Yoshlar ovozi
Yodingizda bo‘lsa, jurnalimizning 2022-yil 6-sonida maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda respublika bolalar va o‘smirlar nashrlari hamkorligida “Yozgi ta’tilni milliy tiklanish bilan” loyihasi doirasida insholar tanlovini e’lon qilgan edik. O‘tgan vaqt mobaynida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining elektron manziliga 8 mingdan ortiq insholar kelib tushdi. Shulardan bir qismini “Gulxan”ning ijodiy xodimlari o‘qib chiqdi hamda eng yaxshi yozilgan insholarni belgilab, tanlovning saralash hay’ati a’zolariga topshirdi. Mavzular juda qiziq va dolzarb edi. Tanlov ishtirokchilari mavzuni yoritishda turli manbalardan foydalanishgan. Biz ko‘proq tanlovning asosiy sharti – mustaqil fikrlab yozilgan insholarga e’tibor qaratdik. Ayni kunlarda hay’at a’zolari g‘oliblarni aniqlashga bel bog‘lashgan. Biz esa saralash jarayonida eng yaxshi deb tanlangan insholardan ayrim parchalarni e’lon qilmoqdamiz.
Korrupsiya, seni yomon ko‘raman
Ma’naviyatimizning shakllanishida, hayotimizning yanada yaxshilanish yo‘lida to‘sqinlik ko‘rsatayotgan qabih illatlardan biri korrupsiyadir. Bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solgan bu illat azaldan jamiyat va davlat ravnaqiga to‘sqinlik qilib kelayotgan eng jirkanch omillardan biri.
Turk yozuvchisi Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi” asarida I jahon urushi davrlari aks ettirilgan. Aynan o‘sha davrda ham insoniyat orasida korrupsiya mavjud bo‘lganligini asar bosh qahramoni bo‘lmish Feridening muallimlik kasbiga erishish yo‘lida chekkan qiyinchiliklaridan anglab olish mumkin. Inson bir kasbni egallashida poraxo‘rlikning ustun bo‘lishi ham korrupsiyaning asosiy qismi hisoblanadi. Bilamizki, shaxs, jamiyat hamda davlat tushunchalari o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Shu sababli jamiyatning biror a’zosiga tasir qilgan illat, albatta, butun jamiyatga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
Korrupsiya illatiga qul bo‘lgan amaldorlar davlat, xalq ishonchini suiiste’mol qilib, o‘z manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo‘yadilar. Bu esa davlat siyosatining o‘sha amaldorlar boshqarayotgan bo‘g‘inida ish faoliyatining buzilishiga olib keladi hamda vatanga daxldorlik va kelajakka ishonch so‘nadi. Oliy o‘quv yurtlarida talabalardan pora olgan boshqaruvchilar harom yo‘l bilan topganlarini oilasida o‘z farzandlariga yedirayotganini tushunmaydi. Bunday oilada o‘sgan o‘g‘il-qizlar ertaga undan-da poraxo‘r bo‘lib o‘sadi. XX asr boshida Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining “Padarkush” asarida: “Bizlarni xonavayron, bevatan va bandi qilgan tarbiyasizlik va jaholatdur”, – deb ta’kidlab o‘tganlar. Yosh avlodning ongini ham mana shunday jaholatga boshlovchi illatlar bilan zaharlash, ularning kelajagi uchun yomon ta’sir o‘tkazadi.
Yoqutxon QODIROVA,
Toshkent shahar Yunusobod tumani
274-maktab 11-sinf o‘quvchisi
***
Internet foydami yo zarar
“Internet” deb nomlanuvchi global tarmoq kundalik hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgurgan. Ko‘cha-ko‘yda yurganimizda aksariyat yoshlarning qo‘lida telefon ko‘ramiz. Ular telefondan mukkasidan ketib foydalanishadi. Ushbu tarmoqdan foydalanuvchilarning 10 %i unga qaram bo‘lganligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Ularning uchdan bir qismi Internetni uy, oziq-ovqat va suv kabi muhim, deb biladi. Janubiy Koreya, Xitoy va Tayvanda unga qaramlik allaqachon milliy muammoga aylangan.
Internet orqali ko‘plab tillarni o‘rganishimiz, qiziqarli ma’lumotlardan, dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lishimiz, chet eldagi qarindoshlarimiz bilan bemalol bog‘lana olishimiz mumkin. Men “Google” tarmog‘ida ingliz tilida ko‘plab IELTS materiallaridan foydalanaman, undan tashqari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Marhamat opa Almatova tuzgan test topshiriqlarini ishlab, yo‘l qo‘ygan xatolarimni Internet orqali tuzataman. “YouTube” tarmog‘ida onlayn ona tili ma’ruza darslarini kuzatib boraman. Ba’zida elektron kitoblar o‘qib, dunyoqarashimni kengaytiraman.
Elmira ALYOROVA,
Toshkent viloyati Chinoz tumani
32-maktab 10-sinf o‘quvchisi
***
Mening kutubxonam
Tug‘ilib o‘sgan zaminga hurmat oiladan boshlangani kabi kitobga bo‘lgan ijobiy munosabat, muhabbat ham oilada shakllanadi. Uydagi kitob javonida taxlanib turgan turli xildagi adabiyotlarni ota yoxud onamiz vaqti-vaqti bilan mutolaa qilayotganini ko‘rib, kitobning sehriga maftun bo‘lganimizni sezmay qolamiz. Bo‘sh vaqtimizni yangi adabiyot mutolaasi bilan o‘tkazish barobarida kitobdan tengsiz va cheksiz bilim olamiz. Bu esa dunyoqarashimizni kengaytiribgina qolmay, atrofda sodir bo‘layotgan voqeliklarga o‘zgacha ko‘z bilan qarashga, turli vaziyatlarda tegishlicha xulosa chiqarib, to‘g‘ri yo‘l tutishga o‘rgatadi. Bobom ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lganlar, uyimizda mo‘jazgina kutubxona bor. Men bobomni ko‘rmaganman, lekin u kishini fidoyi ustoz sifatida eslashadi. Biz – nabiralarining kitob bilan oshno bo‘lishimizni juda-juda xohlagan bo‘lsalar kerak, deb o‘ylab qolaman.
Mening kutubxonam – mening nurxonam. U yerda men cheksiz ummonlar osha suzishim, koinotlar aro parvoz qilishim, bir gal o‘tmishga sayohat qilsam, boshqa safar kelajak ajoyibotlaridan bahramand bo‘lishim mumkin. Yoz chillasida qahraton qish haroratini his qilishim mumkin.
Televizorda xorij davlatlaridagi qulay sharoitga ega, boy kutubxonalarni ko‘rib, bizda, hatto chekka qishloqlarda ham shunday kutubxonalar bo‘lsa edi, deb orzu qilaman. Yana bir kichik orzumni aytsam, “Sohibjamol va Maxluq” multfilmidagi Maxluq Bellni taklif qilgan kutubxonaga tushib qolishni juda-juda xohlar edim.
Yulduzxon MIRZAYEVA,
Xorazm viloyati Bog‘ot tumani 3-AFCHO‘IM
9-sinf o‘quvchisi
***
Korrupsiya, seni yomon ko‘raman
Korrupsiyaga aloqador, unga qo‘l urgan odam qonunni buzishdan tashqari, o‘zining kimligini, e’tiqodini, ma’naviyatini qay darajada ekanini oshkor qiladi. Bunday odam, nafaqat, moliyaviy ziyon-zahmat yetkazadi, balki davlatni behurmat qilib, obro‘sini to‘kadi, unga non-tuz berib katta qilgan, ilm-u hunar, obro‘ va mansab bergan el-yurtning yuziga oyoq qo‘yadi. Oliy o‘quv yurtida talabadan yo uning ota-onasi pora olgan dekan hamda boshqa mansabdor shaxs uchun iymon, vijdon, insoniylik degan tuyg‘ular bo‘lmaydi. Ular noto‘g‘ri yo‘lga kirganlarini va kun kelib jazolanishlari muqarrarligini hali anglab yetishmagan, afsuski.
Dunyoda rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini tanlagan har bir davlat korrupsiya, ta’magirlik, poraxo‘rlik kabi salbiy illatlarga qarshi murosasiz kurash olib boradi. Aks holda, bunday jirkanch illatlarning tomir otishiga yo‘l berilsa, o‘sha joyda taraqqiyot va rivojlanish boy beriladi. Shuning uchun biz mustaqil o‘lkamiz bo‘lmish O‘zbekistonning rivojlanishi va taraqqiy topishiga ko‘maklashishimiz lozim. Korrupsiya va boshqa illatlarni tag-tomiri bilan yulib tashlashimiz darkor.
Bugungi kunda ham Prezidentimiz biz yoshlarga ishonch bildirganlar. Biz u kishining ishonchlarini oqlashimiz shart va zarur. Avvalo, biz hozirdanoq o‘qib-uqib, chuqur bilimga ega bo‘lishimiz lozim. Aql-idrokimizni ishga solib, faqat ezgulik sari intilsakkina, korrupsiya, poraxo‘rlik, ta’magirlikni yo‘limizdan olib tashlashimiz mumkin. Kelajak yoshlar qo‘lida ekan, demak, biz kelajak poydevorini birgalikda ezgu niyatlar bilan, qo‘lni qo‘lga berib mustahkam quramiz.
Kumush KAMOLOVA,
Buxoro viloyati Kogon tumani
21-maktab 9-sinf o‘quvchisi
***
Internet foydami yo zarar
Internet bu – bitmas tuganmas manba, ma’lumot, bilim olish uchun qulay vositadir. Hozirgi zamonda internetdan xohlagan ma’lumotni topishingiz mumkin. Odamlar bir-biridan minglab kilometr uzoqlikda bo‘lsalar ham muammosiz muloqot qilishlari mumkin. Biroq internetning zarari ham yetarlicha. Internetdan foydalanuvchilarning qariyb 10 foizi uni uy, oziq-ovqat va suv kabi muhim, deb biladi. Internetga muk tushib uzluksiz foydalanish o‘smir mushak skelet tizimiga salbiy ta’sir qiladi. Kompyuterdan chiqayotgan nur ham ko‘zlarimizga anchagina zarar yetkazishi mumkin.
Yoshlar kattalarga qaraganda internetdan ko‘proq foydalanadi. Aksariyat o‘smirlar ko‘p vaqtlarini internetga sarflaydilar. Butun dunyo tarmog‘i bolaning ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga to‘la. Bundan tashqari, doimiy ravishda virtual olamda bo‘lish bolalarning dunyoqarashini o‘zgartiradi va odamlar bilan muloqot qilish qobiliyatini yo‘qotadi.
Gulxayo OLIMJONOVA,
Namangan viloyati Davlatobod tumani
58-maktab 7-sinf o‘quvchisi
***
Mening kutubxonam
Uyimizda rahmatli buvijonimdan qolgan kutubxona bor. Buvijonim kitoblarni xuddi kutubxonadagidek qilib: “Jahon adabiyoti”, “Bolalar adabiyoti”, “Mumtoz adabiyot”, “Rus adabiyoti” deb bo‘limlarga ajratib qo‘yganlar. Dadajonim bu kitoblarni onamdan yodgorlik, deb avaylaydilar, ko‘p vaqtlarini shu xonada o‘tkazib, tinimsiz kitob o‘qiydilar. Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlardan kimdir kitob so‘rab chiqsa, qora charm jildli umumiy daftarga ism-familiyasini, kitob nomini yozdirib “Oldim, o‘n kun(yo o‘n besh kun)da o‘qib qaytarib olib kelaman”, deb qo‘l qo‘ydirib oladilar.
Bir kuni tog‘am kelin tushirgan edilar. Oradan uch-to‘rt hafta o‘tgach ularnikida qandaydir yig‘in bo‘ldi. Kelinoyim dasturxonlar yoziladigan turli o‘lchamdagi xontaxtalarni tenglashtirish uchun ularning oyoqlari ostiga kitoblar qo‘ygan ekan, otamning jahllari chiqib ketib: – Ota-bobolarimiz qahatchilik paytlari nosfurushlar yalinib kelganda ham, gugurtning bahosi osmonda bo‘lgan chog‘lari tutantiriqqa so‘raganlarida, evaziga mana buncha pul beramiz deyishganda ham bu kitoblarni bermaganlar. Har ko‘rganlarida peshonasiga surtib, tavof qiladigan bu tabarruk kitoblarni oyoq ostiga qo‘ysangiz nonko‘rlik bo‘ladi-ku, – deya qattiq koyigan edilar.
Darsdan so‘ng tezroq uyimga, kutubxonamga oshiqaman, ba’zida sinfdosh do‘stlarimni ham uy kutubxonamizga chorlayman. O‘zim o‘qigan, tahlil qilgan, dunyoqarashimni o‘zgartirgan kitoblarni o‘qishga da’vat etaman. Do‘stlarimni ham kitob sotib olishga, kichkina bo‘lsa-da uy kutubxonasi tashkil etishga undayman. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchimiz har yili yozgi ta’tilda o‘qiladigan kitoblar ro‘yxatini yozdiradilar. Shunda kutubxonamdagi kitoblarni bir ko‘zdan kechiraman, ro‘yxatda yo‘qlarini dadamga aytsam og‘rinmay olib beradilar. Uyda ota-onam kitobxon, men ham ularga ergashaman. Lekin ba’zi do‘stlarimga achinaman, kitob o‘qishga emas, har xil telefonga qiziqishadi, saytlarga kirib turli o‘yinlar o‘ynashadi, o‘qigan kitoblarimdan gapirsam masxara qilishadi. Eng so‘nggi urfdagi telefonlarini ko‘rsatishib maqtanishadi. Bu balki ular uchun yaxshidir. Lekin men o‘zim uchun kitoblar yig‘ib, butun bir olamni kashf qilgandekman. Kitoblarim, kutubxonam haqida dilimdagi so‘zlarimni yon daftarimga yozib qo‘yganman.
Sevinch Temirova,
Buxoro shahar 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi