Tadbirkor
O‘quv yilining to‘rtinchi choragi ham yakunlanishiga oz qoldi. Maktabning katta zalida bu yilgi bitiruvchilar bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda maktab direktori, barcha fan o‘qituvchilari va yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etishdi. Majlisda bir nechta fandan imtihon o‘tkazilishi va unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish lozimligi uqtirildi. Ayniqsa, bitiruvchi sinf o‘quvchilariga ancha qiyin bo‘lishini, 5-sinfdan boshlab hozirgi kungacha o‘tilgan darslardan savol-javoblar o‘tkazilishi, bunga esa jiddiy tayyorgarlik lozimligi uqtirildi.
Gulshan Shodiyevna sinfga kirib o‘quvchilariga kimyo fanidan imtihon o‘tkazish uchun tayyorlangan biletlarni tarqatdi. Biletlarning har birida uchtadan savol.
– Voy-bu, biz bu yil sakkizta fandan imtihon topshirar ekanmiz. Har bir fandan qirqtadan bilet savollariga javob topishga, uni o‘rganishga qanday qilib vaqt topamiz, – dedi Jasur ko‘zlarini katta-katta ochib.
– Mana shuning uchun ham har bir mavzuni diqqat bilan o‘rganing, dars qoldirmanglar, deb qayta-qayta takrorlar edim. Mavzularni yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchi imtihonda qiynalmaydi, “Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir”. Harakat qilsangiz, hammasiga ulgurasiz... – dedi o‘qituvchi.
Tanaffus paytida sinf g‘ala-g‘ovur, shovqin-suron bo‘lib ketdi. O‘quvchilar, “Qisqa vaqt ichida shuncha savollarga javob topish, ularni daftarga ko‘chirib chiqishning o‘zi bo‘ladimi”, deya bir-birlariga savol berishardi. Shu payt Sherzodning xayoliga bir fikr keldi. “Amakisi maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Uning uyida hamma darsliklar topiladi. Amakimdan yordam so‘rayman, qo‘lbola “shpargalka” tayyorlab, uni maktabdagilarga sotaman. Shu bahonada ancha-muncha pul ham ishlab olaman...”
Sherzod maktabdan chiqib to‘g‘ri amakisining uyiga bordi. Jiyanlarini o‘ynatib o‘tirgandi, amakisi ham ishdan kelib qoldi. Ovqatlanib bo‘lishgach, Sherzod maqsadini amakisiga hayajon bilan gapirib berdi. Jiyanining gaplarini eshitgan Jalil aka biroz o‘ylanib turdi-da:
– Qanday bo‘larkin? O‘zimda yo‘q darsliklarni maktab kutubxonasidan olib turishimiz mumkin. Vaqt juda kam. Xo‘sh, juda ulgurmasak internet orqali savollarga javob topamiz. Kitobcha shaklida chiqarish uchun printerimiz bor. Bizga ko‘proq qog‘oz ham kerak bo‘ladi... – dedi Sherzodga tikilib. – Sen unda uyingga borib ota-onangdan 2-3 kunga ruxsat olib kel. Ishni hozirdan boshlaymiz, – dedi. Amaki-jiyan tuni bilan kitob va internet titkilab ancha-muncha biletlarga javob to‘plashdi. Ularni tezlik bilan kompyuterda sahifalab, kichkina hajmdagi kitob holiga keltirishdi...
Ertasi kuni Sherzod turli fanlardan tayyorlangan qo‘lbola “shpargalka”larning har biridan uch donadan olib maktabga bordi. Kitob titkilab o‘tirgan sinfdoshlarining yoniga borib qo‘lidagi “kitobcha”ni ko‘rsatib maqtandi.
– Mana bunga yaxshilab qaranglar. Buning ichida hamma savollarga javob bor. Kitob titkilab, o‘qib, javob qidirib o‘tirmaysizlar. Faqatgina daftarga ko‘chirasiz xolos...
Bolalar bir zumda Sherzodning atrofini o‘rab olishdi. Ko‘rishdiki, bu “qo‘llanma” ancha qulay.
– Voy, buni qayerdan olding, bizga ham olib kel, – chug‘urlashdi bolalar. Sherzod esa gerdayib har birini o‘n ming so‘mdan sotilishini aytdi.
– Nega buncha qimmat? Qog‘ozlari sifatsiz, yozuvlari xira. Ko‘chirishga odam juda qiynaladi-ku. Axir sakkizta fanning kitobchasi sakson ming so‘m bo‘ladi-ku, – dedi Nozima norozi bo‘lib. Sherzod esa parvo qilmay:
– Ha, sen nima deb o‘ylaganding? Buni to‘plashni o‘zi bo‘lmadi axir. Qidirib-qidirib zo‘rg‘a topdim! Kimga kerak bo‘lsa, hoziroq ayting, keyin topib bo‘lmaydi... – dedi. Sinfdagi hamma o‘quvchilar bir ovozdan oladigan bo‘lishdi. Bunday dastyor “shpargalka”ga boshqa sinf o‘quvchilari ham xaridor bo‘libdi... Ketma-ket fanlardan imtihonlar o‘taverdi. Natijalar esa o‘qituvchilarni hayratlantira boshladi. Negadir to‘rtta sinf o‘quvchilarining javoblari bir xil. To‘g‘ri javoblar ham, noto‘g‘ri javoblar ham. Sherzod esa parvoyi palak, o‘zini ishbilarmon tadbirkordek his etib, pul ishlash bilan ovora edi. Natijalardan hayron qolgan maktab direktori o‘qituvchilarga imtihon vaqtida o‘quvchilarni diqqat bilan kuzatishlarini buyurdi. Keyingi imtihon kuni o‘qituvchilar hech bir o‘quvchini nazardan chetda qoldirmay kuzata boshlashdi. Gulshan Shodiyevna o‘quvchilardan biri paypog‘ining ichidan nimanidir olganini ko‘rib qoldi. Yoniga bordi-da, Jasurning qo‘lidagi kichkinagina kitobchani olar ekan, gap nimadaligini tushundi. Shundan so‘ng zaldagi o‘quvchilarga yuzlanib:
– Kimda mana bunday “shpargalka” bo‘lsa tezda menga topshirsin. Bo‘lmasa, hammani o‘zim tintib chiqaman. Ataydan berkitgan o‘quvchi imtihondan butunlay chetlashtiriladi, – dedi. Vaziyatni tushungan o‘quvchilar birma-bir berkitib qo‘ygan “qo‘llanma”larini o‘qituvchiga olib borib topshirishdi. Voqeadan xabar topgan maktab direktori zalga kirib keldi-da:
– Eng yomoni nima, bilasizlarmi, bolalar! O‘zingizni aldash. Qachonki, odam o‘zini aldashni boshladimi, u ertaga ikkilanmay oilasi, yaqinlari, do‘stlari, vatanini aldashga harakat qiladi. Afsuski, qo‘llaringizdagi “shpargalka”dagi javoblarning ko‘pchiligi xato. Internetdan pala-partish ko‘chirib olingan javoblar. Kimdir buni o‘z manfaati yo‘lida vijdonsizlarcha tayyorlagan. Shuni bilingki, hali hayotingiz oldinda. Yashash davomida shunday to‘siq va sinovlarga duch kelasizki, hech qanday “shpargalka” sizga yordam berolmaydi. Aksincha, bilim olishdan, mehnatsevarlikdan chalg‘itadi. Faqatgina bilim, qat’iyat va o‘zingizga bo‘lgan ishonchgina sizni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi... Afsuski, oldingi fanlardan o‘tkazilgan sinovlarni shu tariqa topshirdinglar. Biz bu imtihonlar o‘tkazilmadi deb, hisoblaymiz. Istisno tariqasida qayta imtihon topshirasizlar! Kimgadir ishonib, kichkina vaqtdan yutaman deb, katta vaqtni qo‘ldan boy berdinglar. Qani, endi, sizlarni shu ahvolga solib qo‘ygan odam biror-bir yordam bera olarmikin?..
O‘quvchilar birdan Sherzodga qarashdi. Sherzod esa ko‘zini qayerga olib qochishni bilmay zaldan yugurib chiqib ketdi...
Nilufar JABBOROVA