G‘oyalarga sodiqmiz
Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik to‘yini nishonlayotgan kunlarimizda xalqimiz boshiga og‘ir musibat tushdi. Tayanchimiz, ishonchimiz, suyangan tog‘imiz, ma’naviy madadkorimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafot etdi. Kutilmagan qayg‘uli xabar bir zumda nafaqat mamlakatimizni, balki butun dunyoni larzaga soldi. Toshkent va Samarqand shaharlari ko‘chalarida o‘n minglab vatandoshlarimiz chuqur qayg‘u va ko‘z yoshlar ichida Prezidentimiz bilan vidolashdilar. Respublikada uch kunlik motam e’lon qilindi. Marosim tadbirlari, xalqimizning iztirobli vidolashuvlari O‘zbekiston televideniyesining barcha kanallari orqali namoyish etib borildi. Motam marosimida butun dunyo mamlakatlarining rahbarlari hamda xorijiy davlatlarning vatanimizdagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi. Marosimda so‘zga chiqqanlar Yurtboshimizning oila a’zolariga hamda xalqimizga chuqur hamdardlik bildirdilar. Ular Prezidentimizning butun umri va faoliyati davomida xalqimiz baxt-saodati yo‘lida amalga oshirgan ulkan ishlari haqida so‘z yuritdilar.
Xalqimiz O‘zbekistonning istiqlol yillarida erishgan yutuq va natijalari mamlakatimizning birinchi Prezidenti nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liq ekanligini yaxshi biladi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hamma sohada keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar amalga oshirildi. Bunga birgina misol qilib bolalar va yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan e’tiborni olaylik.
Jurnalimizning har bir sonini muntazam o‘qib borayotgan qadrli muxlislar! Siz juda yaxshi bilasiz, “Gulxan”ning deyarli barcha sonlarida Yurtboshimizning siz bolalar uchun, unib-o‘sib kelayotgan barkamol avlod uchun qilayotgan g‘amxo‘rliklari haqida qayta-qayta aytib o‘tganmiz. Prezidentimiz deyarli har bir chiqishlarida yosh avlodning ertangi kuni uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini amalga oshirish tadbiri haqida atrofidagilarga uqdirib, eslatib, zarur bo‘lsa o‘sha ondayoq kerakli qaror va xulosalarini ta’kidlab o‘tar edilar. Ana shu qaror va xulosalar samarasi sifatida yurtimizdagi ko‘plab maktabgacha ta’lim muassasalari, minglab maktablar qayta ta’mirdan chiqdi, yuzlab san’at va sport maktablari qad ko‘tardi, “Barkamol avlod” markazlari tashkil etildi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qurildi. Endigina 1-sinfga qadam qo‘yayotgan kichkintoylar “Prezident sovg‘asi”ni olib, vatani g‘amxo‘rligini, Yurtboshisi mehrini yurakdan his qildi, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi ortdi.
Hamkasblarimizdan birining bu yil 1-sinfga borishga otlangan Dilnoza ismli qizalog‘i Yurtboshimizning vafotini eshitib yig‘lab yuboribdi va onasiga “Oyijon, endi Prezidentimiz menga sovg‘a bermaydilarmi? ” — deb so‘rabdi. Onasi unga “Qizim, Prezidentimiz hamisha har bir ishni oldindan rejalashtirib, puxta o‘ylab, tayyorlab yurganlar. U kishi O‘zbekistonning 1-sinfga chiqadigan barcha bolalariga o‘z sovg‘alarini tayyorlab qo‘yganlar”, deb javob beribdi. 4-sentabr kuni ilk bora maktab ostonasiga qadam qo‘yib, Prezident sovg‘asini olib qaytgan Dilnoza onasiga qarab, “Oyijon, maktabga borganim uchun buvijonim, siz, dadam, buvam — hammalaringiz menga sovg‘a berdingiz. Lekin menga eng yoqqani bu — Prezidentimizning sovg‘alari bo‘ldi. Chunki men olgan papkaning ichi sovg‘aga liq to‘la ekan”, debdi. Hamkasbimizning gaplarini tinglab biz ham hayajonga tushdik, ko‘zimizga yosh keldi, yuraklarimiz titrab ketdi. Ishonchimiz komil, bu qizaloq maktab ostonasidagi ilk sovg‘asini hech qachon unutmaydi, bir umr qalbida saqlab qoladi.
Yurtboshimiz o‘tgan yillar mobaynida o‘zbek xalqining otasiga aylandilar. Ota oilasi, farzandlari uchun qilishi zarur bo‘lgan vazifa va burchlarini ortig‘i bilan ado etdilar. Eng avvalo, xalqimizni sobiq mustabid tuzum zulmidan ozod qilib, milliy qadriyat va urf-odatlarimizni tikladilar, tarixiy merosimizni xalqimizga qaytarish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rdilar. U kishi boshchiligida chorak asr mobaynida olamshumul o‘zgarish va yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Biz har yili xizmat safari bilan O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi shahar va qishloqlarda bo‘lamiz. Yurtimizning har bir ovul va qishlog‘idagi bunyodkorlik ishlarini ko‘rib hayratda qolgan onlarimiz ko‘p bo‘lgan. Ulkan qurilishlar, katta o‘zgarishlar nafaqat viloyat va tuman markazlarida, balki ona Vatanimizning eng chekkalarida ham birdek amalga oshirildi. Yurtboshimiz hamisha “O‘zbekistonning bolalari — mening bolalarim”, dedilar. Qaysi viloyat yo tumanga bormasinlar, yoshlarni bag‘irlariga bosib, qo‘llarini siqib, “Men sizlarga ishonaman! ” der edilar. Yurakdan aytilgan bu so‘zlar O‘zbekiston yoshlarini hamisha g‘urur va iftixor tuyg‘ulariga chulg‘adi, yangi marralar sari yetakladi, yangi imkoniyatlar eshigini ochishga chog‘ladi. Shuning uchun ham Andijonning Xo‘jaobod tumanidagi 1-maktabda o‘qigan Yulduzoy O‘rmonova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shu bois Surxondaryoning Boysun tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Zilola Xayrullayeva Ozarbayjonda o‘tgan Xalqaro maqom tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyining 8-sinf o‘quvchisi Mohinur Jalolova esa yaqindagina Rossiyaning Vladimir shahrida o‘tkazilgan XV xalqaro yosh rassomlar ko‘rik-tanlovidan oltin medal bilan qaytdi. Shuning uchun yurtimizning turli viloyat va tumanlarida o‘sib-ulg‘aygan yosh sportchilarimiz yaqindagina Rioda o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlaridan shoda-shoda oltin, kumush va bronza medallarini olib, yorug‘ yuz bilan yana bir bor Vatanimizni dunyoga tanitdi. Ularning mardligi va jasoratini butun dunyo ahli ko‘rdi. Bunday misollarni sanayversak, adog‘i yo‘q. Mana shu yutuq va zafarlari uchun xalqimiz dunyolarga bo‘ylashib yashamoqda. Bu yutuq va muvaffaqiyatlar zamirida Prezidentimizning rahnamoligi, yosh avlod uchun yaratilgan keng imkoniyatlar yotibdi.
Bu yilgi yangi o‘quv mavsumi barcha ta’lim muassasalarida Vatanimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira darslari” bilan boshlandi. Unda qatnashgan o‘quvchi yoshlar bir ovozdan quyidagi fikrlarni bildirishdi. Bu mamlakat yoshlarining Yurtboshimizga bergan qasamyodi edi:
– Biz yoshlarning hech kimdan kam bo‘lmay, barkamol avlod bo‘lib yetishishimiz uchun doimo jonkuyar va g‘amxo‘r bo‘lgan Prezidentimiz nomi qalblarimizda umrbod yashaydi. Biz Islom Karimov boshlagan ezgu ishlarni davom ettirishga, orzu qilganlaridek barkamol avlod bo‘lib yetishishga, mustaqil Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga, uning tinchligi va xotirjamligi, porloq kelajagi yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni sarflashga, tanlagan sohamizning yetuk mutaxassisi bo‘lishga, mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrashga, uni yanada mustahkamlashga so‘z beramiz.
Hayotini Vatan ozodligi, yurt tinchligi va el farovonligi yo‘lida baxshida etgan fidoyi, mard, bag‘rikeng va jasur Inson, Buyuk Yo‘lboshchi — Islom Karimov nomi, tabarruk yodi barchamizning qalbimizda abadiy saqlanib qoladi.
Zahro HASANOVA