Bundan ortiq iftixor bormi?!
2016-yil 23-avgust. Toshkent xalqaro aeroporti. Atrofni tun pardasi qoplagan bo‘lsa-da, terminal va samolyot yo‘laklari yuzlab chiroqlar nuridan charog‘onlashgan. Bu yerda O‘zbekiston iftixorlari – Olimpiya chempion va sovrindorlarini kutib olish uchun yuzlab yurtdoshlarimiz to‘planishgan. Nihoyat, ko‘ksiga “Uzbekistan” yozuvini muhrlagan samolyot yerga qo‘nadi. Qahramonlarimiz yuksak e’zoz bilan qarshi olinadi. Yurt sha’nini jahon arenalarida munosib himoya qila olgan farzandlar nomiga iliq va samimiy fikrlar bildiriladi. XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida jami 13 medalga egalik qilgan Vatanimiz sportchilarining jasorat va fidoyiligi chinakam tahsinga loyiq. Ular bizning faxrimiz, g‘ururimiz. Keling, musobaqa kunlarini yana bir bor yodga olaylik.
O‘zini sportga do‘st tutgan inson borki, yozgi Olimpiya o‘yinlarining qadri va ahamiyatini yaxshi tushunadi. Chunki unda dunyoning barcha mintaqalaridagi sportchilar teng maqom ostida ishtirok etadi. O‘z yurti, o‘z xalqi nomidan musobaqa arenasiga ko‘tarilayotgan har bir sportchi g‘alaba umidida jang o‘tkazadi. Ortida butun xalqi, oila a’zolari, yaqin insonlari ko‘z tutib turganligini, ular ham mazkur kunlarning har damini ming hayajon bilan o‘tkazayotganligini yaxshi his qilib turadi. Ishonch, mardlik, jasorat va fidoyilik, barchasi bir nuqtaga jamlangan bu damlarning mukofoti juda katta. Olimpiya chempioni o‘z yurtiga cheksiz mashhurlik olib keladi. O‘zga yurtlar odamlarining havasi, mehri, olqish va hayqiriqlari teleekran orqali butun dunyoga tarqaladi. Lotin Amerikasining chekka qishlog‘ida yashayotgan o‘spirin o‘zbek bokschisining katta jasoratidan hayratlanib, xaritadan “O‘zbekiston” nomini qayta izlab qoladi. Og‘ir atletikachimiz Ruslan Nuriddinovning rekordini Yangi zelandiyalik ota o‘z o‘g‘liga namuna sifatida ko‘rsatadi. Bir so‘z bilan aytganda, jahon mintaqasida yurtimizning yangi sahifasi, yangi davri boshlanadi. O‘zbekiston dunyoga, dunyo O‘zbekistonga o‘z eshiklarini yanada kattaroq ochadi. Bu lavhalar chinakam faxr, iftixor. Sportning qudrati, chinakam mo‘jizasi.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan bu galgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbek sportchilari akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, baydarka hamda kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, trampolin, o‘q otish, erkin va yunon-rum kurashi kabi jami 17 ta sport turi bo‘yicha bahslarga kirishishdi. Dunyoning ikki yuzdan ortiq davlatidan kelgan o‘n bir ming nafardan ziyod sportchilar 306 ta medal uchun kurash olib borishdi. Raqobat juda kuchli. Qatnashchilar orasida o‘z yo‘nalishida jahon reytingida yuqori o‘rinlarda turadigan tajribali sportchilar talaygina. Endi tasavvur qilib ko‘ring, mana shunday murakkab va qiyin bahslarda sovrindor, ayniqsa, chempion bo‘lish osonmi?
Bu savollarga faqat o‘z mehnati va mahorati bilan javob berishga ahd qilgan sportchilarimiz yeng shimarib maydonga chiqishdi. O‘zbekiston hisobiga birinchi sovrin – bronza medallarini hamyurtlarimiz Diyorbek O‘rozboyev va Rishod Sobirovlar olib berdi. Bu dzyudochilarimiz vazn toifalarida ko‘plab nomdor sportchilarni mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Braziliyada o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza – jami 13 ta medalni qo‘lga kiritib, 207 davlat orasida 21-, Osiyoda 4-, MDH mamlakatlari orasida 2-, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi. Boks jamoalari o‘rtasidagi reytingda O‘zbekiston dunyoda 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida ayniqsa, bokschilarimiz o‘z muvaffaqiyatlari bilan bizni xushnud etdi. Mamlakatimiz hisobiga birinchi oltin medalni yozib qo‘ygan 23 yoshli Hasanboy Do‘stmatov chinakam ma’noda yurtdoshlarimiz mehriga sazovor bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U 49 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi so‘nggi boks musobaqasini kolumbiyalik Yuberxen Martines Rivasga qarshi o‘tkazdi. Barchamiz uchun hayajonli o‘tgan jang o‘zbekistonlik bokschining to‘liq ustunligida o‘tdi va hakamlar yakunda g‘alabani Hasanboy Do‘stmatovga berishdi. Yakuniy baho – 3: 0–29: 28, 30: 27, 30: 27. Olimpiadalar tarixida boks bo‘yicha birinchi va oxirgi oltin medalni o‘zbekistonlik sportchi Muhammadqodir Abdullayev 16 yil avval – Sidney Olimpiadasida olgandi. Yangi chempionimiz o‘zi orzu qilganidek hamyurti Muhammadqodirning natijasini takrorladi. Bokschilarimiz Shahobiddin Zoirov (52 kg) hamda Fazliddin G‘oyibnazarov (64 kg)lar ham musobaqaning oltin medallari bilan taqdirlanishdi va Olimpiya chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Boks bo‘yicha 69 kg vazn toifasida Shahram G‘iyosov va 75 kg vaznli Bektemir Meliqo‘ziyevlar esa kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, boks bo‘yicha Murodjon Ahmadaliyev (56 kg) va Rustam To‘laganov (91 kg)lar bronza medallariga ega bo‘lishdi. Eng qiziqarli bahslardan biri – erkin kurash bo‘yicha bahslarga kirishgan hamyurtlarimiz Ixtiyor Navro‘zov (65 kg) va Magamed Ibragimov (97 kg)larga ham musobaqaning bronza medallari topshirildi. So‘nggi bronza medali esa yunon-rum kurashi ustasi Yelmurat Tasmuradov (59 kg)ga nasib etdi.
Olimpiya o‘yinlari rekordini yangilagan sportchimiz Ruslan Nuriddinovga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo havas bilan boqdi. O‘z raqiblaridan katta farq bilan ustun kelgan Ruslan musobaqa so‘ngida olamshumul rekord o‘rnatdi. Og‘ir atletika bo‘yicha vazni 105 kg. gacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida bahs yuritgan Ruslan dast ko‘tarishda 194, siltab ko‘tarishda 237 kg og‘irlikni bo‘ysundirib, nafaqat Olimpiya chempioni, balki Olimpiya o‘yinlari rekordchisi sifatida e’tirof etildi.
Shunday qilib, navbatdagi – XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Bu Olimpiada ham ko‘plab g‘alabalar qatorida achchiq mag‘lubiyatlarni-da o‘z boshidan o‘tkazdi. Kimdir cheksiz shodlandi, kimningdir ko‘z yoshlari milliardlab yuraklarni to‘lqinlantirib yubordi. Nima bo‘lganda ham o‘sha lahzalarda Rio osmonida quyosh har galgidan o‘zgacharoq, yorqinroq nur taratdi. O‘zbekiston esa qo‘lga kiritgan o‘z yutuqlari natijasida (to‘rtta oltin, ikkita kumush hamda yettita bronza medali) umumjamoa hisobida 21-o‘rinni egalladi. Ya’ni sport bo‘yicha jahonning eng kuchli yigirma bir davlati orasidan joy oldi. Endi o‘zingiz ayting: bundan ortiq iftixor bormi?!
XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida erishgan g‘alabalari, sportda ko‘rsatgan ulkan mahorat va mardligi, xalqaro sport maydonlarida O‘zbekiston nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirishga qo‘shgan katta hissasi uchun barcha Olimpiya chempion va sovrindorlari Davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Farhod ESHMO‘MINOV