Ishonchga munosib bo‘lish
Mustaqillikning 31 yillik to‘yini “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan ajoyib g‘oya bilan tantana qildik. Bayram shukuhi maktablardagi “Bilimlar kuni”ga ulanib ketdi. Yangi 2022-2023-o‘quv yilidan darak beruvchi birinchi qo‘ng‘iroq sadolari maktabni, sinfdoshlari, ustozlarini sog‘ingan dillarga malham bo‘ldi. Har biringiz bir yoshga ulg‘ayib, bir sinf yuqorilab, hayotingizda yangi sahifa ochdingiz. Ijodiy jamoamizning tilagi, siz o‘quvchilar uchun o‘quv yilining har bir kuni “Bilimlar kuni” bo‘lsin. Maktabga o‘qish uchun keldingizmi, albatta, bu maskandan bilim zaxirangizni boyitib qayting.
Bizning ustozlarimiz bolaligimizda “Bilim berilmaydi, bilim olinadi”, deb ta’kidlashardi. Darhaqiqat, maktabga o‘qiyman, o‘rganaman deb kelgan o‘quvchilar dars davomida o‘zini qiziqtirgan savollarga javob olishga harakat qiladi. “Agarda sen ham aqlli kishilarning safida bo‘lging kelsa, har kuni bir marta, hech bo‘lmasa oyda bir marta o‘zingga o‘zing hisob ber!” degan edi taniqli qozoq oqini Abay. Alisher Navoiy bobomiz esa, “Biz yetolmagan orzularga kelajak nasllarning yetmog‘i mumkin”, deya xitob qilganlar.
Yangi o‘quv yilining ilk kunlari barcha ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari maktab darsliklarining bepul ijarasi haqidagi yangilikdan bong urdilar. Bu xushxabarni eshitib xalqimiz nihoyatda xursand bo‘ldi.Bularning bari davlatimiz rahbarining ta’limga beqiyos e’tiboridan darak beradi. Prezidentimizning yuksak e’tiboriga javoban siz o‘quvchilar nima qilishingiz kerakligi haqida o‘ylab ko‘rdingizmi? O‘ylab ko‘rgan bo‘lsangiz, keling, bilganlarimizni hali o‘ylab ulgurmaganlarga, tengdoshlaringizga birma- bir sanab o‘tishga harakat qilamiz. Eng avvalo, darsliklardagi bilimlarni yil davomida chin dildan o‘zlashtirish zarur. Kitoblar tekinga berilibdi deb ularni ko‘rimsiz, abgor ahvolga solib qo‘yish yaramaydi. Aksincha, ehtiyotlab o‘qish kerak. Qolaversa, sizdan so‘ng shu kitoblarni olib o‘qiydigan uka va singillaringizga gard yuqtirmay, bus-butun yetkazish kerak. Mamlakatimiz rahbari kelajak avlodga katta ishonch bildirmoqdalar. Shu bois ham ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun nima zarur bo‘lsa, barchasini muhayyo qilmoqdalar. Demak, shu ishonchga munosib bo‘lishni ham o‘rganishingiz kerak.
Ha, aziz muxlislar, bugungi kunda ta’limga bo‘layotgan alohida e’tiborni ko‘rib “Bir zamon keldiki, o‘qish zamoni”, deb bong urgimiz keladi. Sizga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib bilimlar kalitini qo‘lga olsangiz, ishoning, kelajakda ulug‘ insonlarning safidan joy olasiz, Yangi Renessans yo‘liga chiqqan O‘zbekistonning dunyolarga bo‘ylashishiga o‘z hissangizni qo‘shasiz.