Tafakkur qanotlari
Olimlarning olib borgan so‘nggi tadqiqotlariga ko‘ra, XXI asrda yashayotgan odamlarning miyasiga ilgari taxmin qilingan hajmdan 10 barobar ko‘p miqdorda ma’lumot sig‘ar ekan. Ularning ta’kidlashicha, miyamiz 1 petobayt, ya’ni 1 mln gigobayt ma’lumotni joylashtira olishi mumkin. Bu degani, eng so‘nggi, zamonaviy 100 ta kompyuter xotirasi bilan teng.
Axir, bir nechta tilni mukammal bilish, yuzlab kitoblar mutolaa qilish, kompyuterlashtirilgan murakkab dasturlar yaratishning o‘zi bo‘ladimi?! Mana bugun jahon matbuoti 11 yoshida “American River College”ni uchta kichik mutaxassislik bo‘yicha tugatgan amerikalik Tanishik Abraham haqida tinmay yozyapti. 12 yoshida bir vaqtning o‘zida ikkita universitet – US Davis hamda US Santa Kruz universitetlariga o‘qishga qabul qilindi. U yuqori intellektual koeffitsiyentga ega iste’dodlilar xalqaro tashkilotining eng kichik a’zosi. 4 yoshida ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan. Sayyoramizning eng yosh daholaridan biri hindistonlik Akrit Yasval esa 12 yoshida Tibbiyot universitetiga o‘qishga kirib, 17 yoshida Amaliy kimyo bo‘yicha magistr darajasini oldi. Yoki bo‘lmasa, 10 yoshida yadro bombasining loyihasini tuzib, 14 yoshida termoyadroviy qurilmani yaratgan Teylor Uilsonni aytmaysizmi? Ular inson miyasi imkoniyatlarini ochib berayotgan noyob bolalar – fenomenlar, vunderkindlar deyiladi. Bizning diyorimiz ham buyuk daholarga beshik bo‘lgan zamin. Bugun xalqaro tanlovlar, musobaqalarda jahonda birinchi, deb tan olinayotgan yoshlarimiz ana shunday allomalarning vorislari. Masalan, Mansur Jumaboyevni olaylik. U Germaniyadagi Shtutgart media universitetining Onlayn – media menejment yo‘nalishida tahsil olyapti. Mansurning bolalik yillari bepoyon bug‘doyzorlarda ota-onasi olib borgan ilmiy tadqiqotlar ichida o‘tadi. Shuurida o‘sha paytlarda “men ham olim bo‘laman! “degan qaror oilaviy muhit ta’sirida ildiz otgan bo‘lsa, ajabmas. Chunki otasi seleksioner olim, onasi ham shu sohada faoliyat yuritgan tadqiqotchi edi. Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanidagi 16-maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq Germaniyada o‘qish orzusi paydo bo‘ladi. O‘zbekiston Jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgach, Aupair dasturini yutib oladi va Germaniyada o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Mansur tahsil olayotgan yo‘nalish an’anaviy media sohasi hisoblangan matbuot, televideniye, radioni internet bilan uyg‘unlashtirish va boshqarishdan iborat. Mansur akangiz Germaniya tajribasini mukammal o‘zlashtirib kelib, yurtimizda tatbiq etish niyatida...
Namanganlik Dostonbek Olimjonov ham hozirda Yaponiyada tahsil olmoqda. Dostonbek Uchqo‘rg‘on tumanidagi 12-maktabning a’lochi o‘quvchilaridan bo‘lgan. U Asahikawa Til maktabida tashkil etilgan yapon tili va madaniyati treningida qatnashish uchun Yaponiya hukumati granti sohibiga aylandi. Hozirda maktabning 3-ingliz tili fakultetida tahsil olyapti. O‘zbekiston Jahon tillari universitetining IELTS xalqaro ingliz tilini o‘qitish dasturi maxsus bo‘limida o‘qishni boshlagan paytlaridayoq u ikkinchi til sifatida yapon tilini tanladi. Universitetda o‘tkazilgan “Kalligrafiya”, “Sharq tillari festivali” “Yapon tili notiqlik san’ati” musobaqalarida tashkilotchi, boshlovchi sifatida o‘zini sinab ko‘rdi. Dostonbek Yaponiyadagi o‘qishini tamomlagach, o‘z sohasi bo‘yicha magistraturada tahsil olib, yurtimizda chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shmoqchi. U ingliz tilini o‘rganishda qo‘llaniladigan o‘quv dasturlar, multimedialar, elektron darsliklar yaratishda ishtirok etishni maqsad qilib qo‘ygan.
Bugun dunyoga mashhur Garvard universitetining magistratura bosqichida o‘qiyotgan jizzaxlik Sherzod Odilov bilan ham faxrlansak arziydi. Xalqaro moliya yo‘nalishida tahsil olayotgan Sherzod akangiz ikki yil Arkanzas universitetida talabalarga dars bergan. Uning orzusi moliya sohasida xalqaro tajribalarni o‘rganib, O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish.
Bu misollar hali dengizdan bir tomchi. Yuksak bilimi, iste’dodi bilan yuqori cho‘qqilarni zabt etayotgan yoshlarimiz minglab topiladi. Ular mustaqillik voyaga yetkazgan bolalar – Vatan istiqbolidirlar!