Tabrik
Aziz bolajonlar!
Sizlarni boshlanayotgan yangi – 2022-2023-o‘quv yili bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Yozgi ta’tilda maroqli hordiq chiqarib, sentyabrni, maktab boshlanishini, qadrdon do‘st-u dugonalar bilan uchrashishni intiqlik bilan kutganingiz aniq. Sevimli va qadrli ustozlaringizni, sog‘inganingiz mashg‘ulotlarini qo‘msaganingiz ham bor gap. Bu tabiiy, albatta. Chunki ustoz-murabbiylaringiz sizning ong-u shuuringizga, qalbingizga ezgulik urug‘ini sochuvchi, yo‘lingizni yorituvchi porloq kelajakni ko‘rsata olgan ziyokorlardir .
Sharqshunos olim Kindiyning fikricha, insonda ijobiy sifatlarni tarkib toptirishning eng zarur omili – aql kuchining rivojlanishidir. Bu esa ta’lim-tarbiya orqali amalga oshiriladi. Ta’lim-tarbiyaning ilk poydevori ota-ona, qolaversa, ustoz-murabbiylar yordamida quriladi. Shu bois, aytmoqchimanki, aziz bolajonlar, ota-ona va o‘qituvchilaringiz o‘gitlariga amal qiling. Siz ularning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaruvchi siz. Buni esdan chiqarmang!
Siz zamonaviy ilm-fan, yuqori texnologiyalarni egallagan ustozlar qo‘lida tahsil olar ekansiz, har soniyani qadrlang.
Aziz o‘quvchilar!
Ishonamanki, siz Yangi O‘zbekistonning o‘zgacha qiyofasini yaratishda jonbozlik ko‘rsatasiz. O‘z iqtidoringiz, mehnatingiz, yangicha yogdashuvingiz-u tashabbuskorligingiz bilan barchaga namuna bo‘lasiz.
Nigora SAIDXODJAYEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Xalq o‘qituvchisi
Toshkent shahar Sergeli tumanidagi
300-maktab direktori