bayramlarda holva pishirishardi. Yeganimiz yoz va kuzda sarxil mevalar, qish va bahorda turshak, mayiz, tutmayiz edi. Yoz bo‘yi yalangoyoq qum kechib, chopqillab, yugurib yurardik. Hammayoq ishkom – uzumzor, mevazor edi. Paxta paykallari atrofida qator-qator o‘rik, olma, nok, gilos, tut daraxtlari tizilishib turardi. O‘riklar g‘arq pishganda har xonadonga o‘n besh-yigirma daraxtdan bo‘lib berishardi. Yana qanday o‘riklar deng: oqpishar, ko‘kpishar, payvand, ruhi jonon (Buxoroda qantak o‘rikni shunday deb atashadi)... Biz, bolalar o‘rik qoqaverib, o‘rik teraverib, holdan toyardik. Terilgan o‘riklar keyinchalik turshak qilish uchun tomlarda quritilardi. Peshin payti tomga chiqqan kishi atrofga ko‘z solib, ajib manzaraga duch kelardi. Qishloqda tom borki, qip-qizil o‘rik bilan qoplangan, go‘yoki shafaqqa chulg‘angan yoki cho‘g‘lanib yonayotgandek, quyosh nurida lov-lov tovlanib turardi... Qishlog‘imizda qovun-tarvuzni ko‘p ekishardi. Men Olim tog‘am bilan kechasi polizda yotishni yaxshi ko‘rardim. Saharga yaqin shabnam tushib, pishib yetilgan sherozi, begzoti, bo‘rikallalarning unda-bunda tars-turs yorilishini kutardik. Tong yorishgach, ularni topib olardik. Ertalab nonushta o‘rniga qovun yerdik. Qovun yesang sahar ye, deb bekorga aytishmagan. O‘sha qovunlarning mazasi-toti hali ham tilimda, tanglayimda turibdi...
Har bir hovlida osmonga shox yoyib o‘sgan ikki-uch tup tut daraxti bo‘lardi. Men maktabdan keliboq, papkamni bir chetga irg‘itib, tomga chiqardim. Tom ustiga engashib o‘sgan oq marvarid tutdan to‘ygunimcha yerdim-da, keyin kitobimni qo‘ltig‘imga qistirib, ikkita sigirni yetaklab, dalaga jo‘nardim. Menga mazza edi: kechgacha ham mol boqardim, ham kitob o‘qirdim... Daryoning bo‘tana suvidan to‘yib-to‘yib ichardim, kasal bo‘lmasdim. Chunki Zarafshonning suvi oltinga to‘yingan, zahar-zaqqum ximikatlardan holi edi.
O‘shanda maktab kutubxonasidan tashqari qishloq sovetining ham o‘z kutubxonasi bo‘lardi. Har ikkala kutubxonaga galma-galdan qatnab, kitob olardim, o‘qib charchamasdim...
Har safar Vobkent desam, bahri dilim ochilib, ruhimda bir yorug‘lik paydo bo‘ladi. Bu yurt men uchun – mo‘jiza makon.
Navoiydan ruxlanib...
Ona tomondan bobom Mullo Xo‘ja Buxoroning mashhur Mir Arab madrasasida tahsil olgan. Kitobga muhabbat menga shu bobomdan o‘tgan deb o‘ylayman. Onam Hojarbegim ham kitobxon ayol edi. Latta jild tikib, unga “Ravshanxon” dostonini solib, bo‘ynimga ilib qo‘ygan edi... Ayollar davrasida onam shu dostonni o‘qir, kamina o‘shanda chamasi to‘rt-besh yashar bola, uning pinjiga suqilib, berilib eshitardim. Dostonning ayrim satrlari hamon yodimda. Bir gal davrada boshimni silab, mening o‘g‘lim shoir bo‘ladi, degani esimda... Keyin maktabga bordim. Ilk bora Bobur ruboiylarini yod oldim. Kattalar goho meni ko‘cha-ko‘yda to‘xtatib, “Bolam, menga haligi she’ringni aytib ber”, deb so‘rashardi. Ko‘zimni chirt yumib:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir,
– deya chuldirab aytib berardim. “Barakalla, umring uzoq bo‘lsin”, deb duo qilishardi. O‘shanda vafo nima, jafo nima – anglamaganman. Yettinchi sinfda Navoiy ijodi bilan tanishdim. Olti yashar Alisher Farididdin Attorning “Mantiq-ut-tayr” kitobini boshdan-oxir yod olgani, o‘zining dastlabki mashqlari bilan Lutfiydek ulug‘ shoirni lol qoldirgani meni hayratga soldi. Navoiydan ruhlanib she’rlar yoza boshladim... Onam bir kuni ko‘z yoshi qilib: Bolam, she’r yozma, – deb yalinib, yolvordi... Sababi, o‘shanda maktabda ona tili va adabiyotidan dars beradigan Latif tog‘am onamni qo‘rqitibdi. “Hojar, o‘g‘lingga ayt, she’r yozmasin, shoir degani haqgo‘y bo‘ladi, haqgo‘yligi tufayli oxir-oqibat qamaladi”, debdi. Onamga she’r yozmaslikka va’da berdim. Ammo, yashirincha yozaverdim. She’r o‘qimagan, she’r to‘qimagan kunim yo‘q edi. Zehnim o‘tkir, xotiram kuchli, har qanday she’rni bir-ikki bor o‘qisam, bas, yodimda naqshlanib qolardi.
Navoiy, Lutfiy, Bobur, Mashrab, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat, Hamid Olimjon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Mirtemir qalamiga mansub juda ko‘p she’rlarni hozir ham yoddan aytib bera olaman. Keyin bilsam, eng yaxshi shoirlarning she’rlarini yod bilish – shoirlik shartlaridan biri ekan...
Mudirning qovog‘i o‘ziga siylov
Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi sinfdan to‘rtinchi sinfga o‘tganman. Kunlarning birida sinfimiz bo‘yicha bor-yo‘g‘i ikki dona adabiyot kitobi beriladigan bo‘ldi. Birini maktab mudirining qizi Jamilaga, yana birini esa adabiyot muallimining o‘g‘li Hoshimga berdilar. Ko‘zimiz kitobga och. Bir kuni maktab mudiri Jamilaning qo‘lidan kitobni olib, kim qovoq olib kelsa, kitobni o‘shanga beraman, dedi. Chunki Jamila kitob o‘qishga qiziqmas edi. Hamma bolalar ko‘chaga otilishdi. Bizning uyimizda ham qovoq ekilgan, ammo uni borib olib kelgunimcha, boshqalar mendan oldin ulguradi. Maktab yonida mudirning uyi va bog‘i bor. Bog‘dagi eng katta qovoqni uzib, sinfga qarab yugurdim. Birinchi bo‘lib kelganim uchun mudir kitobni menga berdi. Kitobni oldim-u bag‘rimga bosdim. Bir vaqt sinfga qovoq yog‘ildi (Ammo bog‘i to‘la qovoq bo‘la turib, mudirning nega bunaqa shart qo‘yganini haligacha tushunmayman).
Oradan yillar o‘tdi. Buxoro pedagogika instituti filologiya fakultetining 3-kursida o‘qiyman. Tog‘amning uyida bo‘ladigan yig‘inlarning biriga o‘sha sobiq maktab mudiri – A’zam aka keldi. O‘tgan voqealarni eslab, kulib aytar ekanman, A’zam aka, sizga berganim o‘sha qovoq – o‘zingizning qovog‘ingiz edi, dedim. Davradagilar mazza qilib kulishdi. Qovoq evaziga kelgan o‘sha kitobda birinchi marta yod olganim – Bobur ruboiylari bor edi.
Ustozlarim – qalbimning nuri
Menga adabiyotdan dars bergan o‘qituvchilarim Mahmudjon Muxtorov, Zikr Xo‘jayevlarning tajribasi, talabchanligi sabab she’r zavqi, ayniqsa aruz vazni jozibasini his qilganman. Ko‘z oldingizga keltiring, biz – bir sinf bola, o‘qituvchi rahbarligida hamma jo‘r bo‘lib, Navoiyning “Hayrat ul-abror”ini o‘qiymiz. O‘qirkanmiz, she’r turog‘iga moslab, partalarga baravar musht uramiz va shu bilan ritm, ohang yaratamiz:
Eyki qaviy/ ayladi davlat/ qo‘ling,
Zulm sari/ tushdi va lekin/ yo‘ling.
Zulming erur/ kunduz-u fisqing/ kecha,
Zulm ila fisqing/ necha bo‘lg‘ay,/ necha?..
Domla dars jarayonida tanbur chertib, “Qaro ko‘zim”ni kuylardilar. Qo‘shiq orqali mumtoz she’riyat va musiqa bizni o‘ziga maftun etardi. Jo‘ra To‘rayev degan matematika o‘qituvchimizning bilimi nazarimda professorning bilimiga teng edi. O‘ninchi sinfga o‘tganimda haqiqiy rus tili o‘qituvchisini ko‘rdim. Institutni endigina bitirgan yosh qiz bizga dars bera boshladi. Sochlari qizg‘ish, Nina Anatoleyevna Salnikova. Uning mahorati shunda ediki, butun sinfga rus tili grammatikasini boshdan-oyoq yod oldirdi. Agar biror o‘quvchi darsga tayyor bo‘lmasa, muallima yosh bola arazlagandek doskaga o‘girilib olib, “Ne budu ya s vami, ne budu”, deya yuzini berkitib yig‘lar edi. Biz esa o‘sha o‘quvchini “Nega uyga vazifani bajarmading?”, deb o‘rtaga olardik. Ba’zilar sinfdoshlaridan ta’na-dashnom eshitmaslik uchun ham vazifani tayyorlab keladigan bo‘lishdi. Shu inson sabab, institutga kirgach, rus tili imtihonlaridan deyarli qiynalmadim. Hozirgacha grammatikani yoddan bilaman. Har gal ustozlarimni eslaganimda qalbim nurga to‘ladi.
Hayot – imtixon
Ko‘p imtihonlardan o‘tdim. Qirq yoshdan keyin ingliz tilini o‘rgandim. Shekspirning 12 dramasi, 154 sonetini shu tildan o‘zbek tiliga tarjima qildim. “Jamol Kamol ingliz tilini bilmaydi, u Shekspirning asarlarini rus tilidan tarjima qilib, odamlarni aldab yuribdi”, degan mish-mish tarqala boshladi. U paytda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir edim. Kunlarning birida Yozuvchilar uyushmasining rais o‘rinbosari Asqad Muxtor qo‘ng‘iroq qildi: “Bugun soat 14:00da bir kelib ketasiz”. Borsam, uyushmaga Amerikadan ikki yozuvchi kelibdi. “Marhamat, suhbatni tarjima qiling”, dedilar. Ikki soatlik suhbatni tarjima qildim. Ketar ekanman, Asqad Muxtor minnatdor bo‘lib, meni bag‘riga bosdi: Ingliz tilini bilar ekansiz, odamlar sizga tuhmat qilishayotgan ekan.
Yana bir voqea: Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida Bobur yubileyi tantanali nishonlanmoqda. Hindiston va Pokistonning Ittifoqdagi elchilari kelishgan. Tadbir tashkilotchilari ularni rus tilida ma’ruza qilishadi deb o‘ylabdi. Ammo so‘zga chiqishlariga 5 daqiqa qolganda elchilarning rus tilida emas, ingliz tilida gapirishi ma’lum bo‘ldi. Tadbir tashkilotchisi Pirimqul Qodirov oldimga kelib hayajon ichida dedi: “Jamoljon, shu paytda qayerdan tarjimon topaman?! Qutqaring...” – Xo‘p, dedim. Hindiston elchisi sahnaga chiqar ekan, ortidan ergashdim. Teatr to‘la odam. “Please, speak simply and slowly” (Iltimos, sodda va sekin gapiring), dedim unga qarab. Elchi “Yes”, degancha, nutq so‘zlay boshladi. Shu tariqa Hindiston va Pokiston elchilarining nutqini tarjima qildim. Bir payt Qobul universitetining professoriga navbat keldi. U fors tilida gapiradi. Taassufki, tarjimon yo‘q. Zaldan “O‘rtoqlar, yana Jamol Kamoldan iltimos qilamiz”, degan ovozlar yangray boshladi. Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziylarni fors tilida o‘qiganim uchun tarjimada qiynalmadim. Teatrni gulduros qarsak tutdi. Meni esa do‘st-u dushmanlar oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi.
Adabiyot – insoniylik fani
Dilbandlarim, Allohni taning, haloldan huzur qiling, haromdan hazar qiling.
Ko‘p she’r yodlang. So‘z boyligingiz ortadi. So‘z boyligi bo‘lgan odam fikrini aniq, tiniq, chiroyli ifoda qiladi. Mutolaa fikrlashga o‘rgatadi. Bunday kishini esa hamma hurmat qiladi. Favqulodda notiq bo‘lish kerak. Dunyodagi barcha fanlar bir taraf, adabiyot bir taraf. Inson kim bo‘lishidan qat’i nazar – shifokormi, muhandismi, agronommi, davlat arbobimi – ma’lum ma’noda adabiyotchi bo‘lishi kerak. Chunki adabiyot – insoniylik fani. Yangi kostyum-shim kiyib, galstuk taqib, ko‘rkam bo‘lib yurish mumkin. Biroq zaboningizdan chiqayotgan ikki og‘iz gapingiz bilan ma’naviyatingiz ma’lum bo‘ladi. Haqiqiy ma’naviyatga ega bo‘lmasdan turib, zo‘r mutaxassis sifatida hurmat qozona olmaysiz.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA suhbatlashdi